МАҚОЛАЛАР G‘azab 8 мая, 2026 0 188 G‘azab Inson hayotida ko‘plab tuyg‘ular mavjud. Ularning ba’zilari insonni yaxshilikka yetaklasa, ba’zilari nazorat qilinmasa, katta xatolarga sabab bo‘lishi mumkin. Shunday tuyg‘ulardan biri g‘azabdir. G‘azab aslida inson tabiatida bor bo‘lgan sifat bo‘lib, u to‘g‘ri boshqarilsa foydali, nazoratsiz qolsa esa zararli bo‘lishi mumkin. G‘azabning asl sababi Ko‘pincha insonning g‘azabga berilishi dunyo hayotining mohiyatini to‘g‘ri anglamaslikdan kelib chiqadi. Ya’ni inson voqealarga faqat tashqi sabablar orqali qaraydi va barcha ishlarning asl yaratuvchisi Alloh taolo ekanini unutib qo‘yadi. Holbuki, har bir amal kim tomonidan bajarilishidan qat’i nazar, uning yaratuvchisi Allohdir. Qur’onda Alloh taolo marhamat qiladi: وَالْكَاظِمِينَ الْغَيْظَ وَالْعَافِينَ عَنِ النَّاسِ ۗ وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ “Ular g‘azablarini yutadigan va odamlarni afv qiladiganlardir. Alloh esa yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradir.” (Oli Imron surasi, 134-oyat) Bu oyat mo‘min inson uchun g‘azabni yutish naqadar ulug‘ fazilat ekanini ko‘rsatadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga: — Menga nasihat qiling, — dedi. U zot aytdilar: لا تغضب — G‘azablanma. U kishi nasihatni yana so‘radi. Payg‘ambarimiz yana: لا تغضب — G‘azablanma, — dedilar. U bir necha marta qaytardi, Rasululloh har safar: لا تغضب — G‘azablanma, — deb javob berdilar. Ulamolar aytishicha, Payg‘ambarimiz bu yerda g‘azabni butunlay his qilmaslikni emas, balki g‘azab kelgan paytda o‘zini boshqarishni nazarda tutganlar. Yana bir hadisda Payg‘ambarimizsollallohu alayhi vasallam: “Kuchli odam kurashda g‘olib kelgan emas, balki g‘azab vaqtida o‘zini tuta olgan odamdir.” Boshqa hadisda esa: إِذَا غَضِبَ أَحَدُكُمْ وَهُوَ قَائِمٌ فَلْيَجْلِسْ، فَإِنْ ذَهَبَ عَنْهُ الْغَضَبُ وَإِلَّا فَلْيَضْطَجِعْ “Kim g‘azablansa va tik turgan bo‘lsa, o‘tirib olsin. Agar g‘azabi ketmasa, yotib olsin.”deganlar. Hadislarda kelgan bu amallar inson g‘azabini yengishiga yordam beradi. G‘azab inson tabiatida mavjud bo‘lgan tuyg‘u bo‘lsa-da, uni nazorat qilish mo‘min uchun muhim fazilatdir. Agar inson g‘azabini boshqara olsa, qalbi poklanadi, iymoni mustahkamlanadi va axloqi go‘zallashadi. Nafsni tarbiya qilish esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatgan yo‘l bo‘lib, bu yo‘l insonni haqiqiy kamolotga yetkazadi. Ta’lim muassasasi Tafsir fani mudarrisi Akramxon domla Suyarov