Qadr kechasi va uning fazilati!

0
132


Qadr kechasi (Laylatul Qadr) — islom dinida eng ulug‘ va fazilatli kechalardan biri hisoblanadi. Bu kecha Qur’oni Karim nozil bo‘la boshlagan muborak kecha bo‘lib, musulmonlar uchun rahmat, mag‘firat va savoblar eshigi keng ochiladigan ulkan imkoniyatdir.

Qadr kechasining ulug‘ligi va undagi ajr-savoblarga  yilning boshqa oylaridagi biror-bir kecha teng kela olmaydi. Ibn Abu Hotimdan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir kuni Bani Isroil payg‘ambarlaridan Ayyub, Zakariya, Huzayqiyl va Yusha’ ibn Nun alayhissalomlarni zikr qilib, “ular Allohga sakson yil ibodat qilganlar. Bu muddat davomida bir ko‘z ochib yumguncha ham gunoh ish qilmaganlar” deganlarida sahobai kiromlar bundan g‘oyatda ajablandilar. Shunda Rasulullohning huzurlariga Jabroil alayhissalom kelib: “Ummatingiz shundan ajablandimi? Alloh taolo sizlarga undan ko‘ra yaxshisini nozil qildi”, deb, quyidagi Qadr surasini vahiy orqali tushurganlar:

إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ  وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ  لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ  تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ  سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ

(سورة القدر/1-5)

ya’ni: “Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad) Qadr kechasi nima ekanini Sizga ne ham anglatur?! Qadr kechasi ming oydan yaxshirokdir. U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorining izni ila (yil davomida qilinadigan) ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 1-5 oyatlar).

Shundan keyin Jabroil alayhissalom: “Bu sizning ummatingiz ajablangan narsadan afzaldir”, dedilar. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va atroflaridagi sahobai kiromlar juda xursand bo‘ldilar.

Demak, Qadr kechasi uchun alohida bir to‘liq surani nozil bo‘lishi – bu kechaning naqadar ulug‘ ekaniga dalolat qiladi.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Qadr kechasini maqtab bunday deganlar:

«لِلَّهِ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ, مَنْ حُرِمَ خَيْرَهَا فَقَدْ حُرِمَ«

(رواه الإمام أحمد عن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya’ni: “Allohga qasamki, Ramazon oyida ming oydan afzalroq bir kecha bor. Kim unning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, shubhasiz (juda ko‘p narsadan) mahrum bo‘libdi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Demak, Qadr kechasini topib, uni ibodat bilan o‘tkazkan kishi 83 yilu to‘rt oy to‘xtovsiz ibodat qilganni savobini olar ekan. Bu biz ummat uchun naqadar katta baxt. Alloh barchamizga nasib qilsin!

Qadr kechasi Ramazon oyining nechanchi kechasi ekanini Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan. Sababi, bandalar Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida imkon qadar kechalarini toat-ibodat, duo-tazarru’lar bilan o‘tkazib, dunyo va oxiratlariga tegishli barcha narsalarni bunday duolar ijobat bo‘ladigan kunlarda so‘rab olsinlar.

Sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan Laylatul qadrni qaysi kecha ekanini so‘raganlarida Ramazon oyining uchinchi o‘n kunligining toq kechalaridan izlash kerakligini aytganlar (“Tafsiri Bag‘aviy”).

Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

«تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْوِتْرِ مِنَ الْعَشْرِ الْأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ«

(رَوَاهُ الشَّيْخَانِ عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا)

ya’ni: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n kunligini toq kechalaridan izlanglar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Qadr kechasi haqidagi dalillarni o‘rganib chiqqan ulamolarimiz Ramazonning yigirma yettinchi kechasi (yigirma oltinchidan yigirma yettinchiga o‘tar kechasi)ni Qadr kechasi ekaniga ba’zi ishoralar borligini bayon qilganlar. Shuningdek, Qadr surasining tafsirida ham qadrning yigirma yettinchi kechada ekaniga yengil ishoralar borligini aytganlar. Masalan, Qadr surasida “Laylatul Qadr” kalimasi uch bora qaytarilgan. Aslida arab tili fasohati qoidasiga ko‘ra bunday vaziyatda zamirlar (olmoshlar) ishlatilishi kerak edi. Lekin Qur’oni karim biz bilgan har qanday nisbiy  qonuniyatlardan ustun turadi. Buni bilgan ulamolar aynan ushbu “Laylatul Qadr” kalimasining uch marta qaytarilishi bejiz emas, deyishib, undan ayrim ishoralarni chiqarib oldilar: Arab yozuvida “Laylatul Qadr” kalimasi to‘qqiz harfdan iborat. Uning uch marta qaytarilishi esa bu harflarning yig‘indisi yigirma yettiga teng ekanini bildiradi. Bu bilan Qadr kechasi yigirma yettinchi kechada ekaniga ishora bo‘lmoqda, deydilar.

Shunday ekan, musulmon kishi ramazon oyining oxirgi o‘n kunida jiddi-jahd bilan ibodat qilishi, xususan 27 kechada esa boshqa kunga nisbatan yanada shijoat ila ibodatga berilmog‘i kerak bo‘ladi. Shoyad, Alloh taolo o‘zining keng rahmati ila ming oydan yaxshiroq bo‘lgan kechani topishga barchamizni muvaffaq qilsa!

Oysha raziyallohu anho onamiz “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘raganlarida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

«اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي

(رواه الامَامُ الترمذى عن عائشةَ رضِيَ اللهُ عنها)

ya’ni: “Siz: “Allohumma innaka ‘afuvvun, tuhibbul ‘afva fa’fu ‘anniy”, ya’ni, “Yo Alloh, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Meni (gunohlarimni) kechirgin” deb ayting”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Shunday ekan, bu kechada ro‘zador bedor bo‘lib, ahli ayolini ham, yoru do‘stlarni ham savobli ishlarga chorlashi maqsadga muvofiq. Alloh taolo o‘sha kechaning barakotidan ming oylik ibodatning ajru savobidan ko‘ra yaxshiroq ajru savob berishidan umidvor bo‘lishi kerak. Ta’lim muassasasi 3-kurs, 89-guruh talabasi Tolibjonov Bekmurod.

Load More In МАҚОЛАЛАР