Islom bilan e’zoz topgan sahobiya ayollar zamonamiz ayollari uchun go’zal o’rnakdir.

0
424

Bismillahir rohmanir rohim.

O`zining oxirgi va mukammal dini bo`lmish Islomda ayollarning qadr-u qimmatini yuqori qilgan, ona sifatida jannatning imkoniyati, jufti halol sifatida o`zining omonati, farzand sifatida eng ulug` ne`mati qilgan Alloh taologa jamoli va kamoliga munosib hamd-u sanolar va shukronalarimiz bo`lsin!

“Mo`minlarning iymoni eng komili ularning eng xulqi go`zalidir va yaxshilaringiz ayollariga yaxshilaringizdir” degan, ayollar o`rni islom dinida qanchalar yuksak ekanini o`zining hadisi shariflarida batafsil bayon qilib, bu borada hammaga eng go`zal na’muna bo`lgan suyukli payg`ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamga salovatu va salomlarimiz bo`lsin.

Dunyodagi hech bir din , hech bir tuzum va hech bir jamiyat ayollar hurmatini, qadr-u qimmatini Islomchalik o`rniga qo`ya olgan emas va qo`ya olmaydi ham. Ayollarning sha`ni, qadru qimmati poymol, haq-huquqlari oyoqosti bo`layotgan johiliyat davrining qabohatlarini, hamma sohada bo`lgani kabi mukammal dinimiz Islom eng go`zal suratda isloh qildi.

Asl ildizlari saodat asri sarchashmalaridan sug`orilgan xalqimizning milliy qadriyatlarida ayollarga bo`lgan e`zoz va e`tibor hamma uchun ibrat va tahsinga sazovor bo`lgan desak aslo mubolag`a bo`lmaydi.

Oliyjanob xalqimiz, muhtaramalarimizga bo`lgan e`tiborni har doim ham eng ustuvor mas`ala deb bilgan. Ularning jamiyatdagi o`rnini, har tomonlama qulay shart-sharoitlar, ta`lim olish va o`zlariga munosib bo`lgan kasblarga ega bo`lish mas`alalari bugun siyosat darajasiga ko`tarilgan. Ayniqsa ayol-qizlarning ma`naviy kamolotda tarbiya topishlari bu — jamiyat taraqqiyotining ertasi uchun eng muhim omillardandir. Jamiyatda ayollarning ma`naviyati yuksak, go`zal odob-axloq  sohibalari bo`lib tarbiya topmog`i, avvalo, oilalarning mustahkamligi hamda ilm-u ma`rifatli farzandlar kafolatidir. Zero, har qanday buyuk insonlar ortida ma`rifatli bir ayol bo`lishi hech kimga sir emas.

Bu boradagi eng go`zal odob maktabi payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning oliy madrasalarida tarbiya topgan sahobiya onalarimizning muborak hayotlaridir. Ularning nurli hayot yo`llari, go’zal odoblari, taqvolari, hayo va ibolari, sabr-u matonatlari, qo`yingki ayollarga xos barcha ezgu fazilatlarning majmuasi barcha jamiyat ayollari uchun eng munosib dasturulamaldir.

Zero, madaniyatning eng oliy namunalarini o`zida mujassam etgan zotlar, aynan sahobiya onalarimizdir. Albatta, mana shu saodat sohibalari bo`lgan onalarimizdan ibrat olmoqlik, jamiyatning har taraflama ravnaq topishiga, bugungi kunning eng og`riqli nuqtasiga aylanib ulgurgan oilaviy ajrimlar, turli tuman muammolar uchun eng to`g`ri yechimdir.

Xususan, sahobiyalarning hayotlaridan ba’zi voqealarni eslab, undan o’zimizga xulosa olsak maqsadga muvofiq bo’lar edi.

Rumaysa roziyallohu anho Аbu Tolha bilan baxtli va saodatli hayot kechirar edi, bu borada Аlloh taolo u ikkisiga koʼz quvonchi va dil sevinchi boʼlgan oʼgʼil farzand neʼmatini ato etdi. Аbu Tolha oʼgʼliga shu qadar mehr qoʼydiki, uni hech kimga ishonmas, hayotini bu oʼgʼlonsiz tasavvur ham qila olmas edi. Oʼgʼilchasi toʼsatdan kasallikka chalindi. Bu hol Аbu Tolhani esankiratib qoʼydi, u koʼchada oʼz ishlari bilan yurar ekan, uyiga kelgan zahoti oʼgʼlining holidan xabar olar edi. Shu zaylda davom etayotgan kunlarning birida ajal bu masʼum goʼdakni ularning bagʼridan yulib oldi. Аna shu vaqtda Аbu Tolha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida edi. Shoʼrlik onaizor koʼzining oqu qarosi, yuragining bir parchasini yoʼqotdi! Hammaga maʼlumki, bunday vaqtda onalar bu alamga bardosh bera olmay, dodu faryod soladilar, oʼzlarini koʼtarib uradilar. Rumaysa roziyallohu anho shunday alamli onlarda ham butun ayollarga dars va namuna boʼladigan goʼzal sabr sohibasi ekanini koʼrsatdi. Hali jannat hidi ketmagan goʼdakning yuzlaridan toʼyib-toʼyib o’pdi, keyin uni yuvib, kafanladi, xushboʼy narsalar sepdi va bolaning guldek yuzlariga boqib, onalik mehri joʼshib, koʼzlaridan achchiq-achchiq yoshlar toʼkdi. Mehribon otasi Аbu Tolha kelishidan oldin bolaning ustiga choyshab yopib qoʼydi. Soʼngra oʼgʼli Аnas roziyallohu anhuga ukasining vafoti haqida otasiga hech narsa demaslikni tayinlab, Аbu Tolhani chaqirib kelish uchun yubordi. Аbu Tolha kelishi bilan oʼgʼlining ahvolini soʼradi. Rumaysa roziyallohu anho: «Oʼgʼilchamiz uxlab qoldi. Xudodan soʼraymanki, shoyad, shu uyqusi rohatli boʼlsa», deb yosh va gʼamli koʼzlarini yashirdi. Аbu Tolha xotinining bu javobidan bola sogʼayib qolibdi, deb gumon qildi.

Oʼsha kuni Аbu Tolha roʼza tutgan edi. Birgalashib iftor qilishdi. Tun kirdi. Shunda ham bu sabrli soliha ayol mahzunligini bildirmadi. Xushboʼylangan va ziynatlangan holda erining yoniga kirdi va kechani birga oʼtkazishdi. Tong otgach, eri masjidga otlanar ekan, Rumaysa roziyallohu anho asta-sekin gap boshladi:«Ey Аbu Tolha, agar bir kishi birovdan omonat olsa, soʼng uni egasiga qaytarmaslikka haqqi bormi?» deb soʼradi. «Yoʼq, omonat egasiga qaytariladi. Bermayman, deyishga aslo haqqi yoʼq», deb javob berdi eri. Rumaysa roziyallohu anho maqsadga oʼtdi: «Аlloh taolo bizga omonatga oʼgʼil bergan edi. Endi esa ana shu omonatini qaytarib oldi», dedi. Аbu Tolha: «Inna lillahi va inna ilayhi rojiʼun» («Biz hammamiz Аllohnikimiz va yana Uning huzuriga qaytamiz»), dedi. Boshqa hech qanday soʼz aytolmadi, qandayin ham soʼz ayta olsin?! Chiqib, toʼgʼri Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga bordi. Namoz oʼqidi va kecha shomda oʼgʼli vafot etgani, oʼzi esa kechani ayoli bilan oʼtkazganini aytdi. Paygʼambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Parvardigoro! Bularning bu kechasini barakotli qilgin», deb duo qildilar. Sarvari Koinotning ushbu duolariga osmon eshiklari ochildi. Jannat rayhoni boʼlmish goʼdaklarini yoʼqotgan bu zotlarga mehribonlardan-da mehribon boʼlmish Robbul a’lamin Аbdulloh ibn Аbu Tolhani ato etdi. Аbdullohga esa toʼqqizta farzand berdi, bularning barchasi hofizi kalomulloh boʼldi. Bulardan toʼngʼich oʼgʼli Ishoq ibn Аbu Tolha esa buyuk faqih darajasiga yetdi. Bularning barchasi onaning goʼzal sabri, eriga itoati va musibatga sabrli boʼlishi hamda Аllohning Rosuli duolarining barakotidan edi.

Sahobiya onalarimiz roziyallohu anhunnalarning muborak hayotlarining har bir lahzasi, ayni hikmat va ibrat bulog`i ekanini, chin ma`nodagi bahtli hayot qandoq bo`lmog`ini o`z umrlarida, o`z amallarida mukammal holda namoyish qilganini, barcha axloqiy fazilatlarda peshqadam bo`lganini ko`ramiz. Azvoji mutahharot onalarimiz ilm va hilmda, hidoyat va taqvoda, iffat va hayoda, ibodat va itoatda, go`zal husnu odobda, sabr – qanoat va har doim shukronalik bilan hayot kechirishda to qiyomatga qadar keladigan barcha mo`mina va muslimalar uchun eng katta ibrat maktabi, eng go`zal namuna bo`lganlar.

Qolaversa, xulosa o`rnida shuni ta`kidlab o`tish o`rinliki olamlarga rahmat bo`lgan, osmonlar malakutiga ko`tarilgan, har bir lahzasi Alloh taoloning vahiysi ila yo`lga solingan va varishtalar ham havas qilgan hayot sohibining ahli bayti bo`lish bilan bir qatorda saxobiya onalarimiz, oddiy va kamtarin hayot kechirganlar.

Ma`lumki islom dushmanlari mukammal dinimizdan o`zlarining qosir aqllari bilan turli hil hatolarni topishga, kamchiliklar nisbatini berishga urinishadi va oqibatda, har doim ham yuzlari shuvut bo`lib sharmanda bo`ladilar. Ularning asossiz iddaolaridan biri esa, islomda ayollarga nisbatan past nazar bilan qarash, ularning erkinliklarini cheklash degan insofsizlarcha qilingan da`volaridir. Aslida esa Islom dini ayollarning johiliyat davrida oyoq osti bo`lgan qadru qimmatini, toptalgan sha`nini ibodat darajasiga ko`tardi.

Ilmda ham peshqadam, ilm dengizi deya ta`riflar berilgan olima saxobiya onalarimizning hayotlarini o`qiganimizda, dunyoqarashi tor bo`lgan ayrim toifadagi kishilar ayollarning ilm olishlarini go`yoki muhim bo`lmagan ishdek qarashlari qanchalar xato va nohaqlik ekani, aslida esa ilm olish har bir mo`min va mo`minalar uchun birdek farz ekanligi namoyon bo`ladi.

Mana shunday ulug` Zotlarning ibratli hayotlaridan bexabar yoshlar, bugunlik kunda odob axloq borasida, kiyinish madaniyati, muomala madaniyati, oila ilmi borasidagi eng muhim mas`alalarda ayni beodoblikni, fahsh va munkarni, jimjimador shiorlar orqali targ`ib qiladigan toifalardan ta`sirlanib, ko`r — ko`rona taqlid qilayotgani ming afsuski oz emas. Aslida esa madaniyatning eng oliy ko`rinishlari saodat asrining sohib va sohibalariga borib taqaladi. Xulosa qilish mumkinki, ergashmoqlikka, ibrat olmoqlikka, ana o`sha ulug` zotlar har jihatdan eng haqli va munosibdir. Bu esa aynan mukammal saodat yo`lidir.

Islom tarixida ulkan xizmatlar qilib o`zlaridan o`chmas izlar qoldirib ketgan zotlar faqatgina erkaklardan iborat emasligini, balki dinimiz rivojida, jamiyatning taraqqiyotida sahobiya onalarimizning va boshqa tarixda ilmi taqvosi, zakovati bilan nom qoldirgan mo`mina ayollarning ham bemisl va beqiyos, ulkan xizmatlari singaniga guvoh bo`lamiz. O`zining ilmi, amali, sa`y harakatlari, molu davlati bilan xizmat qilgan ayollar borligini ta`kidlash lozim.

Albatta mukammal dinimiz har jabhada mukammal bo`lgan zotlarni tarbiyalagan. Ularning hayotlarini o`rganib, ibrat olib, hayotimizga dasturul amal qilsak inshaalloh dunyo va oxirat saodatiga erishamiz.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam «Jannat onalar oyogʼi ostidadir», deb marhamat qilganlarida ana shunday sabrli, pok ayollarni nazarda tutganlar. Ona yurtimizni yer yuziga tanitgan Ismoil Buxoriy, Termiziy, Nasafiy, Zamaxshariy, Burhoniddin Margʼiloniy, Fargʼoniy kabi zurriyotlarni dunyoga keltirganlar ham mana shu kabi moʼʼtabar onalardir. Barcha onalar sogʼ va omon boʼlishsin, maʼnan pok va yurtiga sadoqatli farzandlar tarbiyalashda Аlloh barchamizga kuch-quvvat ato etsin.

 

Akramxon SUYAROV

“Sayyid Muhyiddin maxdum”

o`rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Load More In МАҚОЛАЛАР