Ro‘zaning buyuk hikmatlari

0
68


Ramazon – sabr, taqvo va ruhiy poklanish oyidir. Bu oyda tutiladigan ro‘za insonni nafaqat ochlik va chanqoqlik bilan sinaydi, balki uning qalbini tarbiyalaydi, irodasini mustahkamlaydi va Allohga yaqinlashtiradi.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi
( يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ )
“Ey iymon keltirganlar! Sizlardan oldingilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi – shoyadki taqvoli bo‘lsangiz.”
(Baqara, 183-oyat)
Demak, ro‘zadan maqsad faqat och yurish emas, balki qalbda taqvoni uyg‘otishdir. Ro‘za ko‘zni haromdan tiyadi, tilni yomon so‘zdan saqlaydi, nafsni sindiradi. Inson shahvat va g‘azabini jilovlashni o‘rganadi.
Payg‘ambarimiz ﷺ marhamat qilganlar:
الصِّيَامُ جُنَّةٌ
“Ro‘za qalqondir.”
Ya’ni ro‘za insonni gunohlardan va jahannam azobidan himoya qiluvchi qalqondir.
Bu hadis ro‘zaning nafsni poklashdagi o‘rnini ko‘rsatadi.
Ro‘za insonni sabrga o‘rgatadi. Ochlik va chanqoqlikni his qilgan banda kambag‘al va muhtojlarning holini chuqurroq anglaydi. Shuning uchun Ramazon – mehr-oqibat, saxovat va ehson oyidir.
Payg‘ambarimiz ﷺ har kuni ko‘p istig‘for aytardilar. Hadisda keladi:
“Allohga qasamki, men bir kunda yetmish martadan ko‘proq istig‘for aytaman.”
Ramazon esa istig‘for va tavba uchun eng fazilatli fursatdir.
Ramazon oyida butun musulmonlar bir vaqtda saharlik qiladi, bir vaqtda iftor qiladi. Bu esa qalblarni birlashtiradi, ummatni yagona safga jamlaydi.
Alloh taolo aytadi
Bu oy Qur’on, duo, ibodat va ruhiy yangilanish oyidir.
Ro‘za tanaga ham foydalidir: oshqozon dam oladi, zararli moddalar kamayadi, organizm yengillashadi. Ammo ro‘zaning eng katta foydasi – qalbning poklanishidir.
Payg‘ambarimiz ﷺ marhamat qilganlar:
مَنْ صَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ
“Kim Ramazonni iymon va savob umidida ro‘za tutsa, uning avvalgi gunohlari mag‘firat qilinadi.”
Bu hadisga ko‘ra, kim ro‘zani chin iymon bilan, Allohning amrini tasdiqlab tutsa, uni oddiy odat yoki majburlik deb emas, balki ibodat deb bilsa, hamda savobini faqat Allohdan kutib, riyo va ko‘z-ko‘z qilishdan yiroq bo‘lsa — u katta ajrga erishadi.
Ro‘zaning asl ruhi ham shunda: inson uni odamlar uchun emas, faqat Alloh roziligi uchun tutadi. Qalbida ixlos, tilida sabr, amallarida itoat bo‘ladi. Shunday ro‘za nafaqat tanani ochlik bilan tarbiyalaydi, balki qalbni poklaydi.
Hadisda bunday ixlos bilan tutilgan ro‘za sababli avvalgi gunohlar kechirilishi haqida xushxabar beriladi. Bu esa Ramazonning naqadar ulug‘ ne’mat va mag‘firat oyi ekanini ko‘rsatadi. Demak, ro‘zaning qadrini oshiradigan narsa — uning tashqi ko‘rinishi emas, balki ichidagi iymon va ixlosdir.
Ramazon – shunchaki oy emas, balki qalbni poklash vaqtidur. Ro‘za – taqvo, sabr, mehr-oqibat va birlikni o‘rgatuvchi buyuk ibodatdir. Biz anglaganimiz shu, ammo Alloh taoloning shariatida biz bilmagan yana qancha hikmatlar bordir. Ta’lim muassasasi mudarrisi A. Suyarov

Load More In МАҚОЛАЛАР