MAQOLALAR OSHIQ QALB SABRI 8 мая, 2020 0 380 Ro’za ibodati mo’min bandadan ulkan sabr-toqat talab qiladi. Albatta, sabr-toqat Allohdan ekanini hisobga olsak bu fazilatlarga faqat OSHIQ QALB egalarigina erisha olishini anglash mumkin. Buning amaliy misoli tarzida e’tiboringizga bir hayotiy voqeani havola qilmoqchiman. Bu yil o’g’lim 5 yoshga kirdi. Ota-bobolarimizning tarbiya usullaridan foydalangan bo’lib, o’g’lim ham bomdoddan peshingacha ro’za tutsa, koshki ramazonning fazilatlarini, hikmatlarini bir oz boʻlsa ham anglab yetsa, ro’za farz bo’ladigan yoshga yetganda biror kunini qoldirmay zavq-u shavq bilan tutib borsa, umri davomida bir kun ham ro’zasiga beparvo boʻlmasa, deb ramazonning ilk kuni, barakaga toʻla saharlik vaqtida o’g’limni uyg’otdim va biroz ramazon haqida, uning ro’zasi xolis Alloh uchun tutilishi zarurligi xususida gapirib berdim. Men uning qalbiga “BIZNI ALLOH KO’RIB TURIBDI” degan aqidani yoshiga mos tarzda joylashga harakat qildim. O’g’limga: “Siz peshin namozi vaqtigacha, men esa kechgacha hech narsa yemaymiz, ichmaymiz, bir-birimizni xafa qilmaymiz”, — dedim. U odatiga ko’ra “ho’p bo’ladi, dadajon” deb, aytganlarimga amal qilishini izhor qildi. BIZNI ALLOH KO’RIB TURIBDI shiori bilan ro’za tutishni boshladik. Oilamiz katta. Barchamiz bir dasturxon atrofida ilk saharlikka jamlanib, ro’zani niyat qildik. O’g’limni kun davomida kuzata boshladim. U o’rtoqlari bilan o’ynab yurardi, bir vaqt uyga yugurib kirdi, suv jo’mragini ochdi, suv ichmoqchi bo’lib biroz turib qoldi, men esa yashirinib kuzatar va “ey, Alloh, farzandimga sabr ber”, derdim. Shovullab oqayatgan muzdek suvga biroz qarab turdi-da, so’ng undan ichmay, jo’mrakni yopib o’rtoqlari oldiga chiqib ketdi. Balki o’sha lahzada jajjigina qalbidan saharlik vaqtida dadasiga bergan va’dasi xayolidan o’tgandir? Har safar qorni ochsa yugurib borib “ona non bering, qornim ochdi” deb soʻraydigan oʻgʻlim bu safar onasining oldida girdikapalak bo’lib aylanar, lekin non soʻramas edi. Unga rahmi kelgan onasining non, ovqat taklif qilishiga ham rad javob berdi. Uni yonimga chaqirganimda yuzidan ochlik va chanqoq alomati shundoq bilinib turar edi. Men esa ichimdan kelayotgan yig’ini arang bosib: “O’g’lim, siz og’zingizni ochadigan vaqt bo’ldi”, dedim. Lekin o’g’lim bu so’zimni eshitib sevinmadi, balki qalbimni tebratib yuboradigan so’z aytdi… Hech narsa yemayman. Nimaga o’g’lim? Chunki mendan boshqa hech kim ovqat yemayapti-ku. Mayli ular kechqurun bo’lsa yeydi, siz peshinda ham yesangiz bo’ladi. Yo’q, axir “ALLOH KO’RIB TURIBDI” degansiz-ku … Dod deb yubordim. Demak, jo’mrakni ochganda ham, onasi ovqat taklif qilganda ham, men “iftorlik”ka chaqirganimda ham uning xayolida “ALLOH KO’RIB TURIBDI” degan buyuk shior bo’y ko’rsatayotgan ekan-da… Shayx Mahmud As’ad Jo’shon rohimahulloh “dinning ustuni namoz bo’lsa, jamiyatniki zakot, ruhniki esa ro’zadir” degan edi. Har bir ilohiy amrda o’ziga xos hikmat bor, ro’zaning barcha xususiyati va hikmati yolg’iz Allohga ayon, lekin shunisi aniqki, har bir ro’zador, hatto, u yosh bola bo’lsin ro’zaning buyuk hikmatlarini o’zi uchun kashf etib boraveradi. Nuriddin Xamroqulov, “Sayyid Muhyiddin maxdum” o’rta maxsus islom bilim yurti 2-bosqich 74-guruh talabasi