МАҚОЛАЛАР ONA DUOSI 6 марта, 2021 0 190 Xalqimizda «Oltin olma-duo ol» degan purma’no hikmat bor. Bu qisqagina so’zlar zamirida olam-olam ma’no mujassam. Darhaqiqat, ulug’lar duosini olgan insonlar hayotidan baxt, kasbidan baraka topadi. Oxiratda esa saodatli bandalar qatorida bo’ladi. Har bir inson uchun eng ulug’ bo’lgan, har qancha e’zoz-ehtiromga, izzat va ikromga munosib zotlar, shubhasiz, ota-onadir. Ularning tabarruk xizmatlarini qilib, muborak duolarini olish har bir farzandning asosiy burchi va ulkan saodatidir. Zero, Allohning roziligi ota-onaning roziligidadir. Ularning duolari esa Allohning huzurida shak-shubhasiz mustajob duolardandir. Bu xususda ko’plab hadisi shariflar rivoyat qilingan. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uch xil duoning ijobat bo‘lishida shak-shubha yo‘q: mazlumning duosi, musofirning duosi va ota-onaning farzandi haqqiga qilgan duosi» (Termiziy rivoyati). Darhaqiqat, ota-ona duosi, ayniqsa, onaning duosi nishonga bexato tegadigan kamon o’qi kabidir. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqatni hayot son-sanoqsiz guvohi bo’lgan. Quyida e’tiboringizga havola qilinadigan hayotiy hikoya ham onaning duosi naqadar qimmatli ekaniga dalolat qiladi: “Pokistonlik olim Ishan Husayniy xalqaro anjumanda qatnashish uchun yo’lga chiqdi. Mazkur anjumanda unga o’z sohasida amalga oshirgan buyuk xizmatlari uchun maxsus mukofot topshirilishi kerak edi. Biroq u o’tirgan samolyotni havoga ko’tarilishi bilan yashin urdi va uchoq yaqin oradagi aeroportga qo’nishga majbur bo’ldi. Keyingi reys 16 soatdan so’ng uchishi e’lon qilindi. Bundan uning jahli chiqdi. Qanday qilib bo’lsa ham men o’sha marosimga yetib borishim zarur. 16 soat kuta olmayman axir, – deya e’tiroz bildirdi. Aeroport rahbariyati unga bormoqchi bo’layotgan shaharigacha olti soatlik yo’l ekanini, istasa ijaraga mashina olib, bemalol manzilga yetib olishi mumkinligini maslahat berdi. U darhol yo’lga chiqdi. Lekin bu gal ham omadi chopmadi. Yo’lda ketayotib kuchli yomg’irga duch keldi. Chelaklab quyayotgan yomg’ir va uning oqibatida yuzaga kelgan sel tufayli mashina yurolmay qoldi. Yo’l chetidagi nuray boshlagan uy eshigini qoqib, tezda ichkariga kirdi. Bu uyda bir kampir yashardi. Olim shosha-pisha ayoldan: – Telefoningizni berib turing, bir kishiga zudlik bilan qo’ng’iroq qilishim kerak, – dedi. Kampir jilmaydi: Ko’rmayapsizmi, bolam, bu yerda telefon nima qilsin? Bu yerda hatto elektr chiroq ham yo’q. Biroz dam oling, ovqatlaning, keyin biror chora o’ylab ko’rarmiz. Chorasiz qolgan olim pech yonida isinib, tamaddi qilarkan, xonadon bekasi namoz o’qib, uzundan-uzoq duo qildi. Kutilmaganda olimning ko’zi ayol tebratayotgan beshikdagi harakatsiz yotgan chaqaloqqa tushdi: – Bu bola farzandingizmi? Nega uzoq duo qildingiz? – deya so’radi ajablanib. Kampir: Bu – nabiram. Yaqinda ham otasi, ham onasidan ajraldi. Og’ir kasal. Yaqin atrofda uni davolaydigan shifokor yo’q ekan. Uni faqat Ishan Husayniy degan olim-shifokor davolay oladi, deyishdi. U juda olisda bo’lgani va unga to’lagani pulim bo’lmagani uchun uch kundan buyon Yaratgandan nabiramning ishini o’nglashini so’rab iltijo qilyapman. Husayniyning ko’zlariga yosh keldi: Onajon, o’rningizdan turing. Xudo sizning duoingizni qabul qildi. Sizning duoingiz chaqmoq chaqtirib, samolyotni yerga qo’ndirdi. Sellar oqizib, meni shu yerga kelishimga sabab bo’ldi. O’sha shifokor, Ishan Husayniy – menman!” Bu rivoyat ona duosining ijobati borasida bamisoli dengizdan tomchi. Baxt-u saodatni ota-onasining muborak duolarini olgan har bir kishi o’z hayotida ko’rmasdan qolmaydi. Alloh taolo hammalarimizni ota-onasining xayrli duolariga musharraf bo’lgan, roziliklarini topib O’zining roziligiga sazovor bo’ladigan bandalaridan qilsin. “Qisas allamatniy al-hayat” asari asosida bilim yurti bitiruvchisi G’ofurjonov Muhammadnabiy tayyorlagan.