МАҚОЛАЛАР Ularni ranjitmang! 27 апреля, 2024 0 294 Ular sening jannating yoki… Ota-onaga oq bo‘lish degan tushunchani ko‘pchiligimiz yanglish tasavvur qilamiz. Mazkur tasavvurga ko‘ra bu holat ota-onaning o‘z farzandidan u sodir qilgan o‘ta qabih va kechirib bo‘lmaydigan darajadagi mudhish bir qilmishi tufayli uzil-kesil norozi bo‘lib, undan voz kechishi va buni oshkora e’lon qilishida namoyon bo‘ladi. Ungacha oq bo‘lgan hisoblanmaydi. Aslida ham shundaymi?.. Ota-onaga oq bo‘lish tushunchasi faqat shundan iboratmi?.. Kishining ota-onasiga oqlik sodir qilib-qilmayotganini faqat yuqorida keltirilgan misoldagidek holat belgilab beradimi?.. Bu savollarga batafsil javob topish uchun mazkur tushunchaning kelib chiqishi, ma’nosi va shariatimizdagi ta’rifi bilan tanishib chiqishimiz lozim bo‘ladi. Zero, aynan dinimiz farzandning ota-onasiga qiladigan muomalasidagi muayyan holatni “ota-onaga oq bo‘lish” deya baholagan ekan, mazkur tushunchaning asl talqinini ham shar’iy manbalardan izlashimiz to‘gri bo‘ladi. Ota-onaga oq bo‘lish tushunchasi arab tilida “‘uququ-l-volidayn” deb atalib, yuqorida zikr qilingan holatdan birmuncha kengroq ma’nolarni qamrab oladi. Bu yerdagi “oq” (ﻋﺎﻖ) so‘zini rang turini bildiruvchi o‘zbekcha so‘z bilan chalkashtirmaslik lozim. Zero, “oq bo‘lish”dagi “oq” so‘zi asliyatda “kesmoq” ma’nosini anglatuvchi arabcha: “ﻋﻖ” (aqqa), “ﻴﻌﻖ” (ya’uqqu), “ﻋﻗﻮﻖ” “uquq(un)” (uzmoq, kesmoq) fe’lidan olingan ismi foil (ya’ni, ya’ni aniq darajadagi sifatdosh) bo‘lib, lug‘aviy jihatdan “ota-onasiga chiroyli muomalani uzuvchi, itoatsizlik qiluvchi, ularni xafa qiluvchi kishi” degan ma’nolarni anglatadi. “Uququ-l-volidayn” ning ziddi esa “birru-l-volidayn” (ota-onaga yaxshilik qilish) deb ataladi. Mashhur tilshunos alloma Ibn Manzur “uquq (oq bo‘lish)” so‘zining lug‘at jihatidan dalolat qiladigan ma’nolari haqida so‘z yuritar ekan, shunday deydi: “ﻋﻖ ﻮﺍﻠﺪﻩ” (aq-qa validahu) «otasiga oq bo‘ldi” degan ibora “otasiga itoat qilishdan bo‘yin tovladi” ma’nosini anglatadi, “ﻋﻖ ﻮﺍﻠﺪﻳﻪ” (aq-qa validayhi) “ota-onasiga oq bo‘ldi” so‘zi esa “ota-onani tashlab qo‘yib, ular bilan aloqani uzish hamda ular orqali bog‘langan qarindoshlari bilan aloqani uzish” ma’nolariga dalolat qiladi”. Ibn Manzur davom etadi: “Hadisi shariflarda «Nabiy sollallohu alayhi va sallam onalarga oq bo‘lishdan qaytarganlar»i vorid bo‘lgan. Shuningdek, mazkur so‘z (ya’ni uquq) “birr” “(ota-onaga) yaxshilik qilish” so‘zining ziddi (antonimi) hisoblanadi. Asliyatda esa bu so‘z “kesish” ma’nosini bildiruvchi “aq-qun” so‘zidan olingan ” (“Lisonu-l-arab”). Shar’an esa uququl-volidayn ya’ni “ota-onaga oq bo‘lish” deganda farzanddan ota-onaga ozor yetkazadigan har qanday so‘z va amallar sodir bo‘lishi nazarda tutiladi. Alloma Ibn Hajar aytadi: “Uququ-l-volidayn bu — ota-onaga yoxud ulardan biriga urf jihatidan arzimas sanalmaydigan darajada aziyat yetkazmoqdir. Yuqoridagilardan kelib chiqib, umumiy ma’noda tushunadigan bo‘lsak, “ota- onaga oq bo‘lish” deganda farzand tomonidan ota-onaga jiddiyroq bir ozor yetkazish, qattiqroq xafa qilish iroda qilinar ekan. Mazkur aziyat fe’liy, qavliy va imo-ishora bilan amalga oshiriladigan xatti-harakatlarni o‘z ichiga olishi mumkin. Ya’ni bu aziyat so‘z bilan, xatti-harakat orqali yoki imo-ishora bilan ham yetkazilishi mumkin. Hasan Basriy rahmatullohi alayxdan “uququ-l-vodidayn nima?” deb so‘rashganda: “U — farzandning o‘z ota-onasiga yaxshilik va ehsonni to‘xtatib qo‘yishi, ularni tashlab qo‘yishi va yuzlariga tik boqishidir”, deb javob beradilar. Tobeinlar ulug‘ining mazkur so‘zlaridan farzand ota-onasini o‘z yaxshiliklaridan mahrum qilishi ham ota-onaga oq bo‘lish jumlasidan hisoblanuvchi ishlardan ekanligi ma’lum bo‘ladi. Modomki shunday ekan, ota-onasini o‘z yaxshiliklaridan, mehr-muruvvatidan mahrum qilish tugul, ularga turfa xil ozor va aziyatlar yetkazish orqali doimiy ravishda dillarini ranjitib, xafa qiluvchi farzandlar haqida nima ham deyish mumkin?! Ato aytadi: “Zinhor ota-onangga qo‘l ko‘tarma! ” Urva ibn Zubayr (raziyallohu anhu esa): “ota-onangga ular yaxshi ko‘radigan narsalarni darig‘ tutma!”, deganlar. Salafi solihlarimiz ota-onaga yaxshilik qilish borasida g‘oyatda peshqadam va barchaga o‘rnak va namuna bo‘lganlar. Rivoyat qilinishicha, Zar ibn Umar ismli ota-onasiga o‘ta mehribon va mushfiq kishining otasidan farzandi haqida so‘rashdi. Otasi farzandining o‘ziga nisbatan ehtiromi nechog‘li ekanini ko‘rsatib beradigan ayrim ishlaridan gapirib, shunday deydi: “Kunduz kuni yurganimda o‘g‘lim men bilan bo‘lsa, orqamda yuradi. Tunda esa faqat oldimga tushib yuradi. Biror uy va hokazo ichida bo‘lsam, aslo uning tomiga chiqmaydi” (“Vafayotu-l-a’yon”, Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi Muhammadyahyo domla Mahmudov tayyorladi.