Imon Dorimiyning hayoti va ijodi (8-qism)

0
157

Bu guruh vakillaridan Imom al-Buxoriy “at-Tarix al-kabir” asarida Imom Dorimiydan Abu Hurayra orqali rivoyat qilingan janozada qatnashgan kishiga bir qiyrot savob berilishi haqidagi hadisni rivoyat qilgan. Ushbu ma’lumotni Imom at-Termiziy ham tasdiqlab, “Muhammad ibn Ismoil bu hadisni Abdulloh ibn Abdurahmondan rivoyat qilganini eshitganman” deb ta’kidlaydi. Shuningdek, at-Termiziy al-Buxoriyning Imom Dorimiydan Ato alXurosoniy ismli roviy haqida so‘ragani hamda savolga to‘liq javob olganligini ham qayd etib o‘tadi. Bu esa Imom Dorimiyning hadis roviylarini bilish bo‘yicha chuqur bilimga egaligi va Imom alBuxoriy, Imom at-Termiziylar undan ushbu ilm bo‘yicha tahsil olganliklaridan dalolatdir.

“Sahih” hadis to‘plamlarining boshqa mualliflari ham bevosita Imom Dorimiyning shogirdi bo‘lganlar. Imom Muslim hadis ilmlarining turli yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olishi bilan bir qatorda, shoh asariga Imom Dorimiydan rivoyat qilingan 73 ta hadisni kiritgan. Imom Abu Dovud “Sunan’’iga ustozidan rivoyat qilingan — 3 ta, Imom at-Termiziy esa “Sunan’’iga — 68 ta hadisni kiritgan. Imom an-Nasoiy “Sihoh sitta’’ga kirgan “Sunanidan boshqa asarlarida Imom Dorimiy hadislaridan rivoyat qilgan. Jumladan, u Qur’on oyatlarini qiroat qilishning fazilatlari haqidagi hadisni Imom Dorimiydan olgan.

Ikkinchi guruhga esa aynan Imom Dorimiydan hadis rivoyat ilishi bilan tanilgan ulamolar — Iso ibn Umar ibn al-Abbos as-Samarqandiy al-Hofiz, Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Ubaydulloh ash-Shayboniy al-Buxoriy (vaf. 922 y.), Abdulloh ibn Vosil al-Buxoriy, Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal (vaf. 909 y.), Jurjon shahrida hadislar rivoyat qilgan mashhur muhaddis Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh ibn Omir as-Samarqandiy, Abu Ahmad Solih ibn Yazdod al-Karobiysiy as-Samarqandiy, Abu Muhammad Abdulloh ibn Solih ibn Musovir al-Bazzoz al-Bakriy al-Madiniy as-Samarqandiy (vaf. 911 y.), Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn al-Hasan al-Qassom al-Madiniy as-Samarqandiy (vaf. 933 y.), Abu Muhammad Abd ibn Ahmad al-Attor as-Samarqandiy, Abu Lays Ubaydulloh ibn Surayj ibn Hujp ibn Ubaydulloh ibn alFazl ibn Tahmon ar-Rub’iy az-Zariyr al-Buxoriy (vaf. 871 y.), Abulhusayn Ubaydulloh ibn al-Marzbon ibn Turkish Taqiy ibn Kasiyr ibn Tarxun ibn Banoyjur ibn G‘urak, Abu Nasr al-Fath ibn Muhammad as-Samarqandiy kabi muhaddislar kiradilar. Bulardan tashqari Abu Sa’d as-Sam’oniyning asarida 24 ta, Nubayl ibn Hoshim o‘z tadqiqotida 32 ta Imom Dorimiydan hadislar rivoyat qilgan roviylar haqida ma’lumot bergan.

Imom Dorimiydan rivoyat qilgan eng yaqin shogirdi, aynan «Abdulloh Dorimiy “Sunan’’ining roviysi” sifatida tanilgan mashhur muhaddis Abu Imron Iso ibn Umar as-Samarqandiydir (vaf. taxm. 932 y.). Imom Dorimiyning hamshahri bo‘lgan Iso ibn Umardan Abu al-Hasan Muhammad ibn Abdulloh al-Kog‘adiy va Abdulloh ibn Ahmad ibn Hamvayh (vaf. 991 y.)lar rivoyat qilganlar.

Najmiddin Umar an-Nasafiyning “Kitob al-qand fi zikri ulamoi Samarqand” asarida keltirilgan Imom Dorimiyning ayrim hadislarini rivoyat qilganligi bilan nom olgan shogirdlaridan biri, Abu Ali al-Hasan ibn as-Sabboh al-Bazzor al-Vositiy al-Bag‘dodiydir (vaf. 863 y.). U buyuk muhaddislardan bo‘lib, Ibn Uyayna, al-Valid ibn Muslim, Zayd ibn al-Habbon, Ja’far ibn ABn, Ali ibn al-Madiniy, Is’hoq ibn Yusuf al-Azraq, Ahmad ibn Hanbal, Abu Usoma va boshqalardan ham hadis rivoyat qilgan. Undan esa Imom al-Buxoriy (10 ta), Abu Dovud (6 ta), at-Termiziy

(13 ta), Ibrohim al-Harbiy, Abu Bakr al-Bazzor, Abu Bakr ibn Abi Osim, Abdulloh ibn Ahmad, Ibn Nojiya, Ali ibn Abdulaziz al-Bag‘aviy, Abu Ismoil at-Termiziy va boshqalar hadislar rivoyat qilganlar.

Ko‘plab ulamolar al-Hasan ibn as-Sabboh haqida ijobiy fikrlarni bildirganlar. Jumladan, Abu Hotam uni ishonchli, to‘g‘riso‘z roviylardan ekani, Bag‘dodda katta hurmatga ega bo‘lgani, Ahmad uning obro‘sini yanada ko‘targanligini ta’kidlaydi. Ibn Hibbon “as-Siqot” asarida muhaddisni zikr qilib, uni hijriy 249 yili vafot etganligini qayd qiladi. As-Suroj ham ushbu sanani belgilab, Rabi’us-Soni oyida deb qo‘shimcha qiladi.

Ko‘proq Abu Zur’a Abdurahmon ibn Amr ad-Dimashqiy (vaf. 894 y.) nomi bilan tanilgan Abdurahmon ibn Amr ibn Abdulloh ibn Safvon ibn Amr an-Nasriy Imom Dorimiyning mashhur shogirdlaridan biri o‘z vaqtida Shomning buyuk shayxlaridan bo‘lgan. Ko‘p shaharlarga safar qilib, hadislarni o‘rgangan. Abu Zur’a Hijriy 281 yilning Jumadal Oxir oyida vafot etgan.

Ibn Abu Hotam: “Abu Zur’a otamning do‘sti edi. U otamdan. otam esa undan hadis yozardi. Juda rostgo‘y va ishonchli roviy edi. Otamdan u haqida so‘raganimda yaxshi fikrlarini bildirgan edilar” deydi. Bundan tashqari yana ko‘plab muhaddislar shunday fikrda edilar.

Abu Zur’a o‘z navbatida Muhammad ibn al-Muborak as-Savriy, Sulaymon ibn Abdurahmon, Abdulloh ibn Ja’far ar-Raqqiy, Abu Musahhir, Ali ibn Iyosh, Abu Na’im, Ahmad ibn Hanbal, Abu G‘asson Molik ibn Ismoil, Abu Ibn Solih al-Misriy, Ahmad ibn Xolid al-Vahbiy va boshqalardan hadislar rivoyat qilgan.

Imom Dorimiydan shuningdek, ustozi, ham zamondoshi bo‘lgan Ahmad ibn Hanbalning o‘g‘li, mashhur muhaddis Abdulloh ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Hanbal (828-909) ham ilm olgan va hadislar rivoyat qilgan. Shahobuddin al-Asqaloniy o‘z asarida Abdulloh ibn Ahmad haqida ulamolarning fikrlarini keltirib, uni ishonchli, to‘g‘riso‘z roviylardan bo‘lganligini ta’kidlaydi. Jumladan, Abu Bakr al-Xilol: “Abdulloh har tomonlama to‘g‘riso‘z va solih kishi” deb ta’riflagan.

Imom Dorimiyning yana bir mashhur shogirdi Abu Bakr Ja’far ibn Muhammad ibn al-Hasan al-Firyobiydir (vaf. 914 y.). bag‘dodda yashab, ijod etgan Abu Bakr Sharqdan G‘arbga safar qilgan, rli ilmlardan dars olgan, ulamolar darajasiga erishishga muyassar bo‘lgan. Manbalarda uning bir qancha muddat Dinovar qozixonasini karganligi qayd etiladi. Ushbu shaharcha o‘zida ko‘plab adab va hadis ilmi ahllarini jamlaganligi bilan mashhur bo‘lib, Imom Dorimiyning ustozi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf al-Firyobiyning o‘g‘li — Abdulloh ibn Muhammad al-Firyobiy, Abu Zur’a ar-Roziy, Abu Hotam ar-Roziy, Abu Sa’id al-Ash’aj va boshqalardan hadis rivoyat qilgan mashhur muhaddis Abdulloh ibn Muhammad ibn Vahb ibn Bishr ibn Solih ibn Hamadon Abu Muhammad ad-Dinovariy al-Hofiz ulardan biridir. Abu Bakr al-Firyobiy shuningdek, Imom al-Buxoriyning ustozi Abdulloh ibn Abu Avona ash-Shoshiydan (vaf. 899 y.) hadis tinglagan.

Abu Bakr al-Firyobiyning darslarida minglab kishilar qatnashar edi. Hijriy 301 yili Bag‘dodda vafot etgan. Uning o‘g‘li Abu al-Hasan Muhammad ibn Ja’far al-Firyobiy (861 yili tug‘ilgan) ham buyuk muhaddislardan bo‘lgan. Ibn an-Nadim ushbu muhaddisni “Kichik Firyobiy” deb atab, 50 ta kitobni o‘zida jamlagan “Kitob as-Sunan” asari haqida ma’lumot beradi. Shu bilan birga uni 300 hijriy yilining oxirgi kuni vafot etgan, deb qayd etadi.

Imom Dorimiy, uning ustozlari, zamondoshlari va shogirdlarining islom dinini qabul qilgan Movarounnahr xalqlari tomonidan shariatni o‘zlarining qonunlari, qadriyatlarini milliy qadriyatlarga aylantirishlarida xizmatlari beqiyosdir.

Davomi bor

 

Manbalar asosida: «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Muslimbek domla Yo’lchiboyev tayyorladi

Load More In МАҚОЛАЛАР