KATTA AJRGA SABAB BO’LADIGAN KICHIK AMAL

0
153

Yo‘lovchilarga aziyat yetkazadigan, odamlarni toyiltirib yuboradigan har qanday narsalarni yo’ldan chetlatish savobli amallardan hisoblanishi bilan birga, hatto, iymonning bir bo’lagi sanaladi. Bu haqida Abu Xurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan quyidagi  hadisda:

«Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: «Iymon yetmish nechta ham shoxchadan iboratdir. Uning eng afzali «Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘q», deb, guvoxlik berish bo‘lsa, eng past darajasi esa yo‘ldan aziyat beruvchi narsani chetlatishdir. Shuningdek, xayo ham iymondandir…»,

dedilar». (Imom Muslim rivoyati)

Boshqa hadislarda esa, yo’ldagi aziyyatlarni ketkazish sadaqa ekanligini hatto bu amal bandani do’zaxdan uzoq qilib, jannatga kirishiga sabab ekanligi aytganlar.

Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘ldan ozorni ketkazish ham

sadaqadir», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyati)

:Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi

«Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolalaridan har biri 360 bo’g’in ila yaratilgandir. Bas, kimki Alloh taologa takbir, hamd, tahlil, tasbeh, istig‘for aytsa va odamlar yo‘lidan tosh yoki tikon yoki suyakni olib tashlasa yoki amr-ma’ruf va nahiy munkar qilsa, (yuqorida kelgan yaxshiliklarni) 360 taga yetkazsa, bas u o‘sha kuni o‘zini do‘zaxdan uzoqlashtirgan holda yuradi», dedilar». (Imom Muslim rivoyati)

Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bir kishi yo‘l yuzidagi daraxt shoxchasi oldidan o‘tayotib: «Allohga qasamki! Uni musulmonlardan yiroklashtiraman, (shunda) ularga ozor yetkazmaydi», dedi. Bas, u jannatga kiritildi», dedilar». (Imom Muslim rivoyati)

Boshqa hadisda, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bir voqeani bayon qilib, dedilar: «Bir kishi yo‘lda ketayotib, yerda bir tikonli shoxchani ko’rsa va odamlarni zarardan saqlash niyatida uni olib tashlasa, Alloh taolo uning bu amalini qabul qilib, mag‘firat qiladi». Yana bir rivoyatda, «Shu kishining jannatda aylanib yurganini ko‘rdim», deganlar». (Imom Muslim rivoyati)

Yuqoridagi xadislarda o‘tish joylarini toza tutib, odamlarni ozordan saqlash islomda qanchalar e’tiborli ish ekani bayon qilinmoqda. Bir tikonli shoxni yo‘ldan olib tashlash kichik amal bo‘lib ko‘ringani bilan, unga ulkan ajr u savob va’dasi berilgan. Ozor beruvchi narsalarni yo‘ldan chetlatishga targ‘ib qilingan ekan, bas, axlat tashlab yo‘lni iflos qilish, yo‘lovchilarning ko‘ngillarini buzish katta gunoh hisoblanadi.

O’rini kelganda eslab o’tish lozimki, bugungi kunda ko’pchilik tomonidan, transport vositasini qatnov joyiga qo‘yib, o‘zga avtomobillar yo‘lini tirband qilish ham yo‘lovchilarga ozor yetkazish sirasiga kiradi. Shuningdek, qoidaga amal qilmagan holda mashina haydab, o‘zgalarga ozor yetkazish ham gunoh bo‘lib, o’zgalarga aziyyat yrtkazish hisoblanadi.

Doim yadda tutish kerakki, transport vositalarini tartibga solish maqsadida yo‘l harakati qoidalari ishlab chiqilgan. Ularga rioya qilish, faqatgina, qonuniy talab emas, balki diniy farz hamdir.

Shunday ekan, ushbu qoidalarga jamiyatda tartib-intizomni saqlash, odamlarga qulaylik yaratish va imkon qadar ularni aziyatdan saqlash niyatida amal qilinsa, inshaalloh, bu ish uchun savobga ega bo‘linadi. Mazkur tartiblarga amal qilmaslik esa ikki barobar gunoh bo‘ladi. Birinchidan, odamlarga ozor yetkazgani sababli bo‘lsa, ikkinchidan, belgilangan tartibga rioya qilmay, mas’ul shaxslarga bo‘ysunmagani tufayli- dir.

Afsus bilan qayd etish lozimki, ko‘p insonlar, xatto ziyoli kishilar ham mazkur ishlarni gunoh xisoblamasdan, ularga befarq qaraydilar.

Alloh taolo bizlarga dinni to‘g‘ri tushunish va unga amal qilish tavfiqini bersin.

Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi: Nodirbek domla Jamolov tayyorladi.

 

 

Load More In MAQOLALAR