МАҚОЛАЛАР Konstitutsiya – Qonun ustuvorligi va ma’naviy barqarorlik ramzi 8 декабря, 2025 0 118 Din, insonparvarlik va adolat tamoyillari bilan uyg‘unlikda Har bir xalqning buyukligi uning ikki tayanchiga — ma’naviy qadriyatlari va qonun ustuvorligiga tayanadi. Yurtimiz Konstitutsiyasi ana shu ikki asosni uyg‘unlashtirgan holda inson huquqlari, erkinligi va jamiyat taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratib berdi. Yaqinda nishonlanadigan Konstitutsiya qabul qilingan kun — bu nafaqat yuridik bayram, balki milliy o‘zlik, ma’naviyat va ijtimoiy barqarorlik timsoli bo‘lib qoldi. Islom dini ham adolat, tinchlik, mas’uliyat, qonunlarga itoat qilish kabi fazilatlarni ulug‘laydi. Shu bois Konstitutsiyamiz tamoyillari bilan diniy qadriyatlar o‘rtasida tabiiy uyg‘unlik mavjud. 1. Qonun Ustuvorligi – Islomning Asosiy Mezoni Islomda tartib-intizom, adolat va qonunlarga itoat qilish insonning iymonining bir qismi sifatida talqin qilinadi. “Ey mo‘minlar! Allohga itoat qilinglar, Payg‘ambar va sizlardan bo‘lgan amir (rahbar)larga ham itoat qilinglar.” (An-Niso surasi, 59-oyat) Bu oyat davlat rahbarlari belgilagan qonun-qoidalarga bo‘ysunish jamiyat tinchligi uchun zarurligini bildiradi. Konstitutsiya ham aynan shu maqsadga — tartib, adolat va barqaror hayotni ta’minlashga xizmat qiladi. 2. Inson huquqlari – dinning muqaddas tamoyili Konstitutsiyamiz inson sha’ni, erkinligi va huquqlarini oliy qadriyat deb e’tirof etadi. Islomda ham: “Biz Odam farzandini aziz-qadrli qildik.” (Isro surasi, 70-oyat) Bu oyat har bir insonning hurmatga loyiqligini, uning huquq va erkinliklari muqaddasligini ko‘rsatadi. Demak, Konstitutsiyada belgilangan insonparvarlik tamoyillari diniy tamoyillar bilan uyg‘un holda yurtimizda amalda o‘z ifodasini topmoqda. 3. Vatanparvarlik – Dinimiz va Konstitutsiyamizning uyg‘un undovi Islomda vatan va jamiyat farovonligiga xizmat qilish eng oliy fazilat sifatida e’tirof etilgan. Payg‘ambarimiz ﷺ Madinaga hijrat qilganlarida vatan muhabbati haqida shunday deganlar: “Ey Makkam, agar qavmim meni chiqarib yubormaganda, men sendan chiqmas edim.” (Ibn Hibbon rivoyati) Bu hadisdan vatan qadri qanchalik ulug‘ligini ko‘ramiz. Konstitutsiyamiz ham vatan manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yishni, mehnat qilishni, jamiyatga foydali bo‘lishni har bir fuqaroning burchi sifatida belgilagan. 4. Konstitutsiya – barqarorlik, Islom esa ma’naviy tayanch. Konstitutsiya bizning davlat boshqaruvi, iqtisodiy taraqqiyot, xalq farovonligi uchun huquqiy asos bo‘lsa, din esa ahloqiy-ruhiy yo‘nalishni beradi. Biri – jamiyatning tashqi tartibi, ikkinchisi esa – ichki tartibi hisoblanadi. Konstitutsiya qabul qilingan kun – bu bizning mustaqil davlat sifatida barqarorlik, adolat va tinchlik sari tashlagan muhim qadami. Islom dini esa shu qadamlarga ma’naviy asos, ruhiy kuch beradi. Agar fuqaro o‘z diniga sodiq, huquqiy madaniyatli, vatanparvar va adolatparvar bo‘lsa, mamlakat ravnaq topadi. Ta’lim muassasasi mudarrisi Akramxon domla Suyarov