MAQOLALAR Hadis — ilmlar kaliti 18 мая, 2023 0 277 Insoniyat tarixida ummatlardan birortasi ham o‘z ichidan chiqqan payg‘ambar yo olim yoki hurmatli va obro‘li kishilarning so‘zlariga musulmonlar o‘z payg‘ambarlari Muhammad sollallohu alayhi va sallamning hayotlariga e’tibor berganlari kabi ahamiyat bermaganlar. Bugungi kunda, xususan, tolibi ilmlarning, umuman olganda, xalqimizning hadis ilmi xamda unga bog‘lik, bo‘lgan fanlarning o‘rganishga juda katta ehtiyojlari bor. Boz ustiga, ba’zi bir yetarli ilmga ega bo‘lmagan, hatto umuman arabiy savodi yo‘q kishilar, mustahkam manbaga asoslanmagan, yuzaki, hech bir mas’uliyatni, gunohni o‘ylamay, so‘ralgan masalaga javob aytadigan bo‘lib qolganlari achinarlidir. Zotan, Payg‘ambar alayhissalom mutavotir darajasidagi bir muborak hadislarida «…Kim menga qasddan yolg’on to’qisa, do’zaxdagi joyini olaversin»[1], deganlar. Avvalgi o’tgan ota-bobolarimizdan hech kim Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislari aytilganida, birdaniga uni zaif yoki mavzuʼ deyishga botina olmagan, ochiqchasiga inkor qilishga jurʼat qilmagan. Hadisi sharifning sahih, zaif yoki mavzuʼligi chuqur ilm talab qiladigan, izchil izlanishlardan so‘ng maʼlum bo‘ladigan narsa bo‘lgani bois, oddiy sharoitda, hadis deyilgan iboraga hurmat ko‘rsatilavergan. Amalda mazkur aytilgan hadisdagi hukmdan boshqasi qilinayotgan bo‘lsa-da, ushbu amalni pesh qilinmagan. Balki, undan boshqa shu xildagi hadisi sharif borligi izhor qilingan. Shunday ekan, dinimizning asoslaridan biri bo‘lgan hadislarga bo‘lgan e’tiborimiz va ehtimomimiz o‘z maqomicha bo‘lmog‘i darkor. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan keyingi musulmonlar avlodi — sahobalar, tobe’inlar, taba’a tobe’inlar va ulardan keyin kelgan ulug‘ zotlar bu bobda barchamizga o‘rnak, namunadir. Diyorimiz ulamolaridan ko‘plari Hadis va hadis ilmi istelohlari fani borasida asarlar yoziganlar, tarjima va tadqiqotlar qilganlar. Hadis ilmi borasida yurtimizda ko‘plab izlanishlar olib borilgan. Jumladan: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhning “Oltin silsila” ko‘pto‘plamli asari, “Hadis va hayot” to‘plamlari, va “Mustalahul hadis” kitoblari, qolaversa Jaloliddin Hamraqulovning “Hadis ilmi istilohlari” yoki Obidov Rahmatulloh domlaning “Sunnat, hadis va muhaddislar”, Abduqodirov Muhammadrahim domlaning “Muhaddislar va hanafiy fuqaholar nazdida hadis ilmlari” kitoblarini aytish mumkin. Bizlarning oldimizda esa, ushbu asarlardan unumli foydalanib, ishonarli manbalar orqali ta’lim olishlik, ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxslar tomonidan ilgari surilayotgan ta’limotlardan saqlanishlik uchun o’zimizda immunitet hosil qilishimiz lozim. «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom bilim yurti talabasi Salimov Nurmuhammad