Vatanga muhabbat — yuksak mas’uliyat

0
960

Vatan — inson tug‘ilib o‘sgan zamin, bolaligi xotiralari, ota-onasi duosi, ajdodlari merosi va kelajak avlodlari taqdiri mujassam bo‘lgan muqaddas maskandir. Inson dunyoning turli joylarida yashashi, turli mamlakatlarni ko‘rishi mumkin, ammo uning qalbida tug‘ilib-o‘sgan yurti bilan bog‘liq o‘ziga xos rishta saqlanib qoladi. Shu bois vatanga muhabbat oddiy hissiyot emas. U insonni mas’uliyatli bo‘lishga, o‘z yurti va xalqiga foyda keltirishga undaydigan yuksak tuyg‘udir.

Islom ta’limotida ham insonning o‘z yurti, oilasi va jamiyatiga nisbatan mas’uliyati katta ahamiyatga ega. Qur’oni karim insonni yer yuzini obod qilishga chaqiradi:

«هُوَ أَنْشَأَكُمْ مِنَ الْأَرْضِ وَاسْتَعْمَرَكُمْ فِيهَا»

“U sizlarni yerdan paydo qildi va sizlarni uni obod qilishga mas’ul etdi” (Hud surasi, 61-oyat). Ushbu oyat insonning jamiyat va yashab turgan muhitini bunyod etishdagi vazifasini anglashiga haqiqiy asos bo‘la oladi.

Vatanga muhabbatni faqat balandparvoz so‘zlar yoki shiorlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Haqiqiy muhabbat — amalda namoyon bo‘ladi. O‘z ishini halol bajarish, ilm olish, kasbni puxta egallash, jamoat mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, atrof-muhitni asrash, soliqlar va qonuniy majburiyatlarga mas’uliyat bilan qarash, muhtojlarga yordam berish — bularning barchasi vatan oldidagi mas’uliyatning ko‘rinishlaridir.

Payg‘ambarimiz Muhammad :ﷺ

عن عبد الله بن عمر قال قال رسول الله ﷺ: «كُلُّكُمْ رَاعٍ وَكُلُّكُمْ مَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ»

“Har biringiz boshqaruvchisiz va har biringiz o‘z qo‘l ostingizdagilardan mas’ulsiz”, (Buxoriy rivoyati, 2554-hadis) deganlar. Ushbu hadis insonning o‘z zimmasidagi vazifani anglab yashashi kerakligini o‘rgatadi. Jamiyatdagi har bir insonning o‘z o‘rni bor: talabaning mas’uliyati — yaxshi o‘qish va ilm egallash, ustozniki — sifatli ta’lim berish, shifokorniki — inson salomatligini asrash, tadbirkorniki — halol mehnat va ish o‘rinlari yaratish, rahbarning vazifasi esa adolat va omonatni ado etishdir.

Vatanga muhabbat ilm bilan ham chambarchas bog‘liq. Kuchli davlat faqat tabiiy boyliklar bilan emas, avvalo bilimli, tafakkurli va mas’uliyatli fuqarolari bilan rivojlanadi. Bugungi talaba ertangi kunning shifokori, muhandisi, olimi, o‘qituvchisi, tadbirkori yoki davlat xizmatchisidir. Shuning uchun yoshlarning sifatli ta’lim olishi — shaxsiy manfaat bilan birga, mamlakat kelajagiga qo‘shilgan hissadir. Bir insonning ilmga jiddiy munosabati ba’zan butun jamiyat uchun manfaat keltiradigan kashfiyot yoki tashabbusga aylanishi mumkin.

Vatanga muhabbat, ayniqsa, uning tinchligini qadrlashda namoyon bo‘ladi. Tinchlik bor joyda ilm rivojlanadi, iqtisodiyot o‘sadi, oilalar xotirjam yashaydi va inson o‘z kelajagini rejalashtira oladi. Shu sababli jamiyatda adovat, fitna, zo‘ravonlik va ekstremistik g‘oyalarning tarqalishiga befarq bo‘lmaslik ham vatanparvarlikning bir ko‘rinishidir. Biroq bunday xavflarga qarshi kurash jaholat yoki nafrat bilan emas, balki ilm, ma’rifat, qonuniylik va sog‘lom fikr bilan olib borilishi kerak.

Vatanparvarlik boshqa xalqlarni kamsitish yoki o‘z yurtini boshqalardan mutlaq ustun qo‘yish degani ham emas. Islom insonlar o‘rtasidagi adolatni buyuradi. Alloh taolo Moida surasini 8-oyatida bunday marhamat qiladi:

«اعْدِلُوا هُوَ أَقْرَبُ لِلتَّقْوَى»

“Adolat qilinglar! Bu taqvoga yaqinroqdir”.

Demak, o‘z Vatanini sevish bilan birga boshqa insonlar va xalqlarga nisbatan adolatli, hurmatli va tinchliksevar bo‘lish ham yuksak axloqning belgisidir.

Haqiqiy vatanparvar o‘z yurtining kamchiliklarini yashirishga emas, ularni ilm, halollik va mas’uliyat bilan tuzatishga intiladi. Chunki Vatanni sevish — uning muammolariga befarq bo‘lmaslikdir. Ko‘chadagi chiqindini ko‘rib “bu mening ishim emas” demaslik, korrupsiyaga ko‘z yumib ketmaslik, yolg‘on axborot tarqatmaslik, jamoat mulkini asrash, o‘z kasbini vijdonan bajarish — kundalik hayotdagi oddiy, ammo juda muhim vatanparvarlikdir.

Bugun Vatan bizdan faqat uni sevishimizni emas, unga munosib bo‘lishimizni talab qiladi. Yoshlar uchun bu — vaqtni behuda sarflamasdan ilm olish; mutaxassis uchun — kasbini mukammal egallash; ota-ona uchun — jamiyatga foydali avlod tarbiyalash; rahbar uchun — adolat va xalq oldidagi omonatni ado etishdir.

Vatan muhabbati qalbda boshlanadi, ammo uning haqiqiy qiymati amalda ko‘rinadi. Chunki Vatanni sevish — “Men yurtim uchun nima qila olaman?” degan savolni o‘zimizga berishdan boshlanadi. Vatanga muhabbat — faxr bilan aytiladigan quruq so‘z emas, mas’uliyat bilan bajariladigan vazifadir. Yurtning kelajagi uning fuqarolarining bugungi halolligi, ilmi, mehnati va mas’uliyatiga bog‘liq. Shunday ekan, Vatanimizni sevishning eng go‘zal yo‘li — uni obod qilishga hissa qo‘shish, tinchligini asrash, xalqiga foydali bo‘lish va kelajak avlodga bugungidan yaxshiroq meros qoldirishdir.

Ta’lim muassasasi talabasi 

Abdumutalibov Muhammadamin Oybek o’g’li

Load More In МАҚОЛАЛАР