MAQOLALAR OYLARNING SULTONI 24 апреля, 2020 0 344 Bizlarni oylarning sultoni bo`lgan, o`zining rahmati va mag`firati yog`ilib turadigan, har bir oni g`animat bo`lgan oy, ramazoni sharifga yetkazgani uchun, Alloh taologa qudratining ulug`ligiyu, Jamoli va Kamoliga munosib hamdu sanolarimiz va shukronalarimiz bo`lsin. Bu muborak oyning fazilat va barokatlarini hadisi shariflari orqali o`z ummatlariga hushxabar bergan suyukli Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga muattar va mukammal , bardavom va barqaror salovotu salomlarimiz bo`lsin. Qalblarimizni quvonchga , dillarimizni sururga to`ldirib, orziqib kutganimiz mohi Ramazon keldi. Bu muborak oy biz mo`minlar uchun, chin ma`noda solih va savobli amallar mavsumidir. Zero, hadisi qudusiyda Alloh taolo shunday marhamat qiladi : “ Ey, xayr istagan (banda), kel xayrli ishlarni qil. Gunohi avf etilishini istagan yo`qmi? Tavbasini qabul etaman. Biror istagi bor inson bormi? Uning istagini beraman”, Alloh taoloning ushbu so`zlari tonga qadar davom etadi. Iftor vaqtiga qadar millionlab bandalarning gunohlari kechiriladi. Ha, romazon shunday ulkan imkoniyat oyi. Ro`za esa dunyo va oxirat saodatiga olib boruvchi, ulug` ibodat. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “ Jannatda alohida bir eshik bo`lib, u Rayyon (chanqoqlik yo`q) deyiladi. Bu eshikdan qiyomat kunida faqat ro`za tutgan kishilargina kiradilar”. Darhaqiqat ro`za ibodati, kishini Allohning rahmatiga, mag`firatiga va aynan ro`zadorlar uchun tayyorlab qo`yilgan Rayyon eshigidan jannatga kirishlikdek yuksak saodatga musharraf qilishi bilan bir qatorda, do`zah azobidan qalqon ham bo`lar ekan. Imomi Buxoriy va Sunan sohiblari rivoyat qilgan hadishi sharifda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam : “Qaysi kishi bir kun ro`zasini Alloh roziligi uchun tutsa, Alloh taolo undan do`zaxni yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”, deya marhamat qilganlar. Ro`za ibodati Alloh taoloning nazdida shundayin yuksak ibodatlardandirki hatto, ro`zadorning og`zidan kelayotgan hid Alloh taoloning nazdida mushku anbardan ham hushbo`yroqdir. Toki iftorlik qilgunicha ro`zador uchun farishtalar istig`for aytib turadi. Alloh taolo ro`zador bandasi uchun har kuni jannatning ziynatini oshiradi. Sarkash shaytonlar zanjirband etiladilar.oxirgi kechada esa butun ro`zadorlar mag`firat qilinadi. Ramazon oyining boshqa oylardan afzal qiliadigan o`ziga hos fazilatlari nihoyatta ko`p. zero bu oyda to qiyomatka qadar dasturul amal va hidoyat mayog`I bo`lgan Qur`oni Karim nozil qilingan. Bu oy iymon, taqvo, sabr, muruvvat, saxovat, nafsni tarbiyalash va go`zal xulqlar bilan xulqlanish oyidir. Qolaversa, bu muborak oyda kecha borki , bu kecha laylatul qadr kechasi bo`lib, bu kechada qilingan ibodat boshqa ummatlarning ming oylik ibodatlaridan yahshi bo`lgan kechadir. Bu kecha hayru barokat va gunohlardan mag`firat bo`lish kechasidir. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “ Kim Laylatul Qadrni iymon va savob umidida qoim bo`lib o`tkazsa, uning o`tgan gunohlari mag`firat qilinadi”, dedilar. Romazon oyining o`ziga xos ziynat bo`lgan amallaridan biri bu taroveh namozini o`qishdir. Garchi bugungi kunda butun dunyoda tarqalgan korona virusi sababli masjidlarda vaqtinchalik ibodatlar ado etilmayotgan bo`lsada, hamma o`z uyida bu ulug` ibodatni ado etib Allohning ulkan ajru savoblariga musharraf bo`lishlari mumkin. Iymon va savob umidi bilan bu namozga qoim bo`lganlarning gunohlari kechirilishini hadisi shariflarda marhamat qilingan. Taroveh namozlarini o`qigan, xatmi Qur`onlarda some` bo`lgan bandalar uchun ulug` ajrlar va`da qilingan. Shunday ekan hammalarimiz bu ulug` ibodatni o`z uylarimizda ado etmog`imiz ayni sharafli va ulkan fazilatli ishlardandir. Ro`za tutish insonlarning nafaqat oxiratiga balki hayotiga, taqvosiga, xulqiga, jismoniy salomatligiga ko`plab foydalari bor. Bu haqiqatni nafaqat musulmonlar balki, musulmon bo`lmagan tibbiyot soxasining mutahassislari ham bugungi kunda ochiq oydin tan berib, e`tirof qilib turibdilar. O`z faoliyatlariga dasturul amal qilib, bir qancha davosi qiyin kasalliklar shifosiga sabab bo`lmoqdalar. Bu haqiqatni esa Alloh taoloning ozi bundan bir ming to`rt yuz yil avval O`zining muborak kalomida “ ro`za tumog`ingiz o`zingiz uchun yahshidir”, deya ma`lum qilib qo`ygan. Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Ro`za tutinglar salomat bo`lasizlar”, degan ma`nodagi hadisi shariflariham bugungi kunga kelib yanada o`z tasdig`ini topib turibdi. Umuman olganda boshidan oxirigacha fazilat va barokat, xayriyat va manfaat bo`lgan bu muborak oyning fazilatlarini sanob sanog`iga aytib adog`iga yetkazish mushkul. Mukammal hikmati va savoblari esa Alloh taoloning o`zigagina ma`lum. Bizlar esa Alloh ato etgan imkoniyatlardan unumli foydalanib har bir onini solih va savobli amallar bilan o`tkazmog`imiz lozim va lobud. Zero bu muborak oyning yahshiliklaridan bebahra bo`lgan kishi, hamma yahshiliklardan mahrum bo`libdi. Alloh taolo barchalarimizni bu oyda chiroyli ibodatlar qilib, ro`zalarimizni mukammal ado etib, O`zi va`da qilgan dunyo va oxiratdagi barcha yahshiliklardan bahramand bo`lishimizni muvaffaq qilsin. Andijon “ Sayyid Muhyiddin maxdum” islom o`rta maxsus bilim yurti bitiruvchisi bitiruvchi kure talabasi Saidahror IBROHIMOV