МАҚОЛАЛАР Ilm 4 декабря, 2025 0 135 Ilm Kimki bir yaxshi kitob o‘qib, undan manfaat topsa-yu, uni do‘stlari va yaqinlariga tavsiya qilmasa — u o‘zida bor ne’matni boshqalardan qizg‘angan bo‘ladi. Chunki ilm – Allohning nuridir. Bu nur bir qalbga tushsa, uni boshqalarga yoyish mo‘minning burchi sanaladi. Yaxshi kitob insonning fikrini kengaytiradi, qalbini tozalaydi, dunyoqarashini o‘zgartiradi. Ana shunday foydani ko‘rgan banda uni boshqalarga aytmasa, aslida u o‘zi olgan ne’matning haqini ado qilmagan bo‘ladi. Xuddi shuningdek, kimki bir yaxshi ustozdan dars olib, ilmu ma’rifatdan bahra olsa-yu, shu ustozni boshqalarga tanitmasa, odamlarni ilm nuri sari chorlamasa — bu ham baxillikning bir ko‘rinishidir. Ustoz – nur taratuvchi chiroqdir. Chiroq bir xonani yoritganidek, ilm bir odamni yoritadi, ammo haqiqiy maqsad — boshqalarga ham shu nurdan ulashishdir. Bir ustozning hikmatidan bahramand bo‘lgan kishi uni yashirmasligi, aksincha, o‘sha ilm manbasiga boshqalarni ham boshlashi kerak. Mo‘min kishi shuni bilsinki: — Ilm — faqat o‘zi uchun emas, ummat uchun berilgan ne’matdir. — O‘zi topgan yaxshilikni boshqalarga yetkazish — iymonning komilligidan. — Nafsga ergashib ilmni yashirish esa — qalbning qotishidan. Shuning uchun kimki ilm topgan bo‘lsa, uni elga yoysin. Kim yaxshi kitob o‘qisa, boshqaga tavsiya qilsin. Kim yaxshi ustoz topsa, o‘sha nurdan boshqalarni ham bahramand qilsin. Chunki yaxshilikni ulashish — mo‘minning saxovati, uni yashirish esa baxilligidir. Bilim yurti mudarrisi Suyarov Akramxon