МАҚОЛАЛАР Ramazon ro‘zasining 7 sunnati 11 марта, 2026 0 100 Ramazon oyi – ibodat, taqvo va rahmat oyidir. Bu oyda musulmonlar ro‘za tutish orqali Alloh taologa yaqinlashadilar. Ro‘zaning savobini yanada ko‘paytirish va ibodatga ruh bag‘ishlash uchun Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatgan sunnatlarga amal qilish juda muhimdir. Quyida ro‘zaning muhim sunnatlaridan yettitasi zikr qilinadi. 1. Saharlik qilish Ro‘zaning birinchi sunnati – saharlik qilishdir. Hatto bir qultum suv bilan bo‘lsa ham saharlikni tark etmaslik tavsiya etilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: السَّحُورُ بَرَكَةٌ فَلَا تَدَعُوهُ وَلَوْ أَنْ يَجْرَعَ أَحَدُكُمْ جَرْعَةً مِنْ مَاءٍ فَإِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى الْمُتَسَحِّرِينَ “Saharlik barakadir. Uni bir qultum suv bilan bo‘lsa ham tark etmanglar. Chunki Alloh va Uning farishtalari saharlik qiluvchilarga salovot aytadilar.” 2. Iftorni vaqt kirishi bilan tezlashtirish Ro‘zaning ikkinchi sunnati – iftorni vaqt kirishi bilan tezlashtirishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odatlari quyidagicha edi: كَانَ رَسُولُ اللَّهِ ﷺ يُفْطِرُ عَلَى رُطَبَاتٍ قَبْلَ أَنْ يُصَلِّيَ، فَإِنْ لَمْ تَكُنْ رُطَبَاتٌ فَتَمَرَاتٌ، فَإِنْ لَمْ تَكُنْ حَسَا حَسَوَاتٍ مِنْ مَاءٍ “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shom namozini o‘qishdan oldin bir necha dona ho‘l xurmo bilan iftor qilar edilar. Agar ho‘l xurmo bo‘lmasa quruq xurmo bilan, u ham bo‘lmasa bir necha ho‘plam suv bilan og‘iz ochar edilar.” 3. Iftor paytida duo qilish Ro‘zadorning iftor paytidagi duosi qabul bo‘lishiga umid qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam og‘iz ochganlarida quyidagi duoni aytar edilar: ذَهَبَ الظَّمَأُ وَابْتَلَّتِ الْعُرُوقُ وَثَبَتَ الْأَجْرُ إِنْ شَاءَ اللَّهُ “Chanqoqlik ketdi, tomirlar ho‘llandi va inshaalloh ajr sobit bo‘ldi.” 4. Ro‘zadorlarga iftorlik qilib berish Ro‘zador kishiga iftorlik qilib berish juda ulug‘ savobli amaldir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا كَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِهِ غَيْرَ أَنَّهُ لَا يَنْقُصُ مِنْ أَجْرِ الصَّائِمِ شَيْءٌ “Kim ro‘zador kishiga iftorlik qilib bersa, unga ham ro‘zadorning ajricha savob beriladi. Bu bilan ro‘zadorning savobidan hech narsa kamaymaydi.” 5. Allohni ko‘p zikr qilish Ramazon oyida tilni Allohning zikri bilan band qilish juda fazilatli amaldir. “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” kabi zikrlar qalbni poklaydi va savoblarni ko‘paytiradi. 6. Qur’on tilovatini ko‘paytirish Ramazon – Qur’on nozil bo‘lgan oy hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi hamda haq bilan botilni ajratib beruvchi Qur’on nozil qilingan oydir.” (Baqara surasi, 185-oyat) Shu sababli sahobalar Ramazon oyida Qur’on tilovatini juda ko‘paytirganlar. 7. Yaxshiliklarni ko‘paytirish Ramazon oyida yana quyidagi savobli amallarni ko‘paytirish tavsiya etiladi: ko‘p duo qilish, sadaqa berish, yaxshilikka chaqirish, yomonlikdan qaytarish, bemorlarni ziyorat qilish, qarindoshlar bilan sila rahmni mustahkamlash. Ramazon – g‘animat oyidir. Bu oy iymonni mustahkamlash, jannatga erishish va do‘zaxdan najot topish uchun buyuk imkoniyatdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: رَغِمَ أَنْفُ رَجُلٍ دَخَلَ عَلَيْهِ رَمَضَانُ ثُمَّ انْسَلَخَ قَبْلَ أَنْ يُغْفَرَ لَهُ “Ramazon kirib, keyin chiqib ketib, gunohlari mag‘firat qilinmagan odamning burni yerga ishqalansin.” Alloh taolo bizlarni Ramazon oyining fazilatlaridan to‘liq bahramand bo‘ladigan bandalaridan qilsin. Ramazondan gunohlardan poklangan holda chiqishimizga tavfiq bersin. Ta’lim muassasa mudarrisi Oybek domla Sattorov