MO’MINGA XOS SIFAT

0
182

Odamlarga ochiq yuz va xush xulq bilan yuzlanish Alloh taolo huzurida
mahbub ish bo‘lib, musulmonga xos sifat hisoblanadi. Bu borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko’plab hadislar rivoyat qilingan bo’lib, ularning ba’zini eslab o’tish mumkin.
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Yaxshilikdan hech birini arzimagan, deb bilmagin, garchi birodaring bilan ochiq yuz bilan ko‘rishishing bo’lsa ham», dedilar». (Imom Muslim rivoyati)
Bu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki kishini bir-biri bilan mamnun holda ko‘rishishini yaxshilik deb baholamoqdalar. Shu bilan birga, hech qaysi yaxshilikni arzimas, deb bilmaslikni uqtirmoqdalar. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qiyomat kuni mo‘min
bandaning tarozisida yaxshi xulqdan ko’ra og‘irroq biror narsa bo‘lmas. Chunki, Alloh taolo faxsh hamda behuda so‘zlovchiga qattiq g‘azab qiladi». (Imom Termiziy rivoyati)
Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kishilarni jannatga olib
kiruvchi eng afzal amal haqida so‘raldilar. U zot: «Allohga taqvo qilish
va go‘zal xulq», deb javob berdilar». Shuningdek, insonlarni do‘zaxga
olib kiruvchi eng yomon amal haqida ham so‘raldilar. U zot: «Ikki teshik, ya’ni og‘iz bilan farj», — deb javob berdilar». (Imom Termiziy rivoyati)
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:»Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mo’min O‘zining chiroyli
xulqi ila ro‘zador va doim tunlari namoz o‘quvchi (ya’ni ko‘p nafl ro‘za
tutuvchi va namoz o‘quvchi) kishining darajasiga erishadi», dedilar».
(Abu Dovud rivoyati)
Demak, yuqorida kelgan barcha hadislarda yaxshi xulqning fazilati
haqida bayon qilindi. Bu keng ma’nodagi tushuncha bo‘lsa-da, o‘zgalar bilan tabassum qilgan holda ko‘rishish uning bir bo‘lagidir. Shu sababli, ana shu tabassum uchun ham go‘zal xulqning fazilati beriladi.

Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi: Nodirbek domla Jamolov tayyorladi.

Load More In MAQOLALAR