Imon Dorimiyning hayoti va ijodi (3-qism)

0
362

D.Rahimjonov Samarqand hadis ilmi taraqqiyotida hofizlarning xizmatlarini zikr qilib, Abu Muhammad Dorimiyni minglab hadislarni yoddan bilgan muhaddislardan biri sifatida tilga oladi. U muhaddisning Samarqand hadis maktabi uchun yuksak ahamiyatga molikligini ko‘rsatib, Abu Hafs an-Nasafiy uni o‘z asarida 52 joyda zikr etganligini qayd etadi. Tadqiqotchi A.Abdullaev esa uni Movarounnahrda Qur’onni Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadislari, sahobiy va tobe’iy so‘zlari asosida sharhlash bo‘yicha yaratilgan ilk tafsir namunasining muallifi sifatida tilga oladi. Zikr etilgan ma’lumotlar Imom Dorimiy tafsir va hadis ilmlarining peshvolaridan biri bo‘lganligidan dalolat beradi.

Manbalarda Imom Dorimiyning ilmiy-ma’naviy merosiga to‘xtalib, uning “Sunan” nomi bilan tanilgan “Musnad” (Isnodli hadislar to‘plami), tafsir ilmiga oid “at-Tafsir”, “al-Jomi’» (To‘plam), shuningdek, “as-Sulosiyyot fi-l-hadis” (Uch roviyli hadislar to‘plami), fiqh ilmiga oid “Kitob as-sunna fi-l-hadis” (Hadisdagi sunnat amallar haqida kitob) va “Kitob saum almustahozot va-l-mutahayyirot” (Uzrli ayollarning ro‘zasi haqidagi kitob) kabi asarlari mavjud bo‘lgani haqida turlicha ma’lumotlar keltiriladi.

Abdulkarim as-Sam’oniyning “al-Ansob’’ida Imom Dorimiyning “Musnad”, “at-Tafsir” va “al-Jomi” asarlari haqida so‘z yuritiladi. F.Sezgin ham aynan shu asarlar mavjudligini tasdiqlaydi. Jaloluddin as-Suyutiy (vaf. 1505 y.) o‘z davrida Imom Dorimiyning “al-Jomi” va “al-Musnad” asarlari saqlanganini, K.Brokkelman ham muhaddisning shu ikki asari yetib kelganligini bildiradi. Turk tadqiqotchilari Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxalarini “al-Musnad” deb ataydilar. Ushbu asarga Abu Osim Nabil ibn Hoshim al-G‘amriy tomonidan yozilgan sharh hamda tadqiqot nashr etilgan .

O‘zbekiston Respublikasida mavjud qo‘lyozma fondlaridan “sunan’’ning qo‘lyozmasi topilmadi. Lekin Istanbulning Sulaymoniya utubxonasida asarning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari mavjud kanligi ma’lum bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur kutubxonada Imom Dorimiyning “Musnad Dorimiy” asarining 1703 yilga oid 2 spazmasi va Nizomiy matbaasida chop etilgan 1876 yilga oid 2 toshbosma nusxasi saqlanadi. Har ikki qo‘lyozmaning xattoti noma’lum bo‘lib, nas’h xatida ko‘chirilgan. Toshbosma nusxalari esa 446 va 447 sahifalardan iborat bo‘lib, bir yilda va bir xil Kanpur (Kapur) toshbosmasida chop etilgan. Ilmiy izlanishlar natijasida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, “Musnad”ning yana ikki qo‘lyozma nusxasi 253 va 254-raqamlar ostida saqlananishi aniqlandi. Birinchi qo‘lyozma taxminan XII asrga oid bo‘lgan, nas’h xatida ko‘chirilgan. Ushbu nusxada XIV asrdan Imom Dorimiygacha bo‘lgan roviylar silsilasi aniq berilgan. Ikkinchisi 1810 yilga oid bo‘lib, nasta’liq xatida yozilgan.

Imom Dorimiyning “Sunan” nomi bilan mashhur bo‘lgan asari olti mo‘tabar kitoblar darajasidagi asardir. Turk olimlaridan Abdulloh Aydinli “Sunan” asari ustida ilmiy tadqiqotlar olib borgan va uni turk tiliga tarjima qilib nashr ettirgan. Mazkur nashrda “Sunan”ning roviylariga alohida ahamiyat berilgan va tadqiqotchi IX asrdan XV asrgacha bo‘lgan roviylar zanjiri, har bir muhaddis-poviylar haqida qisqacha ma’lumotlar berib o‘tgan. Imom Dorimiydan “Sunan”ni rivoyat qilgan roviy Iso ibn Umardan to Muhammad Asilgacha bo‘lgan roviylar soni o‘ntani tashkil qilgan. Ushbu roviylar zanjiri “Sunan’’ning Misrdagi nashrida keltirilgan roviylar bilan bir xil bo‘lib, faqat oxirgi roviy Muhammad Asil qo‘shimcha qilingan, lekin Abdulloh Aydinli roviy haqida to‘liqroq ma’lumot bermagan.

Imom Dorimiyning “as-Sulosiyyot fi-l-hadis” asari «Sunan’’ning tarkibiga kiritilgan o‘n besh hadisdan iborat bo‘lgan to‘plam bo‘lib, uch roviyli  isnodga  ega  bo‘lgan  hadislardan  tarkib  topgan ,  Oliy  isnodli³³  hadislar to‘plangan ushbu asar muhaddis hayoti davomida hadislar ishonchliligini aniqlash maqsadida qilgan safarlarining yana bir mahsulidir. Imom Dorimiy sanadlarning oliy bo‘lishiga erishish maqsadida, hadis roviysini naql asnosida xato qilish ehtimoli bo‘lgan turli yanglish va kamchiliklarni bartaraf qilishga intilgan. Chunki roviylarning ozligi xatolik Ehtimolini kamaytirish bilan barobar hadisning quvvatini oshiradi. O‘lim to‘shagida yotgan Yahyo ibn Ma’indan “Bizdan nima Tilagingiz bor”, deb so‘rashganida “Xoli uy va oliy isnod” deb javob bergan ekan. Muhammad ibn Aslam at-Tusiy esa oliy isnodning alohida ahamiyatini ta’kidlab: “Sanadning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqin bo‘lishi, Allohga yaqinlikdir”, degan.

To‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, bu turkumdagi asarlar ham xorijiy tadqiqotchilar nazaridan chetda qolmagan. Rus olimlaridan D.Yermakov o‘zining “Hadislar va hadis adabiyoti” nomli tadqiqotida A.Arberri uch roviyli isnodlardan tashkil topgan hadis to‘plamlari (sulosiyot) haqida nodir qo‘lyozma asosida ilmiy izlanishlar olib borganligini qayd etgan. A.Aydinli Imom Dorimiyning “Sunan”ida keltirilgan uch roviyli hadislarni keyingi davr olimlari tomonidan o‘rganilganligini qayd etadi.

Davomi bor

 

Manbalar asosida: «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Muslimbek domla Yo’lchiboyev tayyorladi.

Load More In МАҚОЛАЛАР