Xosiyatli tush

0
187

Islom shariati va musoffo aqidani asrlar osha yetib kelishiga salmoqli hissa qo‘shgan mashhur ulamolardan biri – bemisl iqtidor sohibi, o‘tkir zehn va zakovat egasi, hadis, fiqh, tafsir, tarix, tarjima, sarf, nahv, mantiq va boshqa ilmlarda qalam tebratgan musannif, bir yuz yigirmaga yaqin ilmiy asarlar muallifi, hisobsiz shogirdlar ustozi, qisqa umr ichida sermahsul xizmat qilgan hind allomasi Abdulhay Laknaviydir. Allomaning shajarasi sahoba Abu Ayyub Ansoriy (roziyallohu anhu) ga borib taqaladi. Imom Laknaviyning shoh asarlaridan biri Imom Molikning “Muvatto” asariga yozgan “At-Ta’liqul-mumajjad ala Muvattoi Imom Muhammad” kitobidir.

Imom Laknaviy ushbu kitobni yozishga undagan sabablarni zikr qilib, shunday deganlar: “ko‘p vaqtdan beri qalbimda hadis to‘plamlari kitobini sharhlash va sir-asrorlarini bayon etishni tugib yurardim. Shu sababli olamlarning robbisi bo‘lgan Alloh taoloni rizosini olishni hamda shafoatchimiz Nabiy alayhissalomni sunnatlariga xizmat qilishni niyat qilganman. Umidim shuki, Alloh taolo uning barakasi tufayli meni solihlar bilan hamroh qilib, muhaddislar jamoasida anbiyolar hamda siddiqlar bilan oxiratda birga qilsa. Men 1872 yil bir tush ko‘rgandim. Tushimda Madinadagi Masjidun-nabaviyga kiribman, u yerda Imom Molik o‘tirgan emishlar, yonlariga borib salomlashdim. U kishiga: “Sizning kitobingiz “Muvatto’”da o‘zim ma’no-mazmunini anglamagan ba’zi so‘zlarga duch keldim. Shuning uchun, izn bersangiz, sizga o‘qib bersam” — dedim. U kishi xursand bo‘lib “Qani, kel, o‘qib berchi” dedilar. Kitobni uyimdan olib kelish uchun turganimda uyg‘onib ketdim. Alloh taologa shu go‘zal bashorat uchun hamd va shukr aytdim. Ushbu xosiyatli tush men uchun Imom Molikning kitoblariga e’tibor qaratib, uni o‘rganib, talabalarga ta’lim berish hamda sharh yozishimga ishora bo‘lgan edi. Mazkur holatlar turtki bo‘lib, bu kitob uchun sharh yozishga qaror qildim”.

Imom Laknaviy “Muvatto” asariga sharh yozish uchun aynan Imom Muhammad (749-805) tarafidan naql qilingan nusxalarini tanlagan.

Sababi, Imom Molikning mashhur shogirdi Yahyo ibn Yahyo al-Laysiy al-Andalusiy (769-848) naql qilgan “Muvatto” nusxalariga qadimgi va keyingi davr ulamolari sharh yozganlar. Imom Muhammad naql qilgan nusxalarga esa faqat Pir Zoda hamda mulla Ali Qoriy (vaf.1607 y.) sharh yozgan. Bundan tashqari, Imom Muhammadning nusxalari bir necha sabablarga ko‘ra ham ustundir. Imom Laknaviy bu kitobni “At-Ta’liqul-mumajjad ala Muvattoi Imom Muhammad” (Imom Muhammad tarafidan naql qilingan Muvotto’ kitobiga yetuk izohlar) deb nomlagan. Lekin, buyuk muhaddis, tarixshunos, marokashlik alloma Abdulhay Kattoniy (1884-1962) bu asar nomini “Hoshiyatuhu ala Muvattoi Imom Muhammad” (Imom Muhammad tarafidan naql qilingan Muvattoga yozgan hoshiyasi), deb keltirgan.

Bu kitob Hindistonda bir necha marta nashr qilingan. Dastlab, 1880 yil, alloma hayotlik chog‘ida, o‘z ona shahri Laknavdagi “Mustafoiyya” nashriyotida bosmadan chiqdi. So‘ng mazkur nashriyot asarni 1888 yilda, alloma vafotidan bir yil o‘tib, qayta nashr qildi. 1926 yilda Laknav shahridagi “Yusufiyya” nashriyoti ham kitobni chop qildi. 1992-yilda Damashqdagi “Dorul-qalam” nashriyotida Birlashgan Arab Amirliklari universiteti hadis ilmlari ustozi, Doktor Taqiyyuddin Nadaviy tahqiqi ostida ko’p adadda bosmadan chiqdi.

Asarning yozilishi tarixi haqida islomshunos olim Valiyyuddin Nadaviy quyidagi ma’lumotlarni keltiradi:

Imom Laknaviy bu kitobni hijriy 1291, milodiy 1874 yilning shavvol oyida boshlab, 1878 yil shavvol oyining 8-kunida tamomiga yetkazgan. Bu vaqt mobaynida Imom Laknaviy safarlarda yurib, bir necha kasalliklarga duchor bo‘lgani sabab, kitobni tugashi ko‘p vaqt talab qildi.

 

Manbalar asosida: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o`rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Muhammad Yahyo domla Mahmudov tayyorladi.

Load More In МАҚОЛАЛАР