Sehr va sehrgarlar haqida dinimizning ta‘limoti qanday?

0
1,546

Sehr va sehrgarlik Qur‘oni karim va hadisi shariflarda ham qoralangan.  Mo’min–musulmon bandalarning bu harom ishga mutlaqo yaqinlashmasliklari lozimligi qayta-qayta ta’kidlangan.Qur’on Karimda sehrgarlarning ishi kufr ekanligi aytilgan. Islom ulamolari sehrgar shak-shubhasiz, kofir bo‘ladi, degan hukmni qabul qilishgan. Bunga hujjat sifatida quyidagi oyat keltiriladi:

وَلَـكِنَّ الشَّيْاطِينَ كَفَرُواْ يُعَلِّمُون النَّاسَ السِّحْرَ

«Balki odamlarga sehr o‘rgatadigan shaytonlar kofir edilar»

(Baqara surasi, 102)

La’natlangan shaytonning odamlarga sehr o‘rgatishdan ko‘zlagan birdan-bir maqsadi ularni mushrikka aylantirishdir. Alloh o‘ziga sherik qilgan insonni hech qachon kechirmaydi. Bugungi kunda ko‘plab gumroh kimsalarning sehrga aralashib yurganiga guvoh bo‘lasiz. Ular sehrni faqatgina harom deb o‘ylaydilar va uning kufr ekanligini his qilmaydilar. Bu hol ayniqsa, er-xotin orasidagi munosabatlarda – issiq-sovuq va shu kabi narsalarni qilishda yaqqol namoyon bo‘ladi. Ular bu ishlarida aksariyat qismi shirk va kufr bo‘lgan so‘zlarni qo‘llaydilar.Har bir banda Alloh taolodan qo‘rqishi va dunyo-yu oxiratini kuydirib yuboradigan buningdek ishlardan saqlanishi lozim. Alloh taolo o’zining kalomida marhamat qilib aytadi:

قَالَ مُوسَى أَتقُولُونَ لِلْحَقِّ لَمَّا جَاءكُمْ أَسِحْرٌ هَـذَا وَلاَ يُفْلِحُ السَّاحِرُونَ

Muso dedi: «Sizlarga haqiqat kelganda (uning inkoriga) so‘z qilasizlarmi?!» Sehrmi shu?! Sehrgarlarning omadi yurishmaydi-ku!»

(Yunus surasi, 77-oyat)

Va yana boshqa bir oyati karimada esa:

قُلْنَا لَا تَخَفْ إِنَّكَ أَنتَ الْأَعْلَى  وَأَلْقِ مَا فِي يَمِينِكَ تَلْقَفْ مَا صَنَعُوا إِنَّمَا صَنَعُوا كَيْدُ سَاحِرٍ وَلَا يُفْلِحُ السَّاحِرُ حَيْثُ أَتَى

(Bas, Muso ichida bir oz qo‘rquvni his etdi.) Biz aytdik: «Qo‘rqmagin! Albatta sen o‘zing oliy (g‘olib)dirsan. Qo‘lingdagi narsani (asoyingni) tashlagin — ular yasagan narsalarni yutib yuborsin! Ularning yasagani faqat bir sehrgarning makridir. Sehrgar esa qayerda bo‘lmasin zafar topmagay».

(Toha surasi, 67-69 oyatlar) deb marhamat qiladi

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz  sallollohu alayhi vasallam:

«Kimki tugun tugib unga dam ursa, sehr qilgan bo‘ladi. Kim sehr qilsa, shirk keltirgan bo‘ladi», deb aytganlar.

Ilm-ma’rifat, taraqqiyot da’vo qilib turilgan davrda bunday ishlarning sodir bo’lishi ilohiy ta’limotdan uzoqlashgan insonning nima to’g’ri kelsa, o’shani qilaverishini ko’rsatib turibdi. Bu esa shariat hukmi bo’yicha kufr hisoblanadi. Islom aqidasidek ochiq, aniq va ravshan aqidaga ega bo’lmaslik har bir inson, har bir jamiyat  uchun juda xavflidir. Mustahkam va ravshan aqida bo’lmaganidan keyin turli bidat, xurofot va safsatalarga ishonib ketilaveradi. Oqibatda bitmas-tuganmas musibatlarga duchor bo’linadi. Alloh taoloning mukammal dini nazdida sehrgarlar sariq chaqaga ham arzimaydigan kimsalardir. Lekin bu haqiqatni tushinib yetmagan odamlar ularning qandaydir qiymati bor deb o‘ylaydilar.Bunday holga tushib qolishdan Allohning O’zi barchamizni asrab, o’zining to’g’ri hidoyat yo’lidan adashtirmasin.

Barchalarimizni o’zining haq dinidan sobitqadam qilsin.

Manbalar asosida tayyorladi:

Bilim yurti 4-kurs 78-guruh talabasi

O‘rinboyev Hasanboy

Load More In MAQOLALAR