Jaholat botqog’idan ma’rifat bo’stoni tomon!

0
186

Islom — ilm va ma’rifat dinidir. Islom dini har bir iymon keltirgan bandalarni avval boshdan ilm o’rganishga chorlaydi va rag’b…

أَنَّهُ لَا إِلَٰهَ إِلَّا اللَّهُ فَاعْلَمْ

  “Bilingki, Allohdan o‘zga ibodatga loyiq iloh yo‘qdir”. (Muhammad surasi, 19-oyat)

Ya’ni, Allohning yagona ekanligiga iymon keltirishga nisbatan ham “Biling” deyilmoqda. Oyati karimada “O‘ylab o’tirmay, ko‘r-ko‘rona ergashib ketaver”, deyilmayapti, balki, “Allohning haq -yagona iloh ekanligini bilgin, so’ng bunga taslim bo’l va iymon keltir”, deyilmoqda. Ulamolarimiz bu oyati karimaning hikmati borasida shunday deganlar: “Bizning Alloh azza ava jallaga iymon keltirishimizning asosi ilm olishimizdan boshlanadi”.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Hiro g‘orida yolg‘iz qolib, ibodat bilan mashg‘ul bo‘lganlarida ularga nozil qilingan “Alaq” surasining ilk oyati ushbu edi:

إقرأ باسم ربك الذي خلق

  “(Ey, Muhammad, butun borliqni) yaratgan zot boʻlmish Rabbingiz nomi bilan oʻqing!” (96:1)

O’qish — bilim manbai. Xalqimiz: “O‘qimasang, bilimli bo‘lmaysan. Ilm olish uchun esa kechalarini qoim qil!” deya bejizga aytishmagan. Bilim olish kitob o’qishdan boshlanadi. Birinchi nozil qilingan oyatning o‘ziyoq dinimizning ilm olishga qanchalar katta e’tibor qaratganini ko’rsatadi. Alloh taolo bizga shunday xitob qilayapti, go’yo: “Ey bandam! Din va dunyo ilmini o‘rganmasang, ilmga intilmasang, ilm yo‘liga tushmasang, haq yo’lni topa olmaysan, ham uni anglab ham yeta olmaysan. Har ikki ilmlarning bari faqatgina o’qish bilangina takomillashib boradi”.

Ba’zan insonlar ilm talab qilish faqatgina diniy bilimlarga tegishli deya, uni xoslab qo’yadilar. Ammo, bu xató fikr. Dinimiz davlatimiz, qolaversa jamiyat uchun foydali bo‘lgan har qanday sohada bilim olishga targ’ib qiladi. Alloh taolo Toha surasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga quyidagicha duo qiling deya ta’lim beradi:

قل رب زدني علما

“Ayting: “Ey Robbim! Ilmimni ziyoda qil!”. (20:114)

Inson qanchalik chuqur bilimga ega bo’lsa, uning bu dunyodagi hayoti shunchalik oson kechadi. Inson ilm o’rganish asnosida qorani oqdan, yomonni yaxshidan, zararli narsalarni foydalisidan ajrata boshlaydi. Misol tariqasida issiq suvning kuydirishlik sifatini olaylik, agar biz bu borasida ilmga ega bo’lmaganimizda tabiiyki u bizning tanamizni kuydirib qo’yishi mumkin edi. Endi qachoniki biz bu borasida bir bilimga ega bo’lar ekanmiz undan ehtiyot bo’lishga urinamiz. Shu sababli ham, kichkina bolalar choynak issiqligini bilmay, o’zlarini unga olib borib biror yerlarini kuydirib oladilar. Bu ham bilimning bir ko’rinishiga oddiy misoldir.

 Shuning uchun ham Alloh taolo bizni quyidagicha duo qilishga targ’ib qildi: “Ey Robbim! Ilmimni ziyoda qil!”. Har bir musulmon uchun dinimiz buyurgan namoz,ro’za, zakot, haj va boshqa ibodat qilishligi uchun lozim bo’lgan ilmlarni o’rganishi farzi ayndir.

Biroq, jamiyatga foyda keltiradigan, davlatimiz ravnaqiga hissa qo’shishga omil bo’ladigan, yer yuzidagi insonlarning hayotlarini osonlashtirishga hizmat qiladigan ilm olish farz-kifoya bo’lib, bu muayyan miqdordagi musulmonlarning burchidir. Ma’lum bir guruh kishilar bu bilimlarni o‘zlashtirib, so‘ngra olingan bilimlarini hayotta qo’llay boshlashlari lobud.

  Oyatda keltirilgan ilmdan umum ilmlar iroda etilgan bo’lib, tafsir ulamolarimiz bu borasida shunday xulosa qiladilar: “Biz quyidagicha duo qilib Alloh taologa duo qilmoqdamiz go’yo: “Allohim, menga har ikki dunyoda foydali bo’ladigan ilmlar bergin va ularni menga ziyoda qilib ber, toingki men bu dunyoda odamlarga hizmat qilib, og’irlarini yengil qilay va shu sababli Sening roziligingni qozonay. Oxiratda esa bu olgan ilmlarim Seni ko’rishligim uchun yordamchi bir vasiyla bo’lsin. Yo Robbim, Senga chinakam ibodat qilishim uchun zarur bo‘lgan ilmlarni menga o‘rgat va ularni ziyoda qil!!”

Alloh taolo barchamizning ilmimizni jiddu-jahdimizga ko’ra ziyoda qilib bersin va ularni barcha uchun manfaatli bo’lgan ilmlardan qilsin! Amiyn, ya Robbal a’lamiyn!!!

«Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 4-kurs 77-guruh talabasi Yodgorov Husayn

Load More In MAQOLALAR