МАҚОЛАЛАР Roʻzadorning duosi rad etilmaydi 9 марта, 2026 0 107 Islom dinida duo ibodatlarning eng ulugʻlaridan biridir. Banda Allohga duo qilganida Unga yaqinlashadi, ojizligini tan oladi va Parvardigoridan yordam soʻraydi. Ayniqsa, Ramazon oyida qilinadigan duolar juda fazilatli bo‘lib, bu oy rahmat, magʻfirat va najot oyidir. Rasululloh ﷺ roʻzador insonning duosi haqida shunday deganlar: «لِلصَّائِمِ دَعْوَةٌ لَا تُرَدُّ» “Roʻzadorning bir duosi bor, u rad etilmaydi”. Roʻza tutgan insonning qalbi yumshaydi, nafsi sinadi, shahvatlardan tiyiladi va Allohga yaqinlashadi. U taom va ichimlikni tark etib, Parvardigoriga itoat qiladi. Shu sababli uning duosi Alloh huzurida maqbul bo‘lishi umid qilinadi. Duo – ibodatning oʻzidir Rasululloh ﷺ shunday marhamat qilganlar: «الدُّعَاءُ هُوَ الْعِبَادَةُ» “Duo – ibodatning o‘zidir”. Chunki duo qilgan inson Allohga muhtojligini bildiradi. Alloh taolo bandalarini duo qilishga buyuradi: وَقَالَ رَبُّكُمُ ادْعُونِي أَسْتَجِبْ لَكُمْ إِنَّ الَّذِينَ يَسْتَكْبِرُونَ عَنْ عِبَادَتِي سَيَدْخُلُونَ جَهَنَّمَ دَاخِرِينَ Ma’nosi: “Rabbingiz aytdi: ‘Menga duo qilinglar, sizlarga ijobat qilaman. Menga ibodat qilishdan kibrlanib yuz o‘girganlar esa xor bo‘lib jahannamga kiradilar’.” ( Gʻofir, 60-oyat) Shuningdek, Alloh taolo bandalariga juda yaqin ekanini Qur’onda bayon qiladi: وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ Ma’nosi: “Bandalarim sendan Men haqimda so‘rasalar, albatta Men yaqinman. Menga duo qilgan paytda duo qiluvchining duosini ijobat qilaman.” (Baqara, 186-oyat) Alloh bandalariga juda yaqin Rasululloh ﷺ sahobalarga shunday deganlar: «إِنَّكُمْ لَا تَدْعُونَ أَصَمَّ وَلَا غَائِبًا، إِنَّمَا تَدْعُونَ سَمِيعًا بَصِيرًا قَرِيبًا» “Sizlar kar yoki uzoq bo‘lgan zotga duo qilmayapsizlar. Albatta sizlar eshituvchi, ko‘ruvchi va juda yaqin bo‘lgan Zotga duo qilyapsizlar”. Demak, duo qilayotgan banda bilishi kerakki, Alloh uning so‘zini eshitadi va holatini ko‘rib turadi. Alloh bandalariga juda yaqin Rasululloh ﷺ sahobalarga shunday deganlar: «إِنَّكُمْ لَا تَدْعُونَ أَصَمَّ وَلَا غَائِبًا، إِنَّمَا تَدْعُونَ سَمِيعًا بَصِيرًا قَرِيبًا» “Sizlar kar yoki uzoq bo‘lgan zotga duo qilmayapsizlar. Albatta sizlar eshituvchi, ko‘ruvchi va juda yaqin bo‘lgan Zotga duo qilyapsizlar”. Demak, duo qilayotgan banda bilishi kerakki, Alloh uning so‘zini eshitadi va holatini ko‘rib turadi. Duoning qabul bo‘ladigan vaqtlari Islom ulamolari duo qabul bo‘lishi umid qilinadigan vaqtlarni zikr qilganlar. Ulardan ba’zilari: Kechaning oxirgi uchdan bir qismi Sajda payti Azon bilan iqomat orasida Namozlardan keyin Juma kuni oxirgi soat Arafa kuni Roʻzadorning iftor oldidagi vaqtlar ijobatmboʻladigan vaqtlar hisoblanadi. Duoning odoblari: Duo qabul bo‘lishi uchun ba’zi odoblarga rioya qilish lozim: Allohga ixlos bilan murojaat qilish, Duoda qat’iy bo‘lish, Allohning rahmatidan umid qilish, Gunoh yoki qarindoshlikni uzishga duo qilmaslik, Duoni Allohga hamd aytish va Rasululloh ﷺ ga salovat aytish bilan boshlash kerak boʻladi. Rasululloh ﷺ shunday deganlar: «لَا يَقُلْ أَحَدُكُمُ: اللَّهُمَّ اغْفِرْ لِي إِنْ شِئْتَ، وَلَكِنْ لِيَعْزِمِ الْمَسْأَلَةَ» “Sizlardan hech kim: ‘Allohim, agar xohlasang meni kechir’, demasin. Balki duoda qat’iy bo‘lsin”. deganlar. Xulosa Ramazon oyi – duo, tavba va Allohga yaqinlashish oyidir. Roʻzador insonning duosi rad etilmasligi haqidagi hadis bizni ko‘proq duo qilishga undaydi. Ayniqsa, iftor oldidagi vaqt, sahar payti va kechaning oxirgi qismi – eng fazilatli lahzalardir. Shunday ekan, bu muborak oyda qalbimizni poklab, Allohdan kechirim, hidoyat va baraka so‘raylik. Chunki Alloh taolo bandalariga juda yaqin va U duo qiluvchilarning duosini ijobat qiladi. Ta’lim muassasasi Tafsir fani mudarrisi Akramxon domla Suyarov