Ramazon bog‘i

0
97

Siz hozir Ramazon deb atalgan ulkan bir bog‘da sayr qilayotganingizni tasavvur qiling. Bu oddiy bog‘ emas. Bu bog‘ shirin-shakar mevalarga, turli ne’matlarga va inson qalbini poklaydigan fazilatlarga to‘la muborak maskandir. Bu bog‘da har bir kishi o‘z savatini istaganicha to‘ldirishi mumkin. Kimdir bir kunlik rizq oladi, kimdir olti oyga yetadigan zahira to‘playdi, yana kimdir esa bir yilga, hatto butun umri uchun foyda beradigan ne’matlarni jamlaydi. Bu esa har bir insonning o‘z ixtiyoriga bog‘liq.
Ammo bir narsani unutmang: siz bu bog‘ga kirish imkoniga ega bo‘la turib, undan hech narsa olmasdan chiqib ketmang. Chunki bu bog‘ning mevalari nihoyatda ko‘p, ne’matlari esa behisobdir. Shu muborak kunlarda har kim o‘z “savati”ni yaxshiliklar, ibodatlar va savoblar bilan to‘ldirishga harakat qilmoqda.
Bu bog‘ning bog‘boni esa nihoyatda saxiydir. U eng sabrli, eng ixlosli mehmonlari uchun ajoyib “chegirmalar” e’lon qilgan. Ha, bu juda buyuk imkoniyat: qilingan har bir yaxshi amal birga yetmish barobar savob bilan qaytariladi. Shuning uchun bu oyda qilingan kichik bir yaxshilik ham ulkan ajrga sabab bo‘ladi.
Shunday ekan, har kim bu bog‘dan o‘zi xohlagan mevasini istaganicha terib olsin. Kim ko‘p meva yig‘sa, uning foydasi ham shuncha katta bo‘ladi. Ammo shuncha ne’mat orasida yurib, savatini bo‘sh holda olib chiqib ketgan, oxirati uchun hech qanday zahira to‘plamagan inson naqadar baxtsizdir.
Ramazon — bu imkoniyatlar oyi, rahmat va mag‘firat eshiklari ochilgan muborak fasldir. Shunday ekan, bu noyob fursatni qo‘ldan boy bermaylik. Savatimizni yaxshi amallar, ibodatlar, duolar va sadaqalar bilan to‘ldiraylik. Balki aynan shu amallar qiyomat kunida bizning najotimizga sabab bo‘lar. Ta’lim muassasasi Arab tili o’qituvchisi Haydarali domla Normirzayev

Load More In МАҚОЛАЛАР