Ro‘zadorning og‘zidagi hid Allohning nazdida mushkdan ko‘ra xushbo‘yroqdir.

0
161

Aslida og‘izdan hech qachon xushbo‘y hid chiqmaydi. Ammo ro‘zaning sharofatidan o‘sha yoqimsiz hid Alloh toloning nazdida dunyodagi eng xushbo‘y narsa, xushbo‘ylik haqida gap ketganda zarbulmasal qilinadigan mushkdan ko‘ra yoqimlik, xushbo‘yroq sanalar ekan. Ana shunday fazilatga Ramazon sharofati bilan erishiladi.
Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir», deganlar».
Shuning uchun ham, ulamolarimiz kunning ikkinchi yarmida tishni misvok qilmagan yaxshi, chunki misvok Allohning nazdida mushkdan xushbo‘y sanalgan mazkur hidni ketkazib yuborishi mumkin, deydilar.
Ramazonda unutishning ham fazilati bor. Ibodatlarda unutishga yo‘l qo‘yish aslida yaxshi sanalmaydi. Ammo ro‘zadorning unutishi ham unga Alloh taoloning ikromi, inoyati va fazlu marhamatining nishonasi bo‘ladi.
Deyarli barcha sahih to‘plamlarda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar esda yo‘q yeb-ichib qo‘ysa, ro‘zasini tugal qilsin. Chunki uni Alloh taomlantiribdi va sug‘oribdi», deganlar.
Ramazonda yaxshi amallarning ajru savobi bir necha barorbariga ko‘paytirib beriladi. Ramazon haqida Salmon Forsiydan rivoyat qilingan uzun hadisda jumladan: «Kim unda ixtiyoriy ravishda bir yaxshi ish qilsa, xuddi bir farzni ado etgandek bo‘ladi. Kim unda bir farzni ado etsa, xuddi yetmishta farzni bajargandek bo‘ladi», deyilgan.
Ibn Rajab rahmatullohi alayhi aytadi: «Ro‘zaning shundoq ham boshqa amallarga nisbatan ajri bir necha barobar ko‘p bo‘lgach, Ramazonning ro‘zasi ham boshqa ro‘zalarga nisbatan bir necha barorbar ustun bo‘ladi. Bu uning vaqtining sharofati va u Alloh farz qilgan ro‘za bo‘lanligi hamda U Zot bu ro‘zani Islom barpo qilingan arkon – ustunlarning biri qilgani e’tiboridandir».
Ramazonda yaxshi amal qilgan kishi tabiiy ravishda uni ro‘zador holda bajaradi. Bir amalni ibodat ichida qilish uni boshqa payt qilishdan ko‘ra fazilatli va savobli bo‘ladi.

Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi Muhammadyahyo domla Mahmudov tayyorladi.

Load More In MAQOLALAR