Muborak oy yaqin

0
209

Oylar sultoni Ramazon

Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar, Rasulimiz Muhammad Mustafoga eng ulug‘ durudu salavotlar bo‘lsin!
Alloh taolo Yeru Osmonlarni yaratib, Quyosh va Oyni yil va oy-kunlarni hisob-kitob qilish asosi qilib belgilaganida oylarni o‘n ikkita bo‘lishini iroda qildi. U Zot bu oylar ichidan O‘zi istaganini boshqalardan afzal qildi va ayrimlarini ma’lum ibodatlar uchun tanladi. Ana shunday tanlab olingan oylarning gultojisi – bu Ramazon oyidir.
«Ramazon» so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atshunoslarning aytishlaricha, u «qattiq issiq», «jazirama», «qizib cho‘g‘ bo‘lish», «kuydirish» ma’nolarini anglatuvchi kalimadan olingan. Bu oyning aynan ushbu nomni olishi sababi haqida turlicha fikrlar bor. Jumladan, alloma Javhariy: «Aytishlaricha, arablar oylarning nomlarini eski tillardan o‘girishganida oylarni o‘sha paytda to‘g‘ri kelgan vaqtiga ko‘ra nomlashgan. O‘shanda ushbu oy issiqning eng jaziramasiga to‘g‘ri kelgan ekan», deydi. Ikkinchi bir fikrga ko‘ra, «Ramazon oyi gunohlarni kuydirib tashlagani uchun shu nom bilan atalgan. Zotan, bu oy johiliyat davrida «Notiq» deb atalar edi». Boshqalar aytishadiki, «Bu oydagi ibodat – ro‘za kishilarni tashnalikdan ichini qizdirgani uchun oy ramazon deb nomlangan».
Nima bo‘lganda ham, Ramazon oyini Alloh xossatan ummati muhammadiya uchun alohida barakotli, fazilatli qilib qo‘ygan. Ramazoning xususiyati, fazilati, barakasi juda ham ko‘p va beqiyos. Biz hozir ulardan o‘zimizga ma’lum bo‘lganlarini eslab o‘tamiz:
1.    Ramazon oylarning sultonidir. Imom Tabaroniy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qligan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Oylarning eng afzali Ramazon oyidir», deganlar. Bu haqiqatni quyida keladigan satrlar ham tasdiqlaydi.
2.    Ramazon Qur’on oyidir. Ha, Ramazonning eng buyuk fazilatlaridan biri – bu uning Qur’on oyi ekanidadir. Alloh taolo O‘zining so‘ngi kitobi, Qiyomatga boqiy qoladigan, barchani ojiz qoldirgan mo‘’jiz kalomi Qur’oni Karimni nozil qilish uchun aynan Ramazon oyini tanlagan. Shuning o‘zi bu oyning qanchalar ulug‘ ekanini anglash uchun yetarlidir. Alloh aytadi:
«Ramazon oyi – unda  odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib Qur’on tushirilgandir» (Baqara, 185-oyat).
«Albatta, Biz U(Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik» (Qadr, 1-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Qur’onni avval Lavhul-mahfuzdan dunyo osmoniga butunicha nozil qilgan va bu Ramazon kechalaridan birida – Qadr kechasida bo‘lgan. Vaqti-soati kelib, Qur’onning Yer yuziga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilinishi ham aynan Qadr kechasida boshlangan. Keyinchalik har Ramazonda vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, u zotga shu Ramazongacha nozil bo‘lgan oyatlarni takrorlatadigan bo‘ldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etadigan yillari Qur’onni Jabroil alayhissalomga ikki bora o‘qib berganlar. Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumo bu muborak xatmga guvoh bo‘lganlar. Bu xatm manbalarda «arzai oxir» — «so‘ngi o‘qib o‘tkazish» degan nom bilan mashhurdir.

Manbalar asosida Bilim yurti mudiri Rustamjon domla Mahmudov tayyorladi.

Load More In МАҚОЛАЛАР