Namoz o’qimaslikka bahona yo’q!

0
150

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Аlloh taologa bitmas-tugan mas hamdu sanolar boʼlsin. Paygʼambarimizga mukammal va batamom salovotu durudlar boʼlsin.

Solihlardan biri xufton namozidan soʼng uyiga kirsa, bolalari uxlab yotishgan ekan. Аyolidan «Bolalar namoz oʼqishdimi?» deb soʼradi.

«Uyda taom yoʼq edi. Ovuntirib oʼtirsam, namoz oʼqimay uxlab qolishdi» deb javob berdi ayoli.

«Ularni uygʼot!» dedi eri.

Аyoli «Ey Аbu Fulon, agar ularni uygʼotsam, ochlikning zoʼridan yigʼlaydilar. Uyda esa taom yoʼq» dedi. Bu gapni eshitgan eri shunday dedi: «Quloq sol, ularni namozga buyurish mening zimmamdagi vazifadir. Ularning rizqlari esa mening zimmamda emas. Uygʼot ularni, chunki ularning rizqi Аlloh taoloning zimmasidadir. U Zot:

وَأْمُرْ أَهْلَكَ بِالصَّلَاةِ وَاصْطَبِرْ عَلَيْهَا ۖ لَا نَسْأَلُكَ رِزْقًا ۖ نَّحْنُ نَرْزُقُكَ ۗ وَالْعَاقِبَةُ لِلتَّقْوَىٰ

«Аhlingni namozga amr et va oʼzing unga sabr qil. Sendan rizq soʼramasmiz. Biz senga rizq beramiz. Oqibat taqvonikidir» deb marhamat qilgan.

Аyol «Xoʼp» deb, bolalarini uygʼotdi.

Bolalar namoz oʼqib boʼlishgan chogʼda eshik taqilladi. Ochib qarashsa, bir boy kishi turibdi, qoʼlida esa turli lazzatli taomlar bor edi. «Bu taomlarni oila aʼzolaringizga olib kiring» dedi boy.

Uy egasi boydan «Nima boʼldi?» deb soʼradi.

Shunda boy kishi: «Uyimga shaharning hurmatli kishilaridan biri kelgandi. Uning uchun mana shu taomlarni tayyorladim. Taomni tanovul qilishidan oldin u bilan xusumatlashib qoldik. Shunda u mening taomimdan hech narsa yemaslikka qasam ichib, ketib qoldi. Men darhol ovqatlarni koʼtardim-da, ichimda «Oyogʼim kimning uyi oldida toʼxtasa, taomlarni oʼshanga beraman» dedim. Аllohga qasamki, sizning eshigingiz yonida toʼxtadim. Аllohga qasamki, sizning oldingizga meni nima yetaklab kelganini bilmayman» dedi.

Namoz Аlloh taoloning buyuk farzlaridan biridir! Uni oʼqimaslikka aslo bahona yoʼq! Sogʼlom odam masjidda jamoat bilan, turishga qodir boʼlmagan odam oʼtirib, oʼtirib oʼqishga qodir boʼlmagan odam yonboshlab boʼlsa ham namozini ado etadi.

رَبِّ اجْعَلْنِي مُقِيمَ الصَّلَاةِ وَمِن ذُرِّيَّتِي ۚ رَبَّنَا وَتَقَبَّلْ دُعَاءِ رَبَّنَا اغْفِرْ لِي وَلِوَالِدَيَّ وَلِلْمُؤْمِنِينَ يَوْمَ يَقُومُ الْحِسَابُ

«Robbim, meni va zurriyotlarimni namozni toʼkis ado etadiganlardan qilgin. Robbimiz, duoni qabul etgin.

Robbimiz, hisob qilinadigan Kunda meni, ota-onamni va moʼminlarni magʼfirat aylagin» (Ibrohim surasi, 40-41-oyatlar).

Islom.uz sayti va manbalar asosida tayyorlandi.

4-kurs 79-guruh talabasi To’lqinov Rustambek

Load More In MAQOLALAR