МАҚОЛАЛАР ОДОБ Islomda Birdamlikning Ahamiyati 4 июня, 2025 0 52 #Maqola Islom dini insonlar orasida mehr-oqibat, birodarlik va jamoaviylikni eng muhim qadriyatlar qatoriga qo‘yadi. Qur’oni Karimda va Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning hadislarida bu tushunchalar ko‘p bora ta’kidlangan. Musulmonlar bir jamoa sifatida yashashi, bir-birlariga yordam qo‘lini cho‘zishi va dardu tashvishda sherik bo‘lishi Islom ummatining kuchi va barakasi sanaladi. Mo‘minlar bir jismdek Rasululloh (s.a.v.) shunday deydilar: “Mo‘minlar o‘zaro mehr-oqibat, muhabbat va hamdardlikda bir jismdekdir. Agar uning bir a’zosi og‘risa, qolgan a’zolari ham uyqusiz qoladi va isitma bilan azoblanadi.” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati) Bu hadis musulmonlar o‘rtasidagi birdamlik va hamdardlikning naqadar chuqur bo‘lishi kerakligini ochiq ko‘rsatib turibdi. Mo‘minlar orasidagi munosabat shunchalik yaqin va samimiy bo‘lishi kerakki, bir birodarining dardini boshqalar ham yuragida his qilsin. Bu holat jism a’zolari o‘rtasidagi bog‘liqlikka o‘xshatilgan. Qachonki, bir a’zoga og‘riq yetgan bo‘lsa, butun tana bu og‘riqni his qiladi, tinch uxlay olmaydi, isitmadan aziyat chekadi. Xuddi shunday, musulmonlar ham birodarining og‘rigining befarqi bo‘lib qolmasligi kerak. Jamoa bilan bo‘lish – najotning kaliti Yana bir hadisda Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: “Allohning qo‘li jamoa bilan birgadir. Kim jamoani tark etsa, do‘zaxga yo‘l olgan bo‘ladi.” (Tirmiziy rivoyati) Bu hadis musulmonlar uchun juda kuchli ogohlantirishdir. «Allohning qo‘li» iborasi — Allohning himoyasi, marhamati va yordami degani. Bu yordami esa jamoa bilan birga bo‘lganlarga tegishlidir. Kim yolg‘iz harakat qilsa, jamoadan ajralsa, u zaiflashadi, aldanishi va yo‘ldan chiqishi osonlashadi. Shu sababli Islomda jamoat bilan bo‘lish, birlashish, maslahatli ish qilish va ittifoqda yashash buyuriladi. Birdamlikda baraka, parokandalikda halokat Musulmonlar bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab yashasalar, jamiyatda baraka bo‘ladi, zulmga qarshi turish osonlashadi, dushmanlarga qarshi kuchli jamoa bo‘lishadi. Ammo agar ular bir-biridan ajralsa, ixtiloflarga berilsa, har kim o‘z manfaati ortidan quvsa, bu kuchsizlikka, fitna va halokatga olib keladi. Islomda birdamlik — faqat ijtimoiy qadriyat emas, balki diniy majburiyatdir. Har bir musulmon bu borada o‘zining mas’uliyatini chuqur his etishi lozim. Birodarining dardiga befarq bo‘lmaslik, jamoaning ichida bo‘lish, maslahatli hayot kechirish va mehr-oqibatni mustahkamlash — bu dunyo va oxirat najotiga yetaklaydi. Alloh taolo bizni doimo jamoa ichida, mehr-oqibat va birodarlikda yashaydigan mo‘minlardan qilsin. Omin. Ta’im muassasasi Ma’naviy-Ma’rifiy ishlari bo’yicha mudir o’rin bosari Nodirbek Domla Jamolov