МАҚОЛАЛАР Jannat ahlining sifatlari va ularning darajasi 17 апреля, 2024 0 104 Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Jannatga kiradigan birinchi guruh (boshqa bir rivoyatda: «Ummatimning bir guruhi», deyilgan) badr kechasidagi to‘lin oy yanglig‘ bo‘ladi. So‘ng ulardan keyingilari osmonda nur sochib turgan charaqlagan yulduz kabi bo‘ladi. (Yana bir rivoyatda: «So‘ng bundan keyin darajalar bo‘ladi», deyilgan.) Ular u yerda bavl qilmaydilar, axlat chiqarmaydilar, tuflamaydilar, burun qoqmaydilar. Taroqlari oltin, tuproqlari mushk, juftlari hurlardir (boshqa rivoyatda: «Ulardan har birining ikkitadan jufti bor, go‘zal-liklaridan boldirlarining iligi ko‘rinib turadi. Ular o‘rtasida ixtilof, bir-birlarini yomon ko‘rish bo‘lmaydi. Ularning qalblari bir qalbdek, ertayu kech Allohga tasbeh aytadilar», deyilgan)» (Muslim rivoyati). Bir rivoyatda: «Ularning xulqlari bir kishining xulqidek, bo‘ylari otalarining bo‘yidek (ya’ni, Odam alayhissalomning bo‘ylaridek)», deyilgan. Yana bir rivoyatda: «Otalarining bo‘yidek oltmish ziro’ bo‘ladi», deyilgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan: «Jannatda erkaklar ko‘pmi yo ayollar?» deb so‘rashganda: «Har bir kishi uchun ikkita ayol bo‘ladi, ularning boldirlari suyagidagi iliklari go‘shtining ustidan ko‘rinib turadi. Jannatda bo‘ydoq odam bo‘lmaydi», dedilar. Ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Jannat ahlidan bo‘lgan ayol (shunchalik go‘zalki) boldirining oqligi yetmishta ziynat ortidan ham bilinib turadi, hatto iligi ham ko‘rinadi. Bu hol Alloh taolo aytganidekdir:»Ular (ya’ni, hurlar soflik va oqlikda) go‘yoki yoqut va marjonlardir» (Rahmon, 58). Chunki yoqut shunday toshki, agar uning orasidan ip o‘tkazsang, sofligidan u ip ko‘rinib turadi» (Termiziy rivoyati). Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Agar jannat ahlidan bo‘lgan bir ayol yer ahliga ko‘rinsa, yeru osmon o‘rtasi nurlanib, xush bo‘yga to‘lib-toshadi. Shubhasiz, uning boshidagi ro‘moli dunyo va undagi barcha narsadan yaxshidir» (Buxoriy rivoyati). Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Jannat ahli soqolsiz, ko‘zlari tim qora bo‘ladi. Ularning yoshligi ketmaydi (ya’ni, qarimaydilar) va kiyimlari ham eskirmaydi» (Termiziy rivoyati). Muoz ibn Jabaldan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Jannat ahli jannatga soqolsiz, ko‘zlariga surma surtilgan holda yoshlari o‘ttiz yoki o‘ttiz uch bo‘lib kiradi». Jobir ibn Abdullohdan rivoyat: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Jannat ahli soqolsizdir. Faqat Muso ibn Imronninggina kindigigacha soqoli bo‘ladi». Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu aytadilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Agar jannatdagi tirnoqchalik bir narsa dunyoga ko‘rinsa, butun yeru osmon o‘rta-sidagi narsalar ziynatlanib, yashnab ketadi. Agar jannat ahlidan bir kishi chiqib, yengini ko‘rsatsa, quyoshning nuri yo‘qoladi, xuddi yulduzning nurini quyosh yo‘qotganidek» (Ter-miziy rivoyati). Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi Nodirbek domla Jamolov tayyorladi.