МАҚОЛАЛАР ASRLARNI ZABT ETGAN ASAR (2-qism) 28 мая, 2020 0 6,072 Har qachonki nahv fani borasida so’z ketsa, albbatta, ko’pchilikning xotiriga “Kofiya” asari keladi. Bu asar nahv fanida bitilgan asarlar ichida matnining mo’jazligi, ma’nolarini va bahslarni o’z ichiga olish borasida tengi yo’q asardir. Muallif o’zining bu asari dunyoning har tarafiga yoyila boshlaganidan so’ng unga ergashtirib sharh va nazmlar yozdi. Shuningdek, “Kofiya” asariga muallifdan boshqa sharh yozgan ulamolar bisyordir. Bu asar shu qadar mashhurlik cho’qqisiga chiqdiki, tolibi ilmlar bu asar bitilgan vaqtdan buyon hozirgi asrimizga qadar qo’ldan qo’ymay kelishmoqda. Buning barchasi Alloh taoloning Ibni Hojib rohimahullohning ilmiga bergan baraka va fazli samarasidir. Bu asarga yozilgan sharhlar quyidagilardan iborat: Muallifning o’zi yozgan “Al-Vofiya nazmi al-Kofiya” asari Roziyuddin Muhammad ibn Hasan Istaraboziyning “Sharhu ar-Roziy” asari. Shihobiddin Ahmad ibn Umar Divoniyning “Sharhu al-Hindiyya” asari. Alouddin al-Bastomiyning sharhlari. Abdurrahmon ibn Ahmad Jomiyning “Favoidu az-Ziyoiyya” yoki “Favoidu al-vofiya bihalli mushkiloti al-Kofiya”[1] Ibrohim ibn Muhammad Arabshoh Asomiddin al-Isfaroyiniyning yozgan sharhlari. “Sharhi Mulla Jomiy” asari “Kofiya” matnlariga yozilgan sharhlarning eng qadirlisi bolishiga, e’tibor qozonishiga, keng yoyilishiga sabab nima? Ulamolarning kitoblarni yozish uslubi zamonlar e’tiboridan turlicha bo’lib kelgan. Yoki muallifning o’z xohishiga ko’ra asarlarining yozilish uslublari turlicha bo’lgan. Ya’ni asarning murakkab yoki yengil bo’lishi, nazmiy yoki nasriy bo’lishi zamon talabiga yoki muallif istagiga ko’ra bo’lgan. Biz so’z yuritayotgan “Sharhi Mulla Jomiy” asarining yozilish davri islom diyorlarida ilm o’rganish va o’rgatish jarayonlari yuqori cho’qqisiga chiqgan zamonlarga to’g’ri keladi. Bizning asrimizga kelib tolibi ilmlarga murakkabdek ko’rinayotgan bu asar, muallif “Sharhi Mulla Jomiy” asarining muqaddimasida so’z yuritganidek ilmga endi qadam qo’ygan boshlang’ich bosqichdagi tolibi ilmlar uchundir. Muallif bu asarini o’sha zamon insonlari uchun tushunarli va yengil shaklda yozgan bo’lsa-da, keyichalik bu asar ma’nolariga chuqur yetib borish mashaqqat kasb eta boshladi. Lekin bu mashaqqatlarga badal o’laroq Alloh taolo ularning fikrlash, tafakkur va anglash qobiliyatlarini yuksaltirib qo’ydi. “Ilm mashaqqatlar miqdoricha hosil bo’ladi”, degan ulamolarning so’zlari asrlar osha o’z isbotini topib kelmoqda. Bu asarni qo’liga olib mutolaa qilgan har bir tolibi ilm Hazrat Jomiyning avliyolik ruhlarini sezgan va ilmidagi samaralarini ko’rgan. Yuqoridagi foydalari sababli “Sharhi Mulla Jomiy” asari tolibi ilmlarning sevimli kitobiga aylangan va hozirgacha shunday bo’lib kelmoqda. “Sharhi Mulla Jomiy” asarining afzal jihatlaridan yana biri, yuqorida aytib o’tganimizdek, Mulla Abdurahmon Jomiy rohimahulloh valiylik maqomida bo’lganlaridir. Ulamolarning aytishicha, kitobxon kitob mutolaa qilar ekan, muallif bilan uning o’rtasida ma’naviy suhbat bo’lib o’tadi. Muallifning xulqi, odobi, ilmi, taqvosi kitobxonga ta’sir ko’rsatar ekan. Shu sababdan ham ulamolar Allohning do’sti bilan ma’naviy suhbatga shoshilishgan va “Sharhi Mulla Jomiy” asarini sevib mutolaa qilishgan. Kitobxonlar bu asardan nafaqat yuqori saviyadagi arab tili grammatikasi borasida ilmlarni olishgan, balki o’ziga xos fayz-u baraka, ilohiy nur, go’zal xulq va odob o’rganishgan. Ulug’ ustozlarning aytishicha, tasavvuf ahli olimlari ilmda bir maqomga yetishganidan so’ng o’zlarining qolgan umrlarini Alloh taologa qurbat hosil qilishga va qo’shimcha ibodatlarga sarflashgan. Lekin olingan ilmlarni takror qilishga navbat kelganda doim “Sharhi Mulla Jomiy” asarini olib, bu kitobdan mutolaa qilar va qalblarida o’zgacha sakinat hosil bo’lar ekanlar. Har bir olim ilm olish jarayonida “Sharhi Mulla Jomiy” asariga yoki “Kofiya” asariga murojaat qilmasa, u olim hisoblanmasligini tarixda o’tgan olimlar va hozirgi kundagi diniy ilmlar, xususan, arab tili grammatikasi bilan shug’ullanayotgan yuqori saviyadagi ilm sohiblari e’tirof etib kelmoqdalar. Shuningdek bir kishi dunyodagi barcha grammatik kitoblarni o’rgansa-da, “Sharhi Mulla Jomiy” yoki “Kofiya” asaridan ham dars bera olmasligini va, aksincha, bu ikki asarni chuqur o’rganib, qoidalarni nozik jihatlari bilan anglab yetsa, dunyodagi barcha grammatik kitoblardan dars bera olishini ta’kidlamoqdalar. Mulla Abdurahmon Jomiy rohimahullohning “Sharhi Mulla Jomiy” asari bu qadar mashhur bo’lib ketishiga sabab u zotning o’rta asrlarda yashab o’tganidir. Chunki o’rta asrlarda islomiy ilmlarni o’rganish, uni dunyoga yoyish harakati o’z rivojlanishining cho’qqisiga chiqqan edi. Ulamolarning nodir asarlarining ko’plari mana shu asrlar atrofida ham dunyo yuzini ko’rgan. Shuningdek, sultonlar, podshohlar ham o’sha asrlarda ilm-ma’rifat ulashishga o’zlarning katta hissalarini qo’shib, madrasalar, ilm dargohlarini qurishgan. Bu esa, albatta, Abdurahmon Jomiy va yana ko’plab dovrug’i dunyoni tutgan ulamolarning yetishib chiqishi va hozirgi kunga qadar islomiy ilmlarning yetib kelishiga yordam bergan. Mulla Abdurahmon Jomiy rohimahulloh mantiq fanida yetuk ilmga ega bo’lgan. Shuning uchun “Sharhi Mulla Jomiy” asarida mazkur bilimlarga asoslanib “Kofiya” kitobini sharhlaganlar. “Sharhi Mulla Jomiy” asarini tadris qilishga bel bog’lagan har bir tolibi ilm avval mantiq fanidan ham bilimlarini rivojlantirib olishi kerak. Aks holda kitobning muallifi iroda qilgan ma’nolarni to’liq tushuna olmaydi va ko’zlangan maqsadga yetishi qiyinlashadi. Ko’rishimiz mumkinki, “Sharhi Mulla Jomiy” asarini o’rganish, undan foyda olish shartlariga amal qilish tolibi ilmga nafaqat grammatik jihatdan manfaat hosil qilish, balki unga boshqa ilmlarni o’rganishga ham yo’l ochib beradi. “Sharhi Mulla Jomiy” asarini o’rganishning foydalarini sanab o’tar ekanmiz, ulamolar undagi qoidalarni va kitobda muallif bayon qilgan ma’nolarni tushunib yetib, undagi barcha masalalarni qalbiga joylagan kishi, albatta, ilmda yuqori martabaga Alloh taoloning izni bilan erishishini ta’kidlab o’tishgan. Mulla Abdurahmon Jomiy rohimahulloh: ,,Kimki “Sharhi Mulla Jomiy” asarida bayon qilingan masalalarni to’liq yod bilsa, u ,albatta, mullo bo’ladi, aks holda, qiyomatda hisobini mendan so’rasin” , — deb aytgan so’zlari ahli ilmlar o’rtasida rivoyat qilib kelinadi. Bu so’zlarning barchasi “Sharhi Mulla Jomiy” asari sohibining valiylik darajasida bo’lgani va ushbu kitobni ham o’sha maqomda turib yozganligiga yorqin hujjat bo’la oladi. “Sharhi Mulla Jomiy” asarining asliy nomi bo’lgan “Favoid uz-Ziyoiyya” (,,Ziyouddinning foydalari”) nomini berish tarixi ham barchamizning e’tiborimizni tortishi aniq. Abdurahmon Jomiy rohimahullohning o’g’li bo’lgan Ziyouddin rohimahulloh “Kofiya” kitobini o’qib, kitobning saviyasi yuqoriligi va jumlalarning murakkabligi uchun uning mazmunini tushunishga qiynaladi. So’ng otasi o’gli uchun “Kofiya” asariga sharh yozishni boshlaydilar. Allohning qazosi yetib, “Sharhi Mulla Jomiy” asari yakunlangunga qadar Ziyouddin rohimahulloh vafot etib qoladilar. Ushbu “Sharhi Mulla Jomiy” asarining farzandi o’qishi nasib qilmagach, kitobni “Favoid uz-Ziyoiyya” (Ziyouddinning foydalari”) deb nomlaydilar. Chindan ham mazkur asar Ziyouddin rohimahulloh sababidan o’n asrdan ziyod vaqt mobaynida qo’ldan tushmay o’qib, o’qitilib kelinmoqda. Buning barchasi Mulla Abdurahmon Jomiy rohimahullohning qilgan taqvolari, mahorati va Alloh taologa bo’lgan yaqinligi samarasidir. Aks holda, Alloh taolo bandasiga bu qadar yuksak maqom, martaba, sharaf bermagan bo’lar edi[2]. “Sharhi Mulla Jomiy” asarini dunyodagi eng mukammal asar deb aytishdan yiroqmiz. Zero, “Sharhi Mulla Jomiy” asari yozilgunga qadar ham uning o’rnini bosuvchi kitoblar bisyor bo’lgan. Nahv ilmidagi mazhab bo’lgan basraliklar mazhabida grammatik kitoblar yozgan ulamolarining eng mashhurlaridan biri bo’lgan Imom Sibavayhning “Al-Bahr” (“Dengiz”) nomli kitobi arab tili grammatikasining ustunlaridan hisoblangan. Biror nahv ilmi bilan shug’ullanuvchi olim bilan suhbatlashilib, undan “Dengizda suzganmisiz?” deya “Al-Bahr” kitobini nazarda tutib so’rashgan, agar u Imom Sibavayhning bu kitobiga murojaat qilmagan bo’lsa, uni nahv ilmida so’zlari e’tiborga olinmagan. Bu yuqoridagi kitoblar qanchalar mukammal, batafsil bo’lmasin, tolibi ilmlarga uning hajmining kengligi va vaqt tig’izligi “Al-Bahr” asariga sho’ng’ishlariga monelik qilgan yoki kam sonli kishilar bu asar tadrisiga himmat qilishgan. Ammo “Sharhi Mulla Jomiy” asarining dunyo yuzini ko’rishi ko’pchilikka xushxabar bo’ldi. Uning mo’jazligi-yu keng ma’nolar ifoda qilishi insonlarni o’ziga torta boshladi. “Sharhi Mulla Jomiy” asarida grammatik qoidalar, ixtiloflarning oxirgi natijasi va xulosalari lo’nda, rad etib bo’lmas ko’rinishda tuzilgani insonlarga qulaylik yaratib, ularning tahsiniga sazovor bo’ldi. E’tibor beradigan bo’lsak, biror asar qanchalar batafsil, keng va ko’p ma’lumotli bo’lmasin, azaldan tolibi ilmlar o’rtasida muxtasar kitoblarga qiziqish, ularga intilish kuchliroq bo’lgan. “Sharhi Mulla Jomiy” asarining ustun jihati ham uning mo’jazligi va hajm jihatdan mo’tadilligidir. Yuqoridagi ma’lumotlardan xulosa qilib shuni aytamizki, Abdurahmon Jomiy, Ibni Hojib rohimahullohlar o’z davrlarining eng zabardast olimlaridan, nahv ilmining bilmdonlaridan, arab tili grammatikasi va ilmlari dengizining mohir g’avvoslaridan bo’lganlar. Ular o’zlarining ilmiy salohiyatlarini kundek ravshan qilib uslub hamda mukammallik jihatidan shu qadar go’zal asarlar yozib qoldirdilarki, Alloh taoloning inoyati bilan hali hanuz dunyoning ko’plab mamlakatlarida o’qilib kelinmoqda. Quyidagi haqiqatni ta’kidlab o’tish ham kerakki, arab tili grammatikasi haqida juda ham ko’p kitoblar yozilgan. Kitoblarning son-sanog’iga yetib bo’lmaydi. Ammo ulardan hammasi ham hozirgi kunimizga qadar yetib kelmadi. Uzoq asrlar davomida kitoblar o’qib kelinishini esa zamon va qalblarning yakka hokimi Alloh azza va jalla hal qiladi. U zotlarning muborak kitoblari hali hanuz o’qilib kelinishidan ularning Alloh taologa naqadar yaqin ekanliklarini, Alloh subhanahu va taoloning huzurida darajotlarini bilib olishimiz mumkin. Alloh ulardan o’zi rozi bo’lsin. Jannati na’imlar bilan siylasin. Darajotu martabalarini yanada yuqori qilsin. Bizlarga o’rgatayotgan ustozlarimizdan Alloh taolo rozi bo’lsin. Bizlarni esa u zotlarga mos voris qilsin. Ularning kitoblarini o’qib-o’zlashtirib, kelasi avlodga munosib ravishda yetkazishimizni muvaffaq qilsin. Foziljonov Nurullo “Sayyid Muhyiddin maxdum” O`rta maxsus islim bilim yurti 3-bosqich 72-guruh talabasi [1] https://www.wikipedia.org veb sayti. Kutub Mulla Abdurrahmon Jomiy sahifasi. 6 Sharhi al-Jomiy kitobi, “Maktabat ul-Madiyana” nashriyoti, Karachi, Pokiston.