O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining O‘zbekiston Respublikasining barqaror rivojlanishidagi o‘rni

0
249

Annotatsiya. Mazkur maqola, O‘zbekiston Respublikasining diniy sohadagi davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan konsepsiyaning asosiy prinsiplari, mexanizmlari va vazifalarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Ushbu konsepsiyada jamiyatda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, fuqarolarning vijdon erkinligini himoya qilish va ta’lim tizimida dunyoviylikni saqlashga qaratilgan izchil chora-tadbirlar bayon etiladi. Maqola, davlat va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, diniy erkinlikni ta’minlash va ijtimoiy hamjihatlikni rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlarni ko‘rib chiqadi. Shu bilan birga, konsepsiyaning amalga oshirilishi jamiyatda qonun ustuvorligini, diniy va dunyoviy ta’limni uyg‘unlashtirishni va axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashni ko‘zda tutadi.

Kalit so‘zlar: konsepsiya, jamiyat, diniy bag‘rikenglik, vijdon erkinligi,  dunyoviylik,  davlat,  konfessiya.

Kirish

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasiga binoan har bir fuqaro vijdon erkinligiga, ya’ni xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech bir dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga egadir. Shu tamoyillarni amalda yanada mustahkamlash maqsadida, 2025-yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.

Mazkur konsepsiya O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasiga mos ravishda, diniy sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolarning diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash va shu bilan birga jamiyatda konfessiyalararo totuvlikni saqlashga xizmat qiladi. Konsepsiyada dinning jamiyat hayotidagi o‘rni, diniy tashkilotlar bilan davlat o‘rtasidagi munosabatlar, diniy ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish choralari ham o‘z aksini topgan.

Muhokama jarayonida jamoatchilik vakillari, dinshunos olimlar, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda diniy tashkilotlar vakillari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida hujjatga takliflar kiritilishi rejalashtirilgan. Bu esa, konsepsiyani jamiyat ehtiyojlari va real shart-sharoitlarga mos tarzda ishlab chiqilishiga xizmat qiladi.

Asosiy qism

O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi belgilangan. Dunyoiy davlat — din va davlat bir-biridan ajratilgan, ya’ni davlat diniy tashkilotlar ishiga aralashmaydi, biroq barcha dinlar uchun teng imkoniyat yaratadi. Hech bir diniy e’tiqod davlat siyosatiga ustuvor bo‘lmaydi.  O‘zbekiston Respublikasi o‘zining konstitutsiyaviy tamoyillariga ko‘ra, dunyoviy davlat hisoblanadi. Bu tamoyil davlat va diniy tuzilmalarning ajratilganligini anglatadi. Biroq bu holat dinga nisbatan e’tiborsizlik emas, aksincha, barcha diniy e’tiqodlarga nisbatan teng va hurmatli munosabatni ta’minlashni nazarda tutadi. Chunki dunyoviylik — diniy qadriyatlarni inkor etish emas, ularni jamiyat hayotining ajralmas qismi sifatida qadrlash va muhofaza qilishni taqozo etadi.

O‘zbekiston xalqining asrlar davomida shakllangan madaniyati, urf-odatlari, turmush tarzi va odob-axloq me’yorlari ko‘p jihatdan diniy qadriyatlar bilan uzviy bog‘liqdir. Islom dinining insonparvarlik, poklik, halollik, mehr-oqibat va boshqalarga yaxshilik qilishga da’vat etuvchi talablari xalqimizning kundalik hayotida chuqur ildiz otgan. Diniy qadriyatlar nafaqat shaxsiy e’tiqodning ifodasi, balki milliy birlikni mustahkamlovchi ijtimoiy omil sifatida ham xizmat qiladi. Bu qadriyatlar avloddan avlodga o‘tib kelmoqda va yurtimizda tinchlik, bag‘rikenglik hamda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.

O‘zbekiston dunyoviy davlat bo‘lishi bilan birga, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini ham faol qo‘llab-quvvatlaydi. Dinlarning asl insonparvarlik mohiyati, vijdon erkinligi va boshqa e’tiqodlar jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslaridan biri sifatida qadrlanadi. Bu qadriyatlar oilalarda o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga, turli millat va e’tiqod vakillari o‘rtasida totuvlik va jipslikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Eng asosiysi, vijdon erkinligi – har bir insonning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki umuman dinga ishonmaslik huquqi – aynan dunyoviy davlat tizimida to‘laqonli amalga oshiriladi. Chunki bunday davlatda hech bir din ustuvor deb e’tirof etilmaydi, barcha e’tiqodlar teng ko‘riladi, diniy ajratmalarga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat, o‘z navbatida, fuqarolarning e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy tashkilotlar faoliyati uchun qulay va adolatli huquqiy muhit yaratishga intiladi.

O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy, demokratik va huquqiy davlat sifatida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashni o‘zining eng ustuvor vazifalaridan biri deb biladi. Shu jumladan, vijdon erkinligi, e’tiqod erkinligi va diniy bag‘rikenglik tamoyillari ham davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil rivojlanib kelmoqda.

Normativ-huquqiy asoslarning shakllanish bosqichlari. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, vijdon erkinligini ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy asoslar shakllana boshladi. 1991 yil 14 iyunda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi ilk Qonun qabul qilinib, bu yo‘nalishda muhim huquqiy zamin yaratildi. Ushbu qonun orqali din va davlat o‘rtasidagi yangi, sog‘lom va zamonaviy munosabatlar shakllantirildi, turli diniy konfessiyalarga mansub fuqarolarning huquqlari himoya qilina boshlandi.

1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi esa fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini konstitutsiyaviy darajada kafolatlab berdi. Fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi singari huquqlar mustahkamlanib, jamiyatda mafkuralar va fikrlar xilma-xilligi uchun poydevor yaratildi.

1990-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshlarida diniy ekstremizm va terrorizm xavfi butun Markaziy Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham kuchaygan bir davr bo‘ldi. Diniy taassubni niqob qilgan radikal guruhlarning qonunga xilof faoliyati fuqarolarning vijdon erkinligiga tahdid soldi. Shunga javoban 1998 yil 1 mayda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilindi. Unda din va davlat munosabatlarini yanada aniq belgilovchi va fuqarolar huquqlarini himoya qiluvchi ko‘plab normalar mustahkamlab qo‘yildi.

2000-yillarda xalqaro terroristik tashkilotlar faolligining keskin oshishi ham mamlakat xavfsizligiga jiddiy tahdid soldi. Biroq davlat bu xavf-xatarlarga qarshi qat’iy chora-tadbirlarni amalga oshirib, bir vaqtning o‘zida vijdon erkinligini ta’minlash tamoyilidan voz kechmadi. Bu orqali ijtimoiy barqarorlik va millatlararo totuvlik muhofaza etildi.

So‘nggi yillarda, ayniqsa 2017 yildan boshlab, fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy tashkilotlar faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, diniy-ma’naviy merosni tiklash borasida yangi bosqich boshlandi. Konfessiyalararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va milliy qadriyatlarga hurmat tamoyillari davlat siyosatining markaziy yo‘nalishiga aylandi.

Davlat ziyoratgohlar va tarixiy-madaniy obidalarni obodonlashtirish, diniy ta’limni rivojlantirish, fuqarolarning e’tiqod erkinligini ta’minlashda faol ishtirok etmoqda. Mamlakat bo‘ylab yuzlab masjidlar, cherkovlar, boshqa diniy ibodat maskanlari qurilib, ta’mirlandi. Ko‘plab diniy ob’yektlar diniy tashkilotlarga foydalanish uchun topshirildi va fuqarolar u yerda emin-erkin marosimlarni bajarmoqda.

Ziyorat turizmini rivojlantirish borasida ham muhim siljishlar bo‘ldi. Haj kvotasi uch barobar oshirilib, umra kvotalari butunlay bekor qilindi. Natijada qariyb 800 ming fuqaro haj va umra ziyoratini ado etdi. Shuningdek, boshqa din vakillari ham o‘z muqaddas joylariga borish imkoniyatiga ega bo‘ldi — xristianlar, yahudiylar, baxoiylar, krishnaviylar va buddaviylar Rossiya, Italiya, Hindiston va boshqa mamlakatlardagi diniy maskanlarga tashrif buyurishdi.

O‘zbekistonda diniy ta’lim tizimi ham yangicha mazmunda rivojlanmoqda. Bugungi kunda 4 ta oliy islom ta’lim muassasasi, 10 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasi, jumladan ayollar uchun mo‘ljallangan 2 ta madrasa faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, pravoslav va protestant seminariyalari ham mavjud bo‘lib, bu O‘zbekistonda diniy xilma-xillikni hurmat qilish va qo‘llab-quvvatlashning amaliy isbotidir.

1992-yilgi Konstitutsiyada vijdon erkinligi fuqarolarning asosiy huquqlaridan biri sifatida belgilandi. Bu huquqni amaliy jihatdan ta’minlash maqsadida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. 1998-yilda ushbu qonun yangilangan holda qabul qilinib, din va davlat o‘rtasidagi munosabatlar yanada aniqroq tartibga solindi.

Yangi tarixiy bosqichda, ya’ni 2021-yil 5-iyulda qonunning zamonaviy talablarga javob beruvchi yangi tahriri qabul qilindi. Ushbu hujjat fuqarolarning diniy e’tiqod erkinligini yanada mustahkamlashga, diniy tashkilotlar faoliyatini ochiqlik va qonuniylik asosida olib borishga xizmat qilmoqda.

Soxta diniy e’tiqodlar ta’sirida taqiqlangan tashkilotlarga qo‘shilgan fuqarolar bilan ishlashda insonparvarlik tamoyillari asosida yondashilmoqda. O‘z qilmishidan pushaymon bo‘lgan, jamiyatga qaytish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun Prezident farmonlariga asosan afv etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bu nafaqat jazolash, balki tuzatish, ijtimoiy moslashuvni ta’minlash tamoyiliga asoslangan yondashuvdir.

Shuningdek, 2019–2021-yillarda amalga oshirilgan “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari doirasida Yaqin Sharqdagi mojaroli hududlardan 531 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Ularning ijtimoiylashuviga yordam berish, psixologik va huquqiy ko‘mak ko‘rsatish orqali ijobiy natijalarga erishildi.

O‘zbekiston diniy-ma’rifiy sohada ham jiddiy islohotlarni amalga oshirmoqda. 2018-yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tashkil etilishi – diniy va dunyoviy bilimlarni uyg‘unlashtirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy markazlar faoliyat boshladi. Bu markazlar islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar merosini chuqur ilmiy asosda o‘rganishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan diniy bag‘rikenglik va ma’rifat targ‘ibiga doir tashabbuslar xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Jumladan, 2018-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasining qabul qilinishi – mamlakat tashqi siyosatining tinchlikparvarlik va muloqotga asoslanganligidan dalolatdir.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 2,300 dan ortiq diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ularning 1800 dan ziyodi musulmonlarga, qolganlari esa pravoslav, katolik, protestant, yahudiy va boshqa diniy konfessiyalarga tegishlidir. Bu esa diniy xilma-xillikni hurmat qilish va fuqarolarning e’tiqod erkinligini ta’minlash borasida yaratilgan ochiq muhitni ifodalaydi.

O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi – fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng, jamiyatning ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutadigan diniy sohada izchil va puxta o‘ylangan davlat siyosatini shakllantirdi. Ushbu siyosat milliy qadriyatlar, xalqaro normalar hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga asoslangan holda olib borilmoqda.

Mamlakatda diniy sohani tartibga soluvchi siyosat quyidagi muhim tamoyillarga asoslanadi:

  • Qonuniylik. Diniy tashkilotlar faoliyati, diniy ta’lim, diniy marosimlar va boshqa sohalarda qonuniylikka qat’iy rioya qilinadi. Har bir fuqaroning diniy e’tiqodi davlat tomonidan himoya qilinadi, ammo bu huquq faqat qonunlar doirasida amalga oshiriladi. 2021-yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun bu yo‘nalishdagi yondashuvlarning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
  • Vijdon erkinligi. Fuqarolarning vijdon erkinligi – ya’ni istagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqi Konstitutsiya bilan kafolatlangan. Bu huquqni amaliy jihatdan ta’minlash uchun zarur huquqiy, tashkiliy va ijtimoiy shart-sharoitlar yaratilmoqda. Har bir fuqaro o‘z e’tiqodini erkin tanlash va ifoda etish huquqiga ega.
  • Dinning davlatdan ajratilganligi. O‘zbekistonda din davlatdan ajratilgan. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatiga aralashmaydi va ularni moliyalashtirmaydi. Ayni vaqtda, davlat diniy tashkilotlar bilan hamkorlikda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda ular bilan muloqot olib boradi. Bu tamoyil dunyoviylikni ta’minlab, jamiyatda muvozanatni saqlashga xizmat qiladi.

–                   Tenglik. Turli dinlarga e’tiqod qiluvchi fuqarolar qonun oldida teng huquqlidir. Hech kim diniy e’tiqodi yoki konfessiyaviy mansubligi sababli kamsitilmaydi. Mamlakatda 16 dan ortiq diniy konfessiyalar faoliyat yuritmoqda va ularning erkin ishlashi uchun huquqiy asoslar yaratilgan.

–                   Erkin fikrlash. O‘zbekistonda fikr erkinligi, shu jumladan diniy masalalarda ham, har bir fuqaroning tabiiy huquqi sifatida qaraladi. Har qanday fikr almashinuvi qonun doirasida, bag‘rikenglik va hurmat asosida olib borilishi lozim. Bu jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

–                   Dinlararo muloqot va o‘zaro tushunish. O‘zaro hurmat va muloqot madaniyatini rivojlantirish – diniy sohadagi davlat siyosatining ajralmas qismidir. O‘zbekiston turli konfessiyalar o‘rtasidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi. Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash faoliyati aynan shu tamoyilga asoslangan bo‘lib, dinlararo bag‘rikenglik va tinchlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Ta’lim yo‘nalishidagi dunyoviylik bu – ta’lim jarayonida, uni tashkil qilishda va ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda ta’lim oluvchilarda diniy aqida va qarashlardan xoli tarzda ilmiy bilim, mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish, qarashlar xilma-xilligini hurmat qilish, umumjamiyat manfaatlariga hissa qo‘shish g‘oyalariga tayanishdir[5].

O‘zbekiston Respublikasida dunyoviy davlat tamoyili asosida faoliyat yuritiladi. Bu esa ta’lim sohasida ham dunyoviylikning kafolatlanganligi, ta’lim tizimining har qanday diniy ta’sir va majburlovdan xoli ekanini anglatadi. Ta’limda dunyoviylikni ta’minlash, avvalo, ilm-fan, fikr erkinligi, axloqiy tarbiya va bag‘rikenglikni targ‘ib qilish kabi muhim vazifalarni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekistonda ta’lim sohasida dunyoviylikni ta’minlash maqsadida bir qancha samarali mexanizmlar joriy etilgan:

  • Ta’limning dunyoviy xususiyatini ta’minlash bo‘yicha izchil siyosat va aniq islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat ta’lim muassasalarida diniy betaraflikni saqlash, diniy ta’limni esa fuqarolarning o‘z xohishiga ko‘ra, maxsus diniy muassasalar orqali amalga oshirish belgilab qo‘yilgan.
  • Har bir fuqaro qonunlarda belgilangan tartibda dunyoviy yoki diniy ta’lim olish huquqiga ega. Bu huquqni ta’minlash va himoya qilish davlatning ustuvor vazifalaridan biridir. Ayni paytda, davlat majburiy ta’limni biror-bir asosga ko‘ra cheklashga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ham qat’iy choralar ko‘radi.
  • Aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ilmiy va aqliy salohiyatni oshirish, vatanparvarlikni, milliy qadriyatlar va ijtimoiy axloqqa hurmatni shakllantirish ta’lim siyosatida muhim o‘rin tutadi.
  • Ta’lim tizimida diniy betaraflik saqlanishi shart. Oliy va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida turli diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga, o‘quv dasturlari inklyuzivlikni ta’minlashi, barcha ta’lim oluvchilarning ehtiyojlari va manfaatlarini hisobga olishi lozim.
  • Ta’lim jarayonlari izlanish va o‘rganish muhitini yaratishi, o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash, dalillarni tahlil qilish, mustaqil xulosa chiqarish ko‘nikmalarini shakllantirishi darkor.
  • Gumanizm, adolat, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik kabi qadriyatlar ta’lim jarayonining markazida bo‘lishi kerak. Axloqiy masalalarga maqbul yechim topish ko‘nikmasini shakllantirish ham ta’limning asosiy vazifalaridan biridir.
  • Ta’lim tizimida turli dinlar va ta’limotlar haqida xolisona, tarixiy va ilmiy manbalarga tayangan holda bilim berish amaliyoti shakllantirilmoqda. Bu yoshlarda diniy tahammulsizlikning oldini olishga xizmat qiladi.
  • Ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi muallimlar diniy bag‘rikenglikka amal qilgan holda, axloqiy, estetik va falsafiy bilimlarni singdira oladigan, ilmga asoslangan dunyoqarashga ega kadrlar bo‘lishi kerak. Bu maqsadda pedagoglarni tayyorlash va tanlashda ushbu jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ta’lim sohasida dunyoviylikni ta’minlash — bu faqat davlat siyosati emas, balki jamiyatning barqarorligi va intellektual salohiyatining asosidir. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilinayotgan qonunlar va yaratilayotgan muhit mamlakatning kelajak avlodini ilmli, axloqli va bag‘rikeng insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Ta’limning dunyoviyligi faqat dindan voz kechish emas, balki har bir fuqaroning fikriy erkinligi va insoniy qadr-qimmatiga bo‘lgan hurmatini ta’minlashdir.

 

Xulosa

O‘zbekiston Respublikasining diniy sohadagi davlat siyosatiga doir konsepsiya, mamlakatda diniy erkinlikni ta’minlash va jamiyatda diniy bag‘rikenglikni rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlar va tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Ushbu konsepsiyaning asosiy maqsadi – fuqarolarga vijdon erkinligini ta’minlash, diniy e’tiqodlariga hurmat ko‘rsatish va diniy va dunyoviy ta’lim tizimlarini uyg‘unlashtirishga asoslangan harakatlarni amalga oshirishdir. Konsepsiyada belgilangan vazifalar, jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish, va diniy erkinliklarni ta’minlash uchun shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

Ta’lim tizimining dunday imkoniyatlarni yaratish uchun belgilangan asosiy tamoyillar va mexanizmlar, fuqarolarni dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini ta’minlashni, diniy betaraflikni saqlashni, va jamiyatda ijtimoiy hamjihatlikni kuchaytirishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, konsepsiya jamiyatda ilmiy, axloqiy va ma’naviy rivojlanish, diniy qarashlarni majburiy soddalashtirmasdan, ilmiy yondashuv asosida shakllantirishni ko‘zda tutadi. Bu jarayon, mamlakatda diniy va dunyoviy bilimlar, san’at, va ijtimoiy fanlarni rivojlantirishga yordam beradi.

Bunga qo‘shimcha ravishda, konsepsiya davlat va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi munosabatlarni, diniy bag‘rikenglikni va totuvlikni ta’minlash uchun tashkiliy-huquqiy asoslarni takomillashtirishga yo‘naltirilgan. Shu bilan birga, diniy sohadagi kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishni rivojlantirish, diniy siyosatni tizimli ravishda yoritish va ilmiy tadqiqotlar orqali ijtimoiy muammolarni oldini olishga xizmat qiladi. O‘zbekistonning diniy siyosati, uning konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, diniy erkinlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, hamda jamiyatda totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan yondashuvlarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Bu o‘z navbatida mamlakatda barqarorlik, tinchlik va ijtimoiy rivojlanishga olib keladi.

Ta’lim muassasa  mudarrisi Rahimov Elyor

Load More In МАҚОЛАЛАР