MAQOLALAR HAYO- IYMONDANDIR 11 мая, 2023 0 418 Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam ) dedilar: الإِيمانُ بِضْعٌ وستُّونَ شُعْبَةً والحَياءُ شعْبةٌ مِنَ الإِيمَانِ “Iymon oltmishdan ortiq boʻlakdan iborat. Hayo iymonning bir shoʻbasidir” (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa rivoyatda “Iymon oltmishdan ortiq yoki yetmishdan ortiq boʻlakdan iborat”, deyilgan. Hadisi sharifda iymonning shoʻbalaridan aynan hayo zikr qilindi. Zero, u barcha fazilatlar boshi va iymonning qolgan boʻlaklariga undovchi sifatdir. Uning ahamiyati beqiyosdir . Sharm bandani dunyo sharmandachiligi va oxirat azobidan ogoh etib, maʼsiyatlardan toʻsadi. Ulamolar hayoni taʼriflab bunday deyishgan: “Hayo shunday hulqki, u goʻzal amallarni qilishga va yomonliklarni tark etishga undaydi”. Shu bois, dinni oʻrganish, haqni gapirishda hayo qilinmaydi. Hayo ikki xildir: tugʻma va kasb qilinadigan. Hadisi sharifda aynan kasb qilinadigan hayo nazarda tutilgan. Chunki tugʻma hayo inson tabiatida bor. Qachon kishi kasb qilingan sharmni oʻziga singdirolsa, u bora-bora tabiiy hayoga aylanadi. Bu borada Rosululloh (sollallohu alayhi vasallam ) bizga oʻrnakdirlar. U zoti bobarakotda hayoning ikki turi ham mujassam edi. Tugʻma hayoda chimildiqdagi qizdan ham sharmliroq, kasb qilinadiganida esa, eng yuqori maqomda edilar. Buyuk sahobalardan hazrat Usmon (roziyallohu anhu) ham juda hayoli boʻlganlar. Hatto u zotdan farishtalar ham uyalgan. Hayo barcha yaxshiliklar boshidir, u eng goʻzal ziynatdir, iymon alomatlaridandir, Allohning sifatlaridan hamda U Zot suygan hulqdir. Shu yuksak fazilatning ketishiga maʼsiyatlar sabab boʻladi. Sharmning yoʻqolishi barcha yaxshiliklarning ketishi, demakdir. Bilim yurti 4-kurs 77-guruh talabasi Mamajonov Muhammadayyub