MAQOLALAR Dinimizda bemor ziyorati 26 марта, 2024 0 196 Dinimizda bemorlarni ziyorat qilish katta ajr-savob keltiruvchi amallardandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonning boshqa musulmondagi haqlarini bayon qilar ekanlar, bemor ziyorat qilishni ham sanab o’tganlar. Shuning uchun ba’zi faqihlar bu ishni vojib amal darajasiga ko‘targanlar. Lekin, ishonchliroq qavlga ko‘ra bu sunnatdir. Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon kishi bemor musulmon birodarini ziyorat qilishga borsa, to borib-kelgunicha jannat «xurfa»sida bo‘ladi», dedilar. Shunda: «Ey Allohning Rasuli, jannatning «xurfa»si nima», deyildi. Ul zot: «U (jannatning mevasi)ni terib oladi», dedilar». (Imom Muslim rivoyati) Shuni ham yodda tutish kerakki, islomda bemorni ziyorat qilishning fazilati qanchalik ta’kidlangan bo‘lsa, o‘z xatti-harakati bilan unga oz bo‘lsa ham mashaqqat yetkazmaslik haqida bundan-da ziyoda ta’kidlar kelgan. Ziyorat asnosida kasal yoki uning qarovchisiga aziyat yetkazgani sababli inson savob olish o‘rniga gunohkor bo‘lib qolishi mumkin. Shuningdek, bemor biror kimsa bilan muloqot qilishi unga zararli bo‘lsa, ziyorat qiluvchi u bilan ko‘rishaman, deb qattik turib olishi ham joizemas. Bunday paytda, kasalga kelganini bildirishning zarurati bo‘lmasa, tashqaridan xol so‘rab, duo qilish ziyoratning savobini beradi. Ulamolar bemorni qalbini avaylash maqsadida ziyoratchiga quyidagi odoblarga amal qilishini ta’kidlaydilar: -ziyoratchi bemor huzuriga oddiy kiyimda kirishi; -ziyoratchi o’zining safaridan, ziroatidan va tijoratidan so’zlamasligi; -ziyoratchi bemorning tanishlaridan birining vafot etganini zikr qilmasligi; -ziyoratchi o’zining tajribasiga asoslanib, bemorga dori-darmon tavsiya qilmasligi; -bemor ziyoratiga borgan kishi uning oldida uzoq qolib ketmasligi, balki, ziyoratni qisqa qilib, ortga qaytishi afzaldir; -ziyorat so’ngida bemorga sabrli bo’lishini eslatib, uning haqiga duo qilishi. Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi: Nodirbek domla Jamolov tayyorladi