МАҚОЛАЛАР Imon Dorimiyning hayoti va ijodi (5-qism) Muhaddisning ustoz va shogirdlari. 10 октября, 2022 0 144 Imom Dorimiy xadis ilmining turli yo‘nalishlari bo‘yicha muhim asarlar yozib, o‘z ilmiy maktabini yaratdi. Imom Dorimiy o‘z davrining ko‘pdan-ko‘p yetuk muhaddislaridan hadis ilmini o‘rgangan va o‘zining “Sunan” asarida 250 dan ortiq roviy-shayxlardan hadis rivoyat qilgan. Tadqiqot asnosida ularning 140 dan ortig‘i o‘rganib chiqildi. Ustozlarining asosiy qismini Bag‘dod, Basra, Kufa, Damashq, Marv, Ray, Hums, Madina shahridan chiqqan roviylar tashkil etadi. Aksariyat manbalarda uning ustozlari sifatida Muhammad ibn Bashshor, Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf al-Firyobiy, Abu Musahhar Dimashqiy, Marvon ibn Muhammad, Abulvahhob ibn Sayd, Nazr ibn Shumayyil, Yazid ibn Horun al-Vositiy, Said ibn Omir Zab’iy, Ja’far ibn Avn, Zayd ibn Yahyo ibn Ubayd Dimashqiy, Vahb ibn Jarir, Xolid ibn Muhammad, Habbon ibn Hilol, Ashhol ibn Hotam Jumahiy, Zahhok ibn Muhammad, Ubaydulloh ibn Muso, Abul-Mug‘iyra al-Firyobiy, Abdussamad ibn Abdulvoris, Yahyo ibn Hasson, al-Asvad ibn Omir, Bishr ibn Umar az-Zahroniy kabilar tilga zikr qilinadi. Tadqiqot davomida Imom Dorimiy ustoz-roviylarining yashagan yillari, vafot sanalari hamda shaharlari haqida ko‘plab ma’lumotlar to‘plandi. Ularni tahlil qilish bilan Imom Dorimiyning hayoti va ijodiga oid bir qancha yangi ma’lumotlar aniqlandi. Jumladan, Imom Dorimiy “Sunan”da bevosita ustozroviysi Ruh ibn Aslam (vaf. 815 y.)dan 3 ta hadis rivoyat qilgan. Ruh ibn Aslam Basra shahrida tug‘ilib, o‘sha yerda vafot etgan. Agar Imom Dorimiyning ushbu roviydan hadislar eshitganligi va ularni “Sunan”ga kiritganligini inobatga olsak, ustozi umrining oxirgi yillarida Dorimiy 19 yosh bo‘lganligi ma’lum bo‘ladi. Demak, Imom Dorimiy 17-18 yoshlarida Basra shahrida bo‘lib, turli roviylardan ualis tinglagan. Shuningdek, taxminan 20 yoshida an-Nazr ibn Shumayldan (vaf. 818 y.) hadis rivoyat qilgan. Imom Dorimiyning yana bir mashhur ustozi – Abu Xolid Yazid bi Xorun ibn Zodiy (Zodon ibn Sobit) as-Sulamiy al-Vositiydir (735-822). Manbalarda Yazid ibn Horun o‘ta taqvodor, aqlli, zukko, kuvvai hofizasi juda kuchli shayxlardan bo‘lganligi, uning darslarida 70 mingdan ortiq kishilar yig‘ilishi, 25 mingta hadisni isnodi bilan yoddan aytib berishi haqidagi ma’lumotlar keltirilgan. Yana bir guruh olimlar uni faqihlardan sanagan. Ibn an-Nadim uning “Kitobu-l-Faroiz” nomli kitobini zikr etgan. Yazid ibn Horun Sulaymon at-Taymiy, Osim al-Ahval, Ismoil ibn Abi Xolid, Abi Molik al-Ashja’iy, Yahyo ibn Sa’id al-Ansoriy, Horis ibn Usmon, Ibn Avn, Dovud ibn Abi Hind, as-Savriy va boshqa bir qancha mashhur roviylardan hadis rivoyat qilishi bilan tanilgan. Undan esa Baqiya ibn al-Valid, Odam ibn Abi Iyyos, Ahmad ibn Hanbal, Is’hoq ibn Rohvayh, Yahyo ibn Ma’iyn, Ali ibn alMadiniy, Yahyo ibn Ja’far, Yahyo ibn Muso kabi buyuk muhaddislar hadis rivoyat qilganlar. Imom Dorimiy Yazid ibn Horundan 213 ta hadis rivoyat qilgan. Imom Dorimiyning yana bir mashhur ustozi, o‘z zamonasining taniqli ulamosi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf al-Firyobiy (744-827)dir. Olimning “Firyobiy” nisbasi Balx nohiyalaridan biri Faryob (فارياب)ga nisbatan berilgan. Ushbu shaharchadan ko‘plab buyuk muhaddislar, imomlar yetishib chiqqan bo‘lib, ulardan eng mashhuri muhammad ibn Yusuf al-Firyobiydir. Uning huzuriga ilm o‘rganish maksadida turli shaharlardan ilm toliblari kelib, hadislar yozib olganlar. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy shunday deydi: “Humsdan chiqqanimizda Ahmad ibn Hanbalni uchratdik, u Muhammad ibn Yusufning oldidan kelayotgan ekan”. Al-Firyobiy o‘z navbatida al-Avzoiy, as-Savriy, Ibrohim ibn Abu Abla, Ismoil va boshqalardan hadis eshitgan. Ustozi Sufyon ibn Sa’id ibn Masruq asSavriydan (716-778) Imom Dorimiyning Ahmad ibn Abdulloh ibn Yunus at-Tamimiy (751-842), Yazid ibn Horun ibn Zodiy (735-822) va boshqa ustozlari ham hadis rivoyat qilganlar. Al-Firyobiydan esa Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon as-Samarqandiy, Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy, Ahmad ibn Abu al-Havoriy va boshqalar hadis rivoyat qilganlar. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy ustozi Abu Abdulloh al-Firyobiy haqida: “U o‘z zamonasining eng fozili edi…. Hijriy 212 yili vafot etgan. Uning hadislari oliy isnodli bo‘lib, barchasi sahihdir”, degan. Ibn an-Nadim “Fihrist”ida al-Firyobiyni “Katta (ulug‘) Firyobiy” deb atab, tug‘ilgan va vafot etgan yillarini zikr etmasada, uning “Kitab at-tafsir”, “Kitab at-tahorat “Kitab assalot”, “Kitob as-siyom”, “Kitab az-zakot”, “Kitab al-manosik” kabi fiqhga oid asarlari haqida ham ma’lumot beradi. Imom Dorimiy “Sunan’’ida eng ko‘p — 300 ta hadisni Muhammad ibn Yusuf al-Firyobiydan rivoyat qilgan. Hadislarning sonidan uning ustozi bilan yaqin muloqotda bo‘lganini anglash mumkin. Davomi bor Manbalar asosida: Andijon «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Muslimbek domla Yo’lchiboyev tayyorladi