МАҚОЛАЛАР Sha‘bon oyining fazilatlari 2 февраля, 2026 0 111 Islom dinida vaqtning qadr-qimmati nihoyatda ulug‘dir. Ba’zi oylar Alloh taolo huzurida boshqalariga nisbatan fazilatliroq bo‘lib, bu oylar bandalar uchun katta imkoniyat va tayyorgarlik davridir. Ana shunday muborak oylardan biri — Sha‘bon oyidir. Sha‘bon — Ramazon oyiga eltuvchi ko‘prik bo‘lib, unda qalbni poklash, ibodatlarni ko‘paytirish va Alloh taologa yanada yaqinlashish tavsiya etilgan. Ulamolar aytishlaricha, Sha‘bon oyida Rasululloh ﷺ ga salovot aytish ko‘proq mustahab qilingan, chunki bu oy Payg‘ambarimiz ﷺ ga bo‘lgan muhabbatni yangilash va sunnatlariga amal qilish oyi hisoblanadi. Rasululloh ﷺ Sha‘bon oyiga alohida e’tibor qaratganlar. Oisha roziyallohu anho shunday rivoyat qiladilar: “Rasululloh ﷺ Sha‘bon oyida shunchalik ko‘p ro‘za tutardilarki, deyarli butun oy ro‘za tutgandek bo‘lardilar.” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati) Yana bir hadisda Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu shunday deydilar: “Yo Rasululloh! Sizni Sha‘bon oyida boshqa oylarga qaraganda ko‘proq ro‘za tutayotganingizni ko‘ryapman”, dedim. Shunda Rasululloh ﷺ aytdilar: “Bu oy — Rajab bilan Ramazon orasidagi, odamlar g‘aflatda qoladigan oydir. Bu oyda amallar Parvardigorga ko‘tariladi. Men esa amallarim ro‘za holimda ko‘tarilishini xohlayman.” (Imom Nasoiy rivoyati) Bu hadis Sha‘bon oyining naqadar muhim ekanini, ayniqsa unda ro‘za tutish, ibodatga befarq bo‘lmaslik zarurligini ko‘rsatadi. Shuningdek, Sha‘bon oyining o‘rtasi — Baroat kechasi haqida Rasululloh ﷺ shunday deganlar: “Alloh taolo Sha‘bon oyining yarmida bandalariga nazar soladi va mushrik hamda adovat saqlovchidan boshqa barchaning gunohlarini mag‘firat qiladi.” (Imom Ibn Moja rivoyati) Baroat kechasi — musulmonlarning muqaddas kechalardan biri Shaʼbon oyining 14 dan 15-ga oʻtar kechasiga to’g’ri keladi. Islomda bu kun gunohlardan xalos boʻlish yoki magʻfirat kuni hisoblanadi. Baroat kechasida musulmonlar odatda uxlashmaydi, Qurʼon oʻqib, ibodat qilishadi. Sha‘bon oyi — Ramazon uchun ruhiy va amaliy tayyorgarlik oyidir. Bu oyda: ko‘proq nafl ro‘za tutish, Rasululloh ﷺ ga salovot aytishni ziyoda qilish, tavba va istig‘for qilish, qalbdagi adovat va hasadni tark etish tavsiya etiladi. Kim Sha‘bon oyini g‘animat bilib, uni ibodat va toat bilan o‘tkazsa, Ramazon oyini barakali va samarali qarshi olishga muvaffaq bo‘ladi. Alloh taolo barchamizni Sha‘bon oyining fazilatlaridan to‘liq bahramand bo‘ladigan bandalaridan qilsin. Ta’lim muassasasi «Tafsir» fani o’qituvchisi A.Suyarov