Imon Dorimiyning hayoti va ijodi (6-qism)

0
135

Imom Dorimiyning yana bir mashhur ustozi Abdulloh ibn Solih ibn Muhammad al-Juhanniy (790-837) — kunyasi Abu Solih alMisriy bo‘lib, “Laysning kotibi” (كاتب الليث) laqabi bilan tanilgan. Abdulmalik ibn Shu’ayb ibn al-Lays: “Abu Solih juda ishonchli roviy, mening bobomdan hadislar tinglagan va otamning huzurlarida xadis rivoyat qilar edi” deb aytadi. Bundan tashqari ko‘plab muxaddislar u rivoyat qilgan hadislar naqadar ishonchli, dalilli va to‘g‘riligini ko‘p marta ta’kidlab, asarlarida Abdulloh ibn Solix haqida ijobiy fikrlarini bildirganlar.

Imom al-Buxoriy “al-Jomi» as-sahih” asarining turli boblarida, jumladan, VIII asrda bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan masalalarga bag‘ishlangan hadislarni “Imom orqasida qiroat qilish” bobida ham Abdulloh ibn Solihdan hadislar rivoyat qilgan. Shuningdek, Abu Dovud, at-Termiziy, Ibn Moja (al-Hasan ibn Ali al-Xalol orqali), Muhammad ibn Yahyo az-Zuhliy, Ali ibn Dovud alQantoriy, Maktum ibn al-Abbos al-Marvaziy, Muhammad ibn Abu alHusayn as-Sam’oniy, Abu Hotam ar-Roziy, Abu al-Azhar anNaysoburiy, Abu Ubayd al-Qosim ibn Salom, Yahyo ibn Ma’iyn, Abu Mas’ud ar-Roziy, Ahmad ibn al-Hasan at-Termiziy, Ahmad ibn Mansur ar-Ramodiy, Rajo’ ibn Murajjo, Muhammad ibn Ismoil atTermiziy, Abu Zur’a ad-Dimashqiy, Yahyo ibn Usmon ibn Solih asSahmiy va boshqalar undan hadis rivoyat qilganlar. Imom Dorimiy ushbu ustozidan 83 ta hadis rivoyat qilgan.

Imom Dorimiy shuningdek, mashhur muhaddis, hofiz Abu Zakariyo Yahyo ibn Ma’in ibn Avf al-G‘atafoniy (vaf. 847 y.)dan hadis rivoyat qilmagan bo‘lsada, undan “Ilm ar-rijol”ni o‘rgangan. Lekin o‘z navbatida undan “Sihoh sitta” imomlarining barchalari uz asarlarida hadislar rivoyat qilganlar. Muhaddislar Yahyo ibn Ma’inni jarh va taҷdil ilmining imomi, deb bilganlar. Samoniyning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab muhaddislar unga roviylar haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritish, tug‘ilgan va vafotlari sanalari, nasablari, ishonchlilik darajasini bilish uchun murojaat qilganlar. Imom Dorimiy ham undan aynan shu sohada ilm o‘rgangan. Yahyo ibn Ma’in uzoq muddat Bag‘dodda yashab, Madinada vafot etgan.

Imom Dorimiyning yana bir ustozlaridan yana biri Bag‘dodda yashab, ijod etgan, kunyasi Abu Abdulloh bo‘lib, katta taba’ tobeʻiylardan biri bo‘lgan Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Xalaf (787-852)dir. U Muhammad as-Sulamiylar nasabiga mansub bo‘lib, juda ishonchli roviylardan biri bo‘lgan. Muhammad ibn Ahmad Sufyon ibn Ubayna⁴³, Abu Xolid al-Ahmar, Mu’in ibn Iso, Muhammad ibn Ubayd at-Tayolisiy, Yahva ibn Ma’iyn, Yakub ibn Ibrohim ibn Sa’d, Muso ibn Dovud, Abu Salama al-Xazo’iy, Zakariyo ibn Adiy va boshqa roviylardan hadislar rivoyat qilgan.

Undan esa Imom Muslim, Abu Dovud, Abdulloh ibn Ahmad, Muso ibn Horun, Muhammad ibn Abdulloh al-Hadramiy, al-Hasan ibn Sufyon, Muhammad ibn Is’hoq as-Siroj va boshqalar hadis rivoyat kilganlar. Imom Dorimiy ushbu ustozidan 38 ta hadis rivoyat qilgan.

Abdulloh ibn Sa’id ibn Husayn al-Kindiy (vaf. 871 y.)Imom Dorimiyning ushbu ustozi Abu Sa’id al-Ashajj al-Kufiy nomi bilan ham mashhur. U Ismoil ibn Aliya (Uliya) (734-809), Hafs ibn G‘iyos, Abu Usoma, Abdussalom ibn Harb, ziyod ibn al-Hasan ibn Furot al-Qazzoz, Abu Badr Shujo’ ibn al-Valid, Abdulloh ibn al-Ajlah, Abdulloh ibn Idris, Abdurahmon ibn Muhammad al-Muhoribiy, Uboda ibn Sulaymon, Aqaba ibn Xolid as-Sukuniy, Mu’tamar ibn Sulaymon ar-Raqqiy, Mu’oz ibn Hishom, Muhammad ibn al-Fuzayl va boshqalardan hadis rivoyat qilgan. Ibn an-Nadim Muhammad ibn al-Fuzaylning hijriy 195 (milodiy 811) yili vafot etganligi hamda uning “as-Sunan”, “at-Tafsir”, “az-Zuhd”,”as-Siyam”, “ad-Duo” kabi kitoblari bo‘lganligi haqida ma’lumot bergan. Abdulloh ibn Sa’iddan esa Abu Zur’a, Abu Hotam, Ibn Huzayma, Umar ibn Muhammad ibn Bujayr, Ibn Abu Hotam, Xusayn ibn Sufyon, Abu Ya’lo va boshqalar hadis rivoyat kilganlar. Imom Dorimiy undan 63 ta hadis rivoyat qilgan.

Abdulloh al-Kindiy haqida ko‘plab buyuk allomalar o‘z fikrlarni bildirganlar. Jumladan, Yahyo ibn Ma’iyn: “Kuchli xotira egalaridan bo‘lib, lekin ba’zida zaif kishilardan ham hadis rivoyat qilgan” degan bo‘lsa, Abu Hotam: “Juda ishonchli va o‘z zamonasining imomlaridan edi”, deydi. Imom an-Nasoiy uni ishonchli, quvvai hofizasi kuchli bo‘lganligini e’tirof qilgan. Imom Muslim undan 70 ta hadis rivoyat qilgan.

Davomi bor

 

Manbalar asosida «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Muslimbek domla Yo’lchiboyev tayyorladi

Load More In МАҚОЛАЛАР