МАҚОЛАЛАР Ramazonda iymon ziyoda boʻladi. 4 марта, 2026 0 115 Ramazon – shunchaki taqvimdagi bir oy emas. U mo‘min qalbining tarbiya davri, ruhiy poklanish fasli, iymon yangilanadigan ilohiy maktabdir. Insonning iymoni bir xil darajada turmaydi. Ba’zan kuchayadi, ba’zan zaiflashadi. Ulamolar aytganlar: iymon itoat bilan ortadi, gunoh bilan kamayadi. Ramazon esa aynan iymonni oshirish uchun berilgan eng katta imkoniyatdir. Iymon qalbning nuridir. Agar qalb g‘aflat, dunyoparastlik va gunoh bilan to‘lsa, bu nur xiralashadi. Masalan: Namozni yengil ko‘rish Qur’onni tark qilish G‘iybat, hasad, kibr kabi illatlar Ko‘z va tilni nazorat qilmaslik Bularning barchasi iymonni sekin-sekinnurini ketkazib, zaiflashtiradi. Payg‘ambarimiz ﷺ aytganlar: إِنَّ الْعَبْدَ إِذَا أَخْطَأَ خَطِيئَةً نُكِتَتْ فِي قَلْبِهِ نُكْتَةٌ سَوْدَاءُ… Ya’ni banda gunoh qilsa, qalbida qora nuqta paydo bo‘ladi. Agar tavba qilsa, qalbi yana tozalanadi. Agar gunohda davom etsa, qalbi butunlay qorayib ketishi mumkin. Bu hadis bizga shuni o‘rgatadi: qalb ham parvarishga muhtoj. Ramazon ana shu qalbni poklaydigan oy. Iymonning nuri baʼzi ishlar ila ziyoda boʻladi. Ularni baʼzilarini zikr qilib oʻtamiz 1 Roʻza tutish orqali Alloh taolo ro‘za haqida shunday deydi: يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ … لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ Bu oyatning mazmuni shuki: ro‘za sizlarga taqvo hosil qilishi uchun farz qilindi. Demak, ro‘zaning maqsadi shunchaki och qolish emas. U insonni Allohdan qo‘rqadigan, o‘zini nazorat qila oladigan, har bir ishida mas’uliyatni his qiladigan darajaga olib chiqadi. Ochlik bizni kambag‘alning holini his qilishga o‘rgatadi. Chanqoqlik sabrni o‘rgatadi. Nafsimizni tiyish esa iymonni mustahkamlaydi. Payg‘ambarimiz ﷺ dedilar: مَنْ صَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ Ya’ni kim Ramazonni chin iymon va savob umidida ro‘za tutsa, avvalgi gunohlari kechiriladi. Bu hadisdan bilamizki, ro‘za – qalbni yangilovchi ibodat. 2. Namoz va qiyom orqali Alloh taolo aytadi: إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَىٰ عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنكَرِ Oyatning mazmuni: namoz insonni yomonlik va buzuqlikdan qaytaradi. Agar namoz bizni yomonlikdan qaytarmasa, demak biz namozni qalb bilan o‘qimayapmiz. Ramazonda taroveh, tahajjud, jamoat namozlari – bular qalbni tiriltiradi. Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar: Ramazonning oxirgi o‘n kunida Rasululloh ﷺ ibodatni yanada kuchaytirar, kechalarni bedor o‘tkazar edilar. Bu bizga shuni ko‘rsatadiki: iymon mehnat bilan ortadi. 3. Qur’on bilan yashash orqali iymon ziyoda boʻladi Ramazon – Qur’on nozil bo‘lgan oy. Qur’on oddiy kitob emas. U qalblar uchun shifodir. Qur’onni faqat o‘qish emas, balki tushunish, tafakkur qilish, hayotga tatbiq etish kerak. Sahobalar bir oyatni o‘qisalar, uning ma’nosini tushunib, amal qilmaguncha keyingisiga o‘tmas edilar. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Ramazonda Qur’onni ko‘p xatm qilganlar. Chunki ular Qur’onni qalb ozig‘i deb bilganlar. 4. Sadaqa va saxovat orqali, Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: Rasululloh ﷺ Ramazonda yanada saxiy bo‘lib ketardilar. Ramazon – rahm-shafqat oyidir. Sadaqa iymonni mustahkamlaydi, qalbni yumshatadi. Inson bergan sari qalbi poklanadi. 5. Tavba va istig‘for orqali, Ramazon – mag‘firat oyidir. Bu oyda qilinadigan tavba boshqa vaqtdagidan ham qadrliroq. Chunki qalb yumshaydi, ko‘z tezroq yosh to‘kadi. Rasululloh ﷺ ogohlantirganlar: Ramazon kirib, gunohlari kechirilmagan odam katta yo‘qotishda qoladi. Demak, bu oy – hayotni o‘zgartirish uchun berilgan imkoniyat. Ramazon – iymonning bahori. Bu oyda: Ro‘za nafsni poklaydi Namoz qalbni tiriltiradi Qur’on ruhni oziqlantiradi Sadaqa qalbni yumshatadi Tavba gunohlarni yuvadi Kim Ramazonni ongli ravishda o‘tkazsa, oy oxirida uning qalbi o‘zgaradi. Iymoni mustahkamlanadi. Robbiga yaqinlashadi. Alloh taolo bizlarni Ramazonni haqiqiy taqvo bilan o‘tkazadigan, iymoni ziyoda bo‘lgan bandalaridan qilsin. Ta’lim muassasasi Tafsir fani mudarrisi Akramxon domla Suyarov