Qur’on: har bir harf – bejiz emas

0
104

Ba’zan inson ko‘p amal qilolmaydi. Ko‘p sadaqa berishga ham, katta ishlar qilishga ham imkoni bo‘lmaydi. Lekin shunday amal borki, u oson, hamma uchun ochiq va savobi juda ulkan. Bu — Qur’on o‘qish.

Rasululloh ﷺ shunday marhamat qilganlar:

«Kim Allohning Kitobidan bir harf o‘qisa, unga bir savob yoziladi. Har bir savob esa o‘n barobar ko‘paytiriladi…»

Bu hadis shuni anglatadiki, Qur’on o‘qiyotgan inson hech qachon zarar ko‘rmaydi. Hatto tilimizdan chiqqan bitta harf ham Alloh huzurida qadrsiz emas. “Alif-Lom-Mim” degan uchta harf — uchta savob emas, balki o‘ttiz savob demakdir.

Qur’onni mukammal o‘qiy olmaslik bahona emas. Muhimi — harakat. Chunki Alloh taolo urinishni ham qadrlaydi.

Rasululloh ﷺ yana bir muhim haqiqatni bayon qilganlar:

«Sizlarning eng yaxshilaringiz — Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganingizdir».

Bu yerda “eng yaxshilar” degan unvon tilga olinmoqda. Boyligi bilan emas, mansabi bilan emas — Qur’on bilan eng yaxshi bo‘lish mumkin.

Qur’onni o‘rganish — o‘zingni tuzatishdir. Uni o‘rgatish esa — boshqalarning hayotiga nur olib kirishdir. Shuning uchun Qur’on bilan yashagan inson nafaqat o‘zini, balki atrofini ham yuksaltiradi.

Bugun bir sahifa o‘qing. Ertaga ikki sahifa. Balki faqat bir oyat. Ammo tashlab qo‘ymang. Chunki Qur’on — mukammallikni emas, davomiylikni yaxshi ko‘radi.

Qur’onni qo‘lga olish — kichik ishdek tuyuladi.
Ammo u bilan yashash — eng katta yutuqdir.

Har bir harf — savob. Har bir qadam — najot.
Ta’im muassasasi «Aqoid» va «Usulul-Fiqh» fanlari mudarrisi A.Abdullayev

Load More In МАҚОЛАЛАР