DINIMIZDA LIBOSNING AHAMIYATI

0
357

Islom shariati butun insoniyat uchun barcha sohalarda ikki dunyo baxt-u saodatiga erishtiradigan qonun-qoidalarni joriy qilgan. Insonning hayotidagi eng muhim ishlardan biri bo‘lganligi uchun shariatimizda kiyinish odoblari va liboslarga tegishli bo‘lgan alohida hukmlar joriy qilingan. Ayniqsa, hadis, tasavvuf va fiqhiy kitoblarimizda bu mavzuga alohida e’tibor berilgan. Zotan, kiyim o‘z o‘rnida insonning ichki ma’naviy dunyosini aks ettiruvchi vositadir.

Kiyim – inson ziynati. U kishi maʼnaviyati, madaniyati, didi va dunyoqarashining yorqin koʼzgusidir. Kiyim insonni issiq-sovuqdan saqlaydi, avratlarini berkitadi va kishiga ziynat boʼlib xizmat qiladi. Аlloh taolo shunday marhamat qiladi:

يَا بَنِي آدَمَ قَدْ أَنْزَلْنَا عَلَيْكُمْ لِبَاسًا يُوَارِي سَوْآتِكُمْ وَرِيشًا وَلِبَاسُ التَّقْوَى ذَلِكَ خَيْرٌ ذَلِكَ مِنْ آيَاتِ اللَّهِ لَعَلَّهُمْ يَذَّكَّرُونَ

yaʼni: “Ey, Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik. (Аmmo) taqvo libosi – bu, yaxshiroqdir. Bu(lar) Аllohning mo’jizalaridandir. Shoyad (buni) eslab koʼrsalar!” (Аʼrof surasi, 26-oyat).

Insonni hayvondan ajratib turadigan alomatlardan biri ham libosdir. Odamning avrati – aybini berkitib turishi uchun Alloh taolo unga libos ato qilgan. Libosning zarurati kishi avratini o‘zgalardan pinhon tutishidadir. Lekin Alloh insonning avratdan boshqa a’zolarini ham to‘sish ehtiyoji borligini inobatga olib, libosni ziynat tarzida nozil qildi. Shu bois libosni shariatga muvofiq kiygan insongina ziynatli hisoblanadi. Ammo eng asosiy libos taqvo libosidir.

Avrat o’rinlari erkaklarda kindikdan tizzagacha bo’lgan joyni o’z ichiga oladi. Demak, mazkur joylarni berkitish vojibdir. Imom Ahmad o’zlarining «Musnad» nomli hadis to’plamlarida rivoyat qilishlaricha, Jarhad ismli sahobiy sonini ochib turgan paytda Nabiy alayhissalom uning yonidan o’tib qoldilar va: «Ey Jarhad, soningni yop(!), zero, son avratdir», dedilar.Mazkur hadisi sharifni hujjat qilib aksar ulamolar, jumladan, hanafiy mazhabi ulamolari son avratdir, deydilar. Shunday ekan, kishi eng kamida o’zgalarga badanining mazkur joylarini ochiq holda ko»rsatmasligi lozim. Aks holda, gunohkor bo’ladi.

Ayollarda esa (bilagi oshig‘igacha), oyoq to‘pig‘ining pastki qismi (qadami) va yuzidan boshqa butun badani avrat hisoblanadi. Sochi, gajagi ham avratga kiradi.

Paygʼambarimiz alayhissalomning Аsmo binti Аbu Bakr raziyallohu anhoga qarata aytgan quyidagi hadislari ham dalolat qiladi:

«يَا أَسْمَاءُ، إِنَّ الْمَرْأَةَ إِذَا بَلَغَتِ الْمَحِيضَ لَمْ يَصْلُحْ أَنْ يُرَى مِنْهَا إِلاَّ هَذَا وَهَذَا» وَأَشَارَ إِلَى وَجْهِهِ وَكَفَّيْهِ»

(رَوَاهُ الامام أَبُو دَاوُدَ).

yaʼni: “Ey Аsmo, ayol kishi voyaga yetganda undan mana bu va mana bu joylaridan boshqa aʼzosi koʼrinishi mumkin emas”, deb yuz va ikki kaftlariga ishora qildilar” (Imom Аbu Dovud rivoyat qilgan).

Taʼkidlash joizki, islomda ibodat libosi yoʼq. Аsosiy talab avrat joylarni berkitilmoqligi,erkak kishi kiyinishda oʼzini ayollarga oʼxshatib olmasligi yoki aksincha, ayol erkakcha kiyinmasligi sanaladi.

Hozirgi paytda yurtdoshlarimiz orasida kiyinish borasida o’zga millat vakillariga taqlid qilish holatlari ko’plab uchrab turibdi.Shu jumladan, diniy sohada ham. Aslida o‘zimizning milliy kiyimlarimiz har taraflama go‘zal va qulay hamda dinimiz ahkomlariga mos keladi-ku, bu kiyimlarda erkaklarga xos bo‘lgan barcha jihatlar e’tiborga olingan, ayollarda esa ularning iffati, hayosi, nazokat va latofatini g‘arazli nazarlardan himoyalagan. Qisqasi erkaklarga o‘zlariga xos, ayollarga ham o‘zlariga har taraflama mos bo‘lgan liboslar bizning milliy liboslarimizdir. Zotan har bir jins o‘zlarining jinsiga har taraflama muvofiq keladigan kiyim kiymoqliklari ularning madaniyatining ko‘zgusidir.

Ikki dunyo baxt-u saodatiga erishish uchun shariat ahkomlariga amal qilish talab etilganidek, kiyinish borasida ham har xil g‘oyalar, madaniyatlar yoki ko‘r-ko‘rona taqlidlar, o‘zim hal qilaman degan tushunchalarni bir chetga qo‘yib, bizni yaratgan va bizga nima yaxshi-yu nima yomon ekanligini, nima foyda-yu nima zarar ekanligini yaxshiroq biluvchi Alloh taoloning shariatiga itoat etish ulkan yutug‘imizdir.

 

M.Yo’lchiboev,

“Sayyid Muhyiddin maxdum”

o‘rta maxsus islom bilim yurti

mudarrisi

Load More In МАҚОЛАЛАР