МАҚОЛАЛАР Qur‘on qissalari 23 апреля, 2024 0 313 Shanba kuni sinalganlar 1-qism Qadimda Iyla nomli qishloq bo‘lib, uning aholisi baliq ovlash bilan tirikchilik qilishardi. Mana shu qishloqda Bani Isroil sulolasidan bo‘lgan bir qavm istiqomat qilar edi. Bani Isroil avlodlari ota-bobolari kabi shanba kunini muqaddas hisoblashar va shu kunni faqat ibodat uchun bag‘ishlashib, boshqa hech bir dunyoviy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lmas edilar. Ularga shanba kuni o‘t yoqish harom etilgani kabi baliq ovlash ham harom qilingan edi. Bu qishloqda shu kunning hurmatini bajo keltirmasdan, taqiqlangan ishlarni qiladigan kishilarni qo‘rqitib turuvchi maxsus yozuv bo‘lardi. Qishloq aholisining ba’zilari baliq ovlab sotish orqali, ba’zilari esa anbar savdo-sotig‘i bilan tirikchilik o‘tkazishardi. Alloh taolo qishloq aholisining rizqini ulug‘ qilib bergan edi. So‘ng Alloh taolo u qishloq ahlini qishloq yaqinidagi dengiz sohilida imtihon qilishni xohladi. U yerda ikkita katta oq tosh bo‘lib, baliqlar ular ustiga shanba kechasi va kunduzi chiqishardi. Chunki ular shu kunigina ovchilar to‘rlaridan omonda bo‘lishar, odamlar ko‘rsalar ham ularga qo‘llarini cho‘zmas edilar. Shanba kuni oxirlagach, eminlik vaqti tugaganini fahmlagan baliqlar tezlik bilan suvga sho‘ng‘ib, dengizga qaytishar va qirg‘oqdan uzoqlashib ketishar edi. Shunday qilib bu qishloq ahliga shanba kuni baliq ovlashni iloji yo‘q edi. Bu holat to baliqchilar asabiga qattiq ta’sir qilguncha davom etib turaverdi. Oxiri ovchilar bir-birlariga qarab: «Baliqlarning aqli borga o‘xshaydi, bo‘lmasa ularni ovlash harom qilingan kuni ko‘rinishib, boshqa kuni g‘oyib bo‘lisharmidi. Yoki dengizning tagida vaqtni bildirib turadigan soat bormikin? Axir baliqlar qanday qilib aynan shanba kuni bu yerga kelishadi?!» — deyishdi. Bu sirli hol qishloqlik ovchilarni ko‘p hayratda qoldirardi. Ajablanarlisi shunda ediki, baliqlar xato qilib qo‘yib, haftaning boshqa kunida, ya’ni ovlash mumkin bo‘lgan kunda chiqishmas edi. Qishloq aholisining ahvoli o‘zgara boshladi, zarar kun sari ko‘paya bordi. Chunki ular ovga chiqqan kunlari to‘rlariga baliq tushmay, quruq holda qaytishardilar. Bir kuni qishloq oqsoqollari to‘planishib, ov uchun boshqa biron yangi joy topishni maslahat qildilar. Bozor oqsoqoli esa: «Bozorimiz juda huvillab qoldi, mayda-chuyda baliqlardan boshqa hech vaqo yo‘q. Bu holda ish yurgizib bo‘lmaydi,» — deb og‘ir ahvolini tushuntirdi. Shunda ovchilarning boshligi turib: «To‘rlarimiz dengizdan sho‘r suv bilan to‘lib chiqyapti. Baliqlardan esa asar yo‘q. Agar qishga shu tarzda kirilsa unda bolalarimizni qanday boqamiz?» — deb tashvish bildirdi. Shu payt boshqa bir boshliq turib aytdi: «Baliqlar qachonki bizdan g‘azablansalar shunday qilishlari mumkin, chunki ular ov qilish harom qilingan kuni chiqishib, haftaning boshqa kunlari g‘oyib bo‘lishmoqda, bu bilan baliqlar bizni mazax qilmoqdalar.» Noroziliklar ko‘paydi, lekin oqibatda yig‘ilganlarning ra’ylari turlicha bo‘ldi. Bu gaplarni eshitib o‘tirgan mo‘‘minlar: «Alloh taolo shu yo‘l bilan bizni imtihon qilmoqda. Agar biz sabr qilib, o‘zimiz uchun halol deb hisoblangan kunda ovlashni davom ettiraversak, shoyadki Alloh taolo boshimizdan baloni ko‘tarib, yana rizqimizni avvalgidek qilib bersa», — dedilar. Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi Akramxon domla Suyarov tayyorladi.