MAQOLALAR Najot arqonini mahkam tuting 15 апреля, 2024 0 181 Soib ibn al-Musayyabdan: «Umar ibn Hattob odamlarga o‘n sakkizta serhikmat kalimalarni qoldirganlar». Aytdilar: — Biror kishini biror ishda senga itoat qilishda Allohga gunohkor bo‘lgani uchun jazolasang, uning itoatsizligi o‘sha ishda sening Allohga itoat qilishingdek bo‘lsa, bas, uni jazolamaysan. — Birodaringdan sen o‘ylagandek foyda kelishi uchun uning ishini eng yaxshi o‘rinlat. — Bir musulmonning og‘zidan chiqqan so‘zni yomonga yo‘yma, sen u so‘zni yaxshilikka yo‘yish-ga harakat qil. — Kim o‘zini tuhmat qilinadigan o‘rinda ko‘rsatsa, unga nisbatan yomon gumon qiladiganlarni malomat qilmasin. — Kim o‘z sirini berkitsa, yaxshilik uning qo‘lidadir. — O‘zingga sodiq do‘stlar tanla, ular panohida yashaysan, chunki ular kengchilikda ziynat, qiyinchilikda qalqondirlar. — O‘zingga doim rost so‘zlarni ixtiyor qil, agar seni rostlik o‘ldirsa ham. — Foydasiz narsaga urinma. — Hali bo‘lmagan ishdan so‘rama, chunki bo‘lgan ishdan unga ortmaysan. — Sening najotingga xayrxoh bo‘lmagan kishidan hojatingni so‘rama. — Yolg‘on qasam ichishni yengil sanama, uning sababidan Alloh seni halok qilur. — Fojirlar ila hamsuhbat bo‘lma, ularning fujurlaridan o‘rganasan. — Dushmaningdan uzoq bo‘l. — Do‘stingdan ehtiyot bo‘l, ishonchlisi mustasno. Allohdan qo‘rqqangina ishonchli bo‘lur. — Qabrlar oldida odob bilan tur. — Itoat vaqtida o‘zingni xor tut. — Gunoh oldida najot arqonini mahkam ushla. — Ishingda Allohdan qo‘rqqanlar ila maslahatlash. Zero, Alloh: «Allohdan olim bandalari qo‘rqadi» (Fotir, 28, mazmuni), deb marhamat qilgan». Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi Abdulhakim domla Sheraliyev tayyorladi.