Dinimizda bemor ziyorati

0
195

Dinimizda bemorlarni ziyorat qilish katta ajr-savob keltiruvchi amallardandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonning
boshqa musulmondagi haqlarini bayon qilar ekanlar, bemor ziyorat qilishni ham sanab o’tganlar. Shuning uchun ba’zi faqihlar bu ishni vojib amal darajasiga ko‘targanlar. Lekin, ishonchliroq qavlga ko‘ra bu sunnatdir.
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon kishi bemor musulmon
birodarini ziyorat qilishga borsa, to borib-kelgunicha jannat «xurfa»sida
bo‘ladi», dedilar. Shunda: «Ey Allohning Rasuli, jannatning «xurfa»si nima»,
deyildi. Ul zot: «U (jannatning mevasi)ni terib oladi», dedilar».
(Imom Muslim rivoyati)
Shuni ham yodda tutish kerakki, islomda bemorni ziyorat qilishning
fazilati qanchalik ta’kidlangan bo‘lsa, o‘z xatti-harakati bilan unga oz bo‘lsa
ham mashaqqat yetkazmaslik haqida bundan-da ziyoda ta’kidlar kelgan.
Ziyorat asnosida kasal yoki uning qarovchisiga aziyat yetkazgani sababli
inson savob olish o‘rniga gunohkor bo‘lib qolishi mumkin.
Shuningdek, bemor biror kimsa bilan muloqot qilishi unga zararli
bo‘lsa, ziyorat qiluvchi u bilan ko‘rishaman, deb qattik turib olishi ham joizemas. Bunday paytda, kasalga kelganini bildirishning zarurati bo‘lmasa, tashqaridan xol so‘rab, duo qilish ziyoratning savobini beradi.
Ulamolar bemorni qalbini avaylash maqsadida ziyoratchiga quyidagi
odoblarga amal qilishini ta’kidlaydilar:
-ziyoratchi bemor huzuriga oddiy kiyimda kirishi;
-ziyoratchi o’zining safaridan, ziroatidan va tijoratidan so’zlamasligi;
-ziyoratchi bemorning tanishlaridan birining vafot etganini zikr
qilmasligi;
-ziyoratchi o’zining tajribasiga asoslanib, bemorga dori-darmon tavsiya
qilmasligi;
-bemor ziyoratiga borgan kishi uning oldida uzoq qolib ketmasligi,
balki, ziyoratni qisqa qilib, ortga qaytishi afzaldir;
-ziyorat so’ngida bemorga sabrli bo’lishini eslatib, uning haqiga duo
qilishi.
Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi:
Nodirbek domla Jamolov tayyorladi

Load More In MAQOLALAR