Ramazonning so‘nggi o‘n kunligi – omonat daqiqalar fazilati.

0
114

Ramazon oyi fazilat va barakotlarga to‘la oydir. U uch qismga bo‘linadi: birinchi o‘n kunlik — rahmat, ikkinchi o‘n kunlik — mag‘firat, uchinchi o‘n kunlik esa — do‘zaxdan ozod etilish kunlaridir. Ayniqsa, Ramazonning so‘nggi o‘n kunligi ibodat va taqvo uchun eng qimmatli fursatlardandir.
Do‘zaxdan ozod etilish kunlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyining fazilatini bayon qilib shunday deganlar:
هُوَ شَهْرٌ أَوَّلُهُ رَحْمَةٌ، وَأَوْسَطُهُ مَغْفِرَةٌ، وَآخِرُهُ عِتْقٌ مِنَ النَّارِ
“U (Ramazon) shunday oydirki, uning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri esa do‘zaxdan ozod qilinishdir.”
Qadr kechasini izlash
Ramazonning oxirgi o‘n kechalari ichida Qadr kechasi bor. Bu kecha ming oydan ham afzal bo‘lgan muborak kechadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ
“Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n kechasidan izlanglar.”
Yana bir hadisda:
تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْوِتْرِ مِنَ الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ
“Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n kechasining toq kechalaridan izlanglar.»deganlar.

Payg‘ambarimizning amallari.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunlarda ibodatni yanada ko‘paytirganlar. Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar:
كَانَ رَسُولُ اللَّهِ ﷺ يَجْتَهِدُ فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مَا لَا يَجْتَهِدُ فِي غَيْرِهِ
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi o‘n kunlikda boshqa kunlarda qilmagan darajada ibodatga harakat qilardilar.”
Yana bir rivoyatda:
كَانَ إِذَا دَخَلَ الْعَشْرُ الأَوَاخِرُ أَحْيَا اللَّيْلَ، وَأَيْقَظَ أَهْلَهُ، وَشَدَّ الْمِئْزَرَ
“Oxirgi o‘n kun kirganida u zot kechani ibodat bilan o‘tkazar, ahli oilalarini uyg‘otar va ibodatga jiddiy kirishardilar.”
Xulosa
Ramazonning so‘nggi o‘n kunligi — Qadr kechasini izlash, ibodatlarni ko‘paytirish va Allohga yaqinlashish uchun eng ulug‘ fursatdir. Shuning uchun bu qimmatli kunlarni g‘animat bilib, ibodat, duo va tavbani ko‘paytirish har bir mo‘min uchun muhimdir. Ta’lim muassasasi Tafsir fani mudarrisi Akramxon domla Suyarov

Load More In МАҚОЛАЛАР