RADDIYA МАҚОЛАЛАР Hanafiy mazhabida ominni jahriy aytish masalasi 6 ноября, 2024 0 108 Toʻrt mazhab ulamolarining nazdida namozda fotiha surasidan keyingi “omin” sunnat hisoblanadi. Hanafiy va molikiy mazhabida namozxon “omin” ni ovoz chiqarmay, oʻzi eshitadigan darajada aytadi. Buni hukmi barcha fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan. Hanafiy va molikiy mazhabida “omin” ni mahfiy aytish sunnatligi aytilgan boʻlsa, shofeiy va hanbaliy mazhablarida jahriy (ovoz chiqarib) aytish sunnatligi taʼkidlangan. “Omin” ni mahfiy aytish sunnatligiga sahobai kiromlarning soʻzlari va amallari ham dalil boʻladi. Abu Voil roziyalloxu anhudan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “Ali va Ibn Masʼud anxumolar“ (namoz ichidagi) Bismillaxar rohmanir rohiym” ni ham, “aʼuuzu” ni ham, “omin” ni ham ovoz chiqarib aytmas edilar” ( Imom Tabaroniy rivoyati). Rasululloh sollalloxu alayhi va sallam bilan doimo birga yurgan Hazrati Ali va Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhumo kabi nihoyatda ilmli sahobiylarning “omin” ni ichlarida aytishlari ham kuchli dalil hisoblanadi. Boshqa bir rivoyatda Hazrati Umar roziyallohu anhuning ham “omin” ni ichlarida aytib namoz oʻqiganlari taʼkidlanadi. Hanafiy ulamolar huddi shu maʼnoda, boshqa sahobai kiromlarning rivoyatlarini ham keltirganlar. Ulamolarimiz “omin” ni mahfiy aytish mandub ekanlagiga oyati karimadan dalil keltaradilar. Unga koʻra “omin” lafzi duodir. Uning maʼnosi “ijobat qil”, yaʼni “duoni qabul qil” demakdir. Qanday duo qilish haqida Alloh taolo Qurʼoni karimda shunday marhamat qilgan: “Robbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero U (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay ” (Aʼrof surasi 55-oyat) Hadisi sharifda Paygʻambarimiz sollalloxu alayxi va sallam bu haqda shunday deydilar: “Duoning yahshisi mahfiysidir” (Ibn Hibbon “Sahih” da rivoyat qilgan). Demak “omin” ni ichimizda aytsak, mazkur oyat va hadisga amal qilgan boʻlamiz. “Omin” lafzi Qurʼondan emasligi hammamizga maʼlum. “Aʼuuzu billaxi minashshaytonir rojiym” esa Qurʼonda kelgan, Allox taolo bizga Qurʼon oʻqiganimizda uni aytishni vojib qilgan. Shunday boʻlsa-da “Aʼuuzu billaxi minashshaytonir rojiym” ni namozda ichimizda aytamiz. Nima uchun endi “omin” ovoz chiqarib aytishimiz kerak?! Namoz juda ham ulugʻ ibodat hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayxi va sallam namoz farz boʻlgan kundan boshlab har kuni besh vaqt namozni jamoat bilan oʻqiganlar. U zot sollallohu alayhi va sallamning har bir namozlari minglab kishilar tomonidan sinchkovlik bilan kuzatib borilgan. Agar “omin” ni ovoz chiqarib aytish afzal boʻlganida, U zot bu narsani bayon qilgan boʻlar va orada hech qanday shubha qolmas edi. Holbuki, U zot sollallohu alayxi va sallamning oʻzlari imomlik qilayotganlarida, baʼzan taʼlim uchun birinchi safdagilar eshitadigan qilib, “omin” deganlaridan boshqa hech bir dalil yoʻq. Aynan imomga iqtido qilgan kishilarning “omin ”ovoz chiqarib aytganlari haqida hech qanday rivoyat yoʻq. «Sayyid Muhyiddin maxdum»o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi ilmiy tadqiqot ishlari muhandisi Zuhrobiddin Domla Olimov