МАҚОЛАЛАР Qiyomul layl — sizdan oldingi solihlarning odatidir 6 июня, 2026 0 103 Sunani Termiziy kitobida bir hadis keladi: عَنْ أَبِي أُمَامَةَ الْبَاهِلِيِّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ: «عَلَيْكُمْ بِقِيَامِ اللَّيْلِ فَإِنَّهُ دَأْبُ الصَّالِحِينَ قَبْلَكُمْ، وَهُوَ قُرْبَةٌ إِلَى رَبِّكُمْ، وَمَكْفَرَةٌ لِلسَّيِّئَاتِ، وَمَنْهَاةٌ عَنِ الْإِثْمِ، وَمَطْرَدَةٌ لِلدَّاءِ عَنِ الْجَسَدِ» سنن الترمذي، رقم الحديث: 3549 Abu Umoma al-Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Tungi namozni (qiyomul laylni) lozim tutinglar! Zero, u sizlardan oldingi solihlarning odatidir, Robbingizga yaqinlashtiruvchi, yomonliklarga kafforotdir, gunohlardan toʻsuvchi va jismdan dardni haydaguchidir”. (Imom Termiziy, “Sunan”, 3549-hadis; Imom Ahmad rivoyati) Ushbu hadisda tungi ibodatning ham ruhiy-maʼnaviy, ham jismoniy foydalari mukammal tarzda jamlangan. Muhaqqiq ulamolar ushbu hadisdagi beshta muhim jihatni shunday sharhlaydilar: • “Sizlardan oldingi solihlarning odatidir”: Bu ibodat faqatgina Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatiga xos emas, balki Odam alayhissalomdan buyon oʻtgan barcha paygʻambarlar, valiy zotlar va avliyolarning doimiy hayot tarzidir. Kim qiyomul laylni odat qilsa, oʻzini oʻsha buyuk zotlar karvoniga qoʻshgan boʻladi. • “Robbingizga yaqinlik keltiruvchidir”: Kunduzgi ibodatlarda riyo (oʻzini koʻrsatish) aralashish xavfi yuqori boʻladi. Ammo hamma uxlab yotgan tun yarmida, faqat Alloh koʻrib turgan holatda namoz oʻqish — ixlosning eng yuqori darajasidir. Bu ixlos bandani Allohga eng yaqin maqomga koʻtaradi. • “Gunohlardan toʻsuvchidir va yomonliklarga kafforotdir”: Tunda koʻz yoshi qilib, Robbiga munojat qilgan inson kunduzi gunoh qilishga hayo qiladi. Tungi namoz xuddi qalqon kabi uni maʼsiyatlardan asraydi va oʻtgan kichik xatolarini yuvib yuboradi. • “Jismdan dardni haydaguchidir”: Bu moʻjizaviy jumla boʻlib, zamonaviy tibbiyot ham buni tasdiqlamoqda. Tun yarmida uyquni buzib, yengil harakatlar (tahorat va namoz) qilish qon aylanishini yaxshilaydi, immun tizimini kuchaytiradi va asab tizimini tinchlantiradi. Tarixdagi barcha buyuk mujtahidlar, muhaddislar va tarbiyachi ulamolar oʻzlarining ilmiy yutuqlari hamda ruhiy quvvatlarini aynan kechasi turish orqali topganlarini eʼtirof etishgan. Hasan al-Basriy rahmatullohi alayh Tojiddin as-Subkiy oʻzining kitoblarida quyidagi ma’lumotni keltiradilar: Hasan al-Basriydan soʻrashdi: “Nima uchun tunda namoz oʻqiydigan (tahajjud ahli) insonlarning yuzlari garchi kunduzi quyoshda yursalar ham juda chiroyli, nurli va goʻzal boʻladi?” Hasan al-Basriy javob berdilar: “Chunki ular tun yarmida Rahmon bilan xoli qoldilar va U Zot ularga Oʻz nuridan ziynatladi”. Imom Shofeʼiy aytardilar: “Kechasi turish qalbni yumshatadi, zehnni oʻtkirlashtiradi va ilmdagi barakani ochadi”. Buyuk orif zot Fudayl ibn Iyoz tungi namozning lazzati haqida shunday degan edi: “Quyosh botayotganini koʻrsam, Xudoga shukur qilaman. Chunki tun kirib, Robbim bilan xoli qolish vaqti yaqinlashmoqda, deb xursand boʻlaman. Tong otayotganini koʻrsam, odamlar bilan aralashib, qalbim chalgʻishidan xavotirga tushib, mahzun boʻlaman”. U kishi yana aytganlar: “Agar kechasi turishga va kunduzi roʻza tutishga qodir boʻlmasangiz, bilingki, siz gunohlaringiz sabab kishanlab qoʻyilgan mahrum insonsiz”. Qiyomul layl — solihlar hayotining ajralmas qismidir. Agar hayotingizda ruhan tushkunlik, ishlaringizda turgʻunlik yoki ilmingizda barakasizlik sezsangiz, ushbu buyuk sunnatga yuzlaning. Ulamolar bu borada yangi boshlovchilarga “oz boʻlsa ham davomli boʻlish” qoidasini tavsiya etadilar. Bomdod namozidan yarim soat oldin turib, bor-yoʻgʻi ikki rakʼat tahajjud namozini ixlos bilan oʻqish va ortidan qilinadigan qisqa istigʻfor -insonni “solihlar yoʻli”ga yetaklovchi ilk qadam boʻla oladi. Zero, Imom Shofeiy aytganlaridek: «Tunda qilingan duo — nishonga aniq tegadigan oʻq kabidir». Bilim yurti mudarrisi: Muhammad Yahyo domla Mahmudov tayyorladi.