MAQOLALAR ISLOM – POKLIK DINI 24 апреля, 2020 0 465 Ma’lumki, islom dini poklik dinidir. Dunyodagi hech bir din, hech bir tuzum va hech bir jamiyat poklik masalasiga islom dinichalik ahamiyat qaratmagan. Insonlarni poklikka targ’ib qiluvchi ko’plab oyati karimalar mavjud. Ozodalikning ahamiyatini, poklanishning turli shakllarini, poklikka qat’iy rioya qiladigan musulmonlarning Alloh taoloning nazdidagi e’tibori va ularga berilajak savoblari nihoyatda ulug’ligini ifoda qiluvchi hadisi shariflar shu qadar ko’pki, mo’tabar hadis kitoblarida ularga alohida bo’limlar ajratilgan. Musaffo dinimizda deyarli barcha ibodat va amallarda bevosita poklik masalasi zikr qilingan. Ulug` ulamolarimiz ta’lif qilgan barcha fiqh kitoblarida ham poklik masalasi boblarning eng avvalida zikr qilingan. Shuning uchun ham mo’min-musulmonlar har jabhada bo’lgani kabi, poklikda ham butun dunyoga namuna va o’rnak bo’lmog’i lozim. Zero , pokiza insonni avvalo Alloh yaxshi ko’radi, ibodatlari mukammal bo’ladi, ruhan tetik va jismonan salomat bo’ladi. Har doim tahorat bilan pokiza holda yurish Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tozalikka doir muborak sunnatlariga muntazam amal qilish, ulkan savoblar keltirishi bilan bir qatorda turli xil kasalliklardan ishonchli himoya vazifasini ham bajaradi. Bugungi kunda butun dunyo muammosiga aylanib ulgurgan “koronavirus” kabi yuqumli kasalliklarning avvali ham, aynan poklikka rioya etmaslikning oqibatida kelib chiqdi. Inson zoti shaxsiy ozodalikka amal qilmas ekan, tibbiyot “yetti uxlab tushiga kirmaydigan” kasalliklar bilan kurashishga majbur bo’laveradi. Shaxsiy gigiena qoidalarining mukammal ko’rinishi muqaddas dinimizda batafsil bayon qilingan. Hozirda bu haqiqatni nafaqat musulmonlar, balki musulmon bo’lmagan olimlar ham ochiq oydin e’tirof qilishmoqda. Mana shunday yuqumli kasalliklarning shifosi ham, ishonchli himoyasi ham aynan sunnati nabaviyyada ekanini soxa mutaxassislarining barchasi bir ovozdan ta`kidlab o`tmoqda. Rivojlangan tibbiyot ilmi zamonida, kasalliklardan himoyalanish va oldini olish borasida, eng zamonaviy tibbiyot uskunalari yordamida chuqur ilmiy izlanishlar olib borgan olimlar, kasalliklardan himoyalanishning eng asosiy sharti – ovqatlanishdan oldin va keyin ikki qo’lni yaxshilab yuvish ekanligini aniqladilar. Bu haqiqatni esa o’n to’rt asr muqaddam Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o’z ummatlariga muborak hadisi shariflarida bayon qilib qo’ygan edilar. Mana shu sunnatlarga doimo amal qilgan insonlar turli tuman kasalliklardan o’zini va atrofdagilarni hamisha himoya qilgan bo’ladi. Shunday ekan hammalarimiz bu muborak sunnatlarni hayotimizga joriy qilib, barcha kasalliklardan Allohdan panoh so’rab duo qilishimiz, doimo ozodalikka rioya qilishimiz lozim. Bu esa biz mo’min-musulmonlarning eng muhim va eng savobli amallarimizdandir. Alloh taolo hammamizni O’zi yaxshi ko’rgan pokiza bandalari qatorida qilib, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilgan holda sog’lom hayot kechirmog’imizni nasib qilsin. Jalolxonov ABBOSXON, Andijon “ Sayyid Muhyiddin maxdum” o`rta maxsus islom bilim yurti bitiruvchi kurs talabasi