Namozni jamoat bilan o‘qishning fazli.

0
156

Jamoat bilan o‘qilgan namoz nafaqat savobni ko‘paytiradi,inson qalbini poklaydi,
iymonini mustahkamlaydi.
Masjidga qatnab jamoat bilan namoz o‘qib yuradigan kishining qalbi asta-sekin poklanib boradi. Chunki u har kuni Allohning uyiga keladi, Qur’on tilovatini eshitadi, zikr va duo qiladi.
Alloh taolo Qur’onda marhamat qiladi:
إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَىٰ عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنكَرِ

«Namoz fahsh va munkar ishlardan qaytarur.»
( Ankabut surasi, 45-oyat)
Demak, namoz ayniqsa jamoat bilan o‘qilganda insonni gunohlardan uzoqlashtiradi.

Rasululloh ﷺ jamoat bilan o‘qilgan namozning fazlini juda katta deb bayon qilganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh ﷺ dedilar:
«Jamoat bilan o‘qilgan namoz yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma yetti daraja afzaldir.»
Bu hadisdan ko‘rinadiki, masjidga borib jamoat bilan namoz o‘qish musulmon uchun ulkan savob manbai hisoblanadi.
Jamoat namozi jahannamdan najot sababidir
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh ﷺ dedilar:
«Kim namozini Alloh uchun jamoat bilan, birinchi takbirga yetgan holda qirq kun davomida o‘qisa, unga ikki omonlik yoziladi: jahannamdan omonlik va munofiqlikdan omonlik.»
Bu hadis jamoat namozining naqadar buyuk ekanini ko‘rsatadi. Qirq kun davomida jamoat namozini birinchi takbir bilan ado etgan inson ikki katta ne’matga erishadi:
Jahannamdan najot
Munofiqlikdan saqlanish.
Sahobalar jamoat namozini tark etmas edilar
Sahobalar jamoat namoziga juda qattiq e’tibor berganlar. Hatto ba’zi sahobalar kasal bo‘lsalar ham masjidga borishga harakat qilganlar.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar:
«Bizdan faqat ochiq munofiq yoki juda kasal odamgina jamoat namozidan qolardi.»
Bu so‘zlar sahobalar jamoat namozini qanchalik muhim deb bilganlarini ko‘rsatadi.
Jamoat namozi musulmonlarni birlashtiradi
Jamoat namozi musulmonlar o‘rtasida mehr-oqibatni kuchaytiradi. Masjidda turli kasb, yosh va darajadagi insonlar bir safda turib, bir imom ortida ibodat qiladilar. Bu esa Islomdagi tenglik va birlikni namoyon qiladi.
Masjid musulmonlar uchun faqat ibodat joyi emas, balki qalblarni birlashtiradigan, iymonni mustahkamlaydigan maskandir.
Xulosa
Jamoat bilan namoz o‘qish musulmon uchun ulkan fazilatdir. U insonni jahannamdan saqlaydi, munofiqlikdan uzoqlashtiradi, qalbni poklaydi va iymonni mustahkamlaydi. Sahobalar bu ibodatni juda qadrlaganlar va imkon qadar jamoat namozini tark etmaganlar.
Shuning uchun har bir musulmon imkon qadar masjidga borib, namozni jamoat bilan ado etishga harakat qilishi lozim. Chunki jamoat namozi nafaqat katta savob, balki qalbning nurga to‘lishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizni namozni jamoat bilan ado etadigan, masjidlarni obod qiladigan bandalaridan qilsin! Ta’lim muassasasi Tafsir fani mudarrisi Akramxon domla Suyarov

Load More In МАҚОЛАЛАР