МАҚОЛАЛАР Imon Dorimiyning hayoti va ijodi (1-qism) 26 сентября, 2022 0 233 O‘zining ulug‘ Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi va sallam haqlarida: “U havodan nutq qilmas. U(Qur’on) vahiydan o‘zga narsa emas”, deb guvohlik bergan butun olamlar Parvardigoriga hamdu sanolar bo‘lsin! Butun olamga rahmat Payg‘ambar qilib yuborilgan, ummatlariga: “Mening sunnatimni va mendan keyingi roshid xalifalarimning sunnatlarini mahkam ushlanglar!” deb amr etgan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga behisob salavot va salomlar bo‘lsin! Islom dinining haqqoniyligi, pokligi, insonparvarligi, bag‘rikengligi, odamzodni doimo yaxshilik va ezgulikka chorlashi, hayot sinovlarida o‘zini oqlagan qadriyat va an’analarni ajdodlardan avlodlarga yetkazishdagi o‘rni hamda ahamiyati katta. Islom dini ta’limoti shakllanishida Qur’ondan so‘ng Muhammad sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari muhim o‘rin tutadi. Islomda diniy-ma’rifiy, ilmiy- madaiiy, ijtimoiy-siyosiy hayot, qonun-qoidalar me’yorlari Qur’oni karim va hadis bilan tartibga solib borilgan. Bu borada islom dinini keyingi avlodga yetazishda ulamolarning hissasi beqiyos. Ayni biz quyda yoritib bermoqchi bo’lgan risolamiz ham muhaddis olimlardan biri bo’lgan Imom Dorimiyning hayoti va ijopdiga bag’ishlanadi. Bizgacha yetib kelgan manbalarda Imom Dorimiyning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan ma’lumotlar nisbatan ko‘p emas. Muhaddisning to‘liq ismi Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdussamad Tamimiy Samarqandiy Dorimiy bo‘lib, 798 (hijriy 181) yilda tavallud topgan. Xuddi shu yili Abdulloh ibn Humayd Samarqandga voliy bo‘lib kelgan, ayni o‘sha yili yirik muhaddis Abdulloh ibn al-Muborak al-Marvaziy vafot etgan. Manbalarda shu ikki tarixiy voqea sabab Imom Dorimiyga “Abdulloh” deb ism qo‘yilganligi qayd etiladi. “Dorimiy” – Banu Tamim qabilasi mavlosi hamda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning kotiblaridan biri bo‘lgan muhaddisning bobosi Dorim ibn Molik ibn Hanzalaga berilgan nisbatdir. Shu bilan birga Imom Dorimiyni “Doramiy” nisbasi bilan ataganlar ham bor. Abu Tohirxoja “Samariya” asarida Imom Dorimiy haqida “…U hadis aytuvchilardan. Shavdor tumaniga qarashli Ispaniy qishlog‘idadir. U Samarqand muzofotidan bo‘lgan, burunlarda Doram deb ataladigan qishloqdan bo‘lgani uchun Doramiy deb dong chiqargan…. Doramiyning tarjimai xoli belgilik emas…” kabi mazmundagi ma’lumotni keltiradi. Bunda Abu Tohirxoja uning nisbasini “Doram” deb nomlangan joy nomi bilan bog‘laydi. Barcha manbalarda Imom Dorimiy yoshlik chog‘laridanoq aql-zakovati, o‘tkir zehni, ayniqsa, eslab qolish qobiliyatining o‘ta kuchliligi bilan barchani hayratga solganligi aytib o‘tilgan. Shuningdek, uning yaqinlari, qarindoshlari ilm ahllaridan bo‘lganligi ta’kidlanadi. Jumladan, tog‘asi Abu Usoma Ahmad ibn Muoviya hadis roviylaridan bo‘lib, uning shogirdi Abu Shuayb Ismoil ibn Maxlad al-Barrod as-Samarqandiy haqida Sam’oniy xabar bergan. Abu Xafs an-Nasafiy qayd etishicha, Imom Dorimiy akasining o‘g‘li Abu Ahmad al-Fazl ibn Muhammad Dorimiy Muhammad ibn Is’hoqdan hadislar rivoyat qilgan. Imom Dorimiy dastlabki ilmlarini o‘z yurti Samarqandda olgan. So‘ngra o‘sha davrda ilm-fan va madaniyat taraqqiy qilgan markazlardan fustot (Qohira), Damashq, Bag‘dod, Makka, Madina, shuningdek Xurosonning turli shaharlaridagi taniqli olimlardan diniy va dunyoviy ilmlar, ayniqsa, hadis ilmi bo‘yicha o‘z bilimlarini oshirgan. Al-Xatib al-Bag‘dodiyning shaharlar va olimlar tarixiga bag‘ishlangan va boshqa biografik qomusiy asarlardan o‘zining turli ma’lumotlarga boyligi, aniq dalillarni keltirib o‘tishi, har bir ma’lumotni keltirishda rivoyatchilarning to‘liq silsilasini zikr qilishi bilan ajralib turadigan “Bag‘dod tarixi” asarida Imom Dorimiyning hayoti, ijodi, ustoz va shogirdlari haqida kuplab ma’lumotlar keltirilgan. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Imom Dorimiy haj safari davomida Kufada to‘xtab, Yahyo ibn Abdulhamid al-Hammoniy (vaf. 842 y.) va boshqa muhaddislar bilan suhbatda bo‘lgan. Suhbatlar ko‘p hollarda bahs-munozaralarga aylanib, hadis roviylari, isnodlarning ishonchliligi ustida tortishuvlar bo‘lib o‘tgan. Natijada, Imom Dorimiy Yahyo al-Hammoniyning adolatli, ishonchli roviyligiga shubhalanib, o‘zi undan hadis rivoyat qilmagan, boshqalarga ham undan hadis olishni maslahat bermagan. Jumladan, Abdussamad ibn Sulaymon al-Balxiy (vaf. 860 y.) buyuk muhaddis Ahmad ibn Hanbal ham Imom Dorimiyni “Imom” deb ulug‘lagani va uning so‘ziga tayangan holda Yahyo al-Hammoniydan hadis qabul qilib olmaganini ta’kidlaydi. Ana shu holat Imom Dorimiyning roviylar borasida bilimi, uning mavqei yuqori bo‘lganligidan darak beradi. Boshqa tomondan al-Xatib al-Bag‘dodiy keltirgan ma’lumotlardagi suhbatdoshlarning hayot yillarini aniqlash orqali Imom Dorimiy taxminan 40 yoshlarida haj safariga borgani, safar chog‘ida ham hadislar jamlash ustida tinmay izlangani borasidagi xulosaga kelish mumkin. Davomi bor Manbalar asosida: Andijon «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Yo’lchiboyev Muslimbek tayyorladi.