МАҚОЛАЛАР ТАФСИР RASULULLOH SALLOLLOHU ALAYHI VASALLAM, SAHOBALAR VA TOBE’INLAR DAVRIDA TAFSIR ILMI 25 января, 2025 0 571 Tafsir ilmi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlaridayoq paydo bo‘lgan. Sahobalar Qur’onning ba’zi bir nozik jihatlarini tushunmay qolganlarida, bularni Rosulullohdan so‘rab bilib olar edilar. Sahobalar Qur’oni karimni tafsir qilishda quyidagi narsalarga suyanishar edi: Qur’oni karimning o‘ziga. Chunki Qur’oni karimda bir joyda umumiy kelgan ma’no boshqa joyda mufassal qilib keltirilgan yoki bir joyda umum yoki mutlaq bo‘lib kelgan oyat boshqa joyda xoslanib yoki bog‘lanib keltirilgan. Bu narsa Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilish deyiladi. Masalan: Moida surasida Alloh taolo: أُحِلَّتْ لَكُمْ بَهِيمَةُ الْأَنْعَامِ إِلَّا مَا يُتْلَى عَلَيْكُمْ “…Sizlarga uy hayvonlarining go‘shti halol qilindi. Lekin endi tilovat qilinadiganlari esa harom qilindi…” («Moida» surasi, 1-oyat») deb keyin shu suraning 3-oyatidan o‘sha gapni tafsir qilib: حُرِّمَتْ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةُ “Sizlarga o‘limtik …. lar harom qilindi…” (Moida surasi, 3-oyat.) dedi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlariga. Chunki Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni bayon qiluvchi edilar. Sahobalar Qur’ondan tushunmagan har bir o‘rinlarini Rosulullohdan so‘rardilar. Masalan: Ibni Abbos roziyallohu anhu aytadilar: الَّذِينَ آَمَنُوا وَلَمْ يَلْبِسُوا إِيمَانَهُمْ بِظُلْمٍ “Shunday kishilariki, iymon keltirib, iymonlariga zulmni aralashtirmasa….”(An’om surasi, 82-oyat.)degan oyat tushirilganda bu narsani tushunish odamlarga qiyin bo‘ldi. Shuning uchun: “Yo Rosululloh qaysimiz o‘zimizga zulm qilmagan bo‘lamiz” deb so‘rashdi. Shunda Rosululloh dedilar: “Bu yerdagi zulm sizlar o‘ylagan zulm emas, Qur’onda solih bandaning aytgan gapini eshitmaganmisizlar-ki, u: إِنَّ الشِّرْكَ لَظُلْمٌ عَظِيمٌ “…Albatta shirk katta zulmdir…”(Luqmon surasi, 13-oyat.) degan. Demak, bu yerdagi zulmdan murod shirkdir”, dedilar. O‘zlarining fahm va ijtihodlariga. Sahobalar Qur’onni tafsir qilishda avval Qur’onning o‘ziga, so‘ng Rosulullohning hadislariga, undan keyin esa o‘zlarining fahm va ijtihodlariga suyanishar edi. Chunki ular sof arablar edilar va Qur’ondagi balog‘at va fasohatni yaxshi tushunishar edi. Sahobalardan bir qanchalari mufassirlikda mashhur bo‘lishgan. Ulardan: To‘rt xalifa, Ibn Mas’ud, Ibni Abbos, Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit, Abu Muso al-Ash’ariy, Abdulloh ibn Zubayr, Anas ibn Molik, Abdulloh ibn Umar, Jobir ibn Abdulloh, Abdulloh ibn Amr ibn Os, Oisha roziyallohu anhumlardir. Bu kishilar ba’zilari ko‘p ba’zilari oz tafsir qilganliklari rivoyat qilingan. Sahobalardan keyin tobe’inlardan ham mashhur mufassirlar chiqishgan. Ulardan: Said ibn Jubayr, Mujohid, Akrima, Tovus ibn Kayson al-Yamoniy, Ato ibn Abi Raboh, Zayd ibn Aslam, Abul Oliya, Muhammad ibn Ka’b al-Quroziy, Alqama ibn Qays, Masruq al-Asvad ibn Yazid, Murratul Hamadoniy, Omir ash-Sha’biy, Hasan al-Basriy, Qatoda ibn Da’ama as-Sudusiy. Tafsir fani Bani Umayya amirligining oxirida Abbosiylar davrining boshida yozila boshladi. Lekin bu tafsir hadis kitobining ichida bir bob shaklida keltirilgan tafsir edi. Bu paytda alohida tafsir kitobi yozilmagan edi. Mana shu davrdan keyin tafsir fani alohida kitob sifatida yozildi. Birinchi alohida tafsir kitobi sifatida yozilgan tafsir Ibni Moja tomonidan yozilgan. U kishi 273-hijriy yilda vafot qildilar. Ikkinchisi Ibni Jariyr at-Tobariy tomonidan yozilgan. U kishi 310-hijriyda vafot etganlar. Uchinchisi Abu Bakr ibn al-Munzir an-Niysoburiy tomonidan yozilgan. U kishi 318-hijriy yilda vafot qilganlar. To‘rtinchisi Ibni Ali Xotam 327-hijriy yilda vafot qilganlar. Beshinchisi Abu Shayx ibn Habbon 369-hijriy yilda vafot qilganlar. Oltinchisi Hokim 405-hijriy yilda vafot qilganlar. Yettinchisi Abu Bakr ibn Maldoviya 410-hijriy yilda vafot qilganlar. Mashhur mufassirlar va tafsirlar Tafsir Ibn Abbos Tafsir Ibn Uyayna. Tafsir ibn Abu Xotam. Tafsir Abu Shayx ibn Habbon. Tafsir Ibn Atiyya. Tafsir Abu Lays Samarqandiy “Bahrul ulum”. Tafsir Abu Is’hoq “Al-Kashf val bayon fi tafsiril Qur’on”. Tafsir Ibn Jariyr at-Tobariy “Jomi’ul bayon fi tafsiril Qur’on”. Tafsir Ibn Abi Shayba. Tafsirul Bag‘aviy “Ma’alimut tanzil”. Tafsir Ibn Kasir “Tafsirul Qur’anil karim”. Tafsir Sa’labiy “Al-Javharul hison fi tafsiril Qur’on”. Tafsir Jaloliddin as-Suyutiy “Ad-Durrul mansur fit-tafsir bil ma’sur”. Tafsir Shavkaniy “Fathul qodiyr”. «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi ilmiy tadqiqot ishlari muhandisi Z.Olimov