Ma’naviy jinoyatlar

0
88

Islom dinida moddiy jinoyatlar qatori ma’naviy jinoyatlar ham katta gunoh sanaladi. Jumladan, mol-dunyoga haddan oshiq hirs qo‘yish va sharaf va izzatga chanqoqlik inson ichki dunyosi va xulq-atvorini buzuvchi illatlardan hisoblanadi.

Ka’b ibn Molik Ansoriy roziyallohu anhu rivoyat qiladi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

“Qo‘ylar ichiga qo‘yib yuborilgan ikki och bo‘ri yetkazgan zarar, bir insonning mol-dunyo va shon-shuhratga hirs qo‘yishi diniga yetkazgan zararchalik katta bo‘lmaydi.” (Termiziy va Ahmad rivoyati)

Ushbu hadisi sharifda, mol-dunyoga o‘chlik va ochko‘zlik, shon-shuhrat va obro’- e’tibor havasiga qattiq berilish qanchalik xavfli ekanini bizning tasavvurimizga yanada chuqurroq singdirish uchun mazkur o‘xshatish ishlatilmoqda.

Bu ikki qalbiy jinoyat qo‘y qo’rasiga qo‘yib yuborilgan ikki och bo‘riga qiyoslanmoqda. Odatda, och bo‘ri qattiq qo‘riqlanadigan qo‘ylarni ham o‘ldirib, yeydi. Ammo, ikki och bo‘rini qo’ra ichiga qo‘yib yuborilsa-chi? Qo‘y bechoralarning holi nima bo‘lishi ayon: och bo‘rilar ularning hammasini birma-bir halok qiladi.

Mol-dunyoga hirs qo‘yish va shon-shuhrat, obro‘-e’tibor qozonishga intilish ham, jamiyat ichiga qo‘yib yuborilgan ikki och bo‘ri kabi, jamiyatni halokat sari boshlaydi. Och bo‘rilar qo‘ylar orasida qanday talafot yetkazsa, hirs ham insonning iymonini yemirib, uni Allohdan uzoqlashtiradi. Din faqat tashqi amal emas — qalb pokligi, ixlos va nafsga qarshi kurashdir.

Manbalar asosida Andijon

“Sayyid Muhyiddin maxdum”

o’rta maxsus islom bilim yurti

mudarrisi Abdulaziz Furzulov tayyorladi

 

Load More In МАҚОЛАЛАР