MAQOLALAR Ramazon kafforotdir. 30 марта, 2024 0 181 Ramazon oyi oldingi gunohlarni o‘chirib yuboradigan oydir. Imom Nasoiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim iymon bilan, savob umidida Ramazon ro‘zasini tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim iymon bilan, savob umidida Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim Qadr kechasini iymon bilan, savob umidida ibodat bilan o‘tkazsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi», deganlar. Abdurrahmon roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda esa «Albatta, Alloh taboraka va taolo sizlarga Ramazonning ro‘zasini farz qildi, men esa uning kechalarini ibodat bilan o‘tkazishni sizga sunnat qildim. Kim iymon bilan, savob umidida uning ro‘zasini tutsa va kechalarini ibodat bilan o‘tkazsa, gunohlaridan onasi tuqqan kundagidek toza bo‘ladi», deyilgan. Imom Buxoriy Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Kishining fitnaga uchrashi o‘z ahli, moli, farzandi va qo‘shnisi sababli bo‘ladi. Uni namoz, ro‘za, sadaqa, (yaxshilikka) buyurish va (yomonlikdan) qaytarish o‘chiradi», deyilgan. Ramazon hayiti. Ramzonni eson-omon, ibodat va mislsiz aju savoblar ega bo‘lib o‘tkazganlikni nishonlash va buning uchun shukrona keltirish ma’nosida Islom shariatida Ramozondan keyingi oy – shavvol oyining birinchi kuni musulmonlar uchun bayram qilib berilgan. Hayit kunining barcha fazilatlari bevosita Ramazonning sharofati sanaladi. Ibn Hibbon va Imom Bayhaqiylar Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilishlaricha, u kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Ramazon oyi fazilatlari haqida gapira turib, jumladan quyidagilarni aytganlarini eshitgan ekanlar: «Fitr kechasi bo‘lganda bu kecha «Mukofot kechasi» deb nomlanadi. Fitr kuni bo‘lganda Alloh azza vajalla farishtalarni shaharlarga yuboradi, ular yerga tushadilar va ko‘chalarning og‘zida turib olib, inson va jindan boshqa barcha Alloh azza vajalla yaratgan narsalar eshitadigan ovozda nido qilib: «Ey ummati Muhammad, ko‘p savob beradigan va katta gunohlarni mag‘firat qiladigan karamli Robbingiz tomon chiqing», deydilar. Qachonki ular namozgohlariga chiqqanlarida, Alloh azza vajalla: «Ey farishtalarim, ijaraga yollangan kishining ishini bajargandagi mukofoti nimadir?», deydi. Ular: «Ilohimiz, Xojamiz, uning mukofoti haqini to‘liq berilishidir», deydilar. Shunda Alloh: «Men sizlarni guvoh qilamanki, ey farishtalarim, albatta Men ularning Ramazon oyining ro‘zasini tutganlari va kechalarini qoyim qilganlari savobini O‘zimning roziligim va mag‘firatim qildim», deydi». Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi Sirojiddin domla Ahmadaliyev tayyorladi.