МАҚОЛАЛАР Solih do‘st 9 февраля, 2026 0 106 Inson hayotida do‘stlikning o‘rni beqiyosdir. Ayniqsa, iymon zaiflashadigan, fitnalar ko‘payadigan zamonda solih, taqvoli insonlar bilan birga bo‘lish — qalbni mustahkamlovchi eng muhim omillardan biridir. Fitnalar avj olgan davrda iymonni saqlab qolish oson emas. Ayniqsa, ilm talabida bo‘lgan kishilar uchun solih do’st nihoyatda zarur. Chunki inson ko‘pincha kim bilan birga bo‘lsa, o‘sha muhit ta’sirida shakllanadi. Iymonda sobit turishga sabab bo‘ladigan omillardan biri — solih do‘stlikdir. Payg‘ambarimiz ﷺ aytganlar: «Kishi do‘stining dini (yo‘li) ustidadir. Bas, har biringiz kim bilan do‘stlashayotganiga qarasin» (Ahmad rivoyati). Hech kim solih do‘stdan behojat emas. Solih suhbatdosh insonning barcha holatlarida foyda keltiradi. Shu sababli Payg‘ambarimiz ﷺ uni mushk (xushbo‘y atir) sotuvchisiga o‘xshatganlar. U bilan birga bo‘lsang, yo u senga mushk hadya qiladi, yo undan sotib olasan, yoki hech bo‘lmasa undan yoqimli hid sezasan. “Yaxshi suhbatdosh bilan yomon suhbatdoshning misoli misk sotuvchi bilan temirchini bosqoniga o‘xshaydi…” “Misk sotuvchi esa: yo senga undan hadya qiladi, yoki sen undan sotib olasan, yoki hech bo‘lmaganda undan yoqimli hididan bahra olasan.” Ya’ni, solih inson bilan birga bo‘lish har qanday holatda foydadan xoli bo‘lmaydi. Yomon suhbatdosh esa xuddi temirchining bosqoniga o‘xshaydi: yo kiyimingni kuydiradi, hech bo‘lmaganda undan badbo‘y hid sezasan. Solih insonlar bilan bir majlisda o‘tirgan kishi, hatto sukut saqlab o‘tirsa ham, mahrum bo‘lmaydi. Alloh taolo u majlis sababli bandalariga rahmat va mag‘firat ato etadi. Payg‘ambarimiz ﷺ marhamat qiladilar: “Alloh taoloning yer yuzida kezib yuruvchi, fazilatli farishtalari bor. Ular zikr qilinayotgan majlislarni izlab yuradilar. Qachon zikr bo‘layotgan majlisni topsalar, ular bilan birga o‘tiradilar va qanotlari bilan o‘rab, u majlis bilan osmon oralig‘ini to’ldiradilar.” So‘ng majlis tugagach, farishtalar osmonga ko‘tariladilar. Alloh taolo — U zot ularning holini yaxshi bilgan holda —: “Qayerdan kelyapsizlar?” deb so‘raydi. Ular aytadilar: “Yer yuzidagi bandalaring huzuridan keldik. Ular Seni poklab zikr qildilar, ulug‘ladilar, yagonaligingni e’tirof etdilar, Senga hamd aytdilar va Sendan so‘radilar.” —“Ular Mendan nimani so‘rashdi?” — deydi. —“Ular Sendan jannatingni so‘rashdi”, — deb javob beradilar. — Ular Mening jannatimni ko‘rishdimi? — Yo‘q, ey Robbim. — Agar Mening jannatimni ko‘rganlarida edi, qanday bo‘lur edilar? So‘ng Alloh yana so‘raydi: — Ular Mendan yana nimani so‘rashmoqda? Farishtalar javob beradilar: — Ular Sendan do‘zaxingdan panoh so‘rashmoqda, ey Robbim. — Ular Mening do‘zaximni ko‘rishdimi? — Yo‘q, — deyishadi. — Agar uni ko‘rganlarida edi, qanday bo‘lur edilar? — Ular Sendan mag‘firat so‘ramoqdalar. Shunda Alloh taolo marhamat qiladi: “Men ularning barchasini mag‘firat qildim. So‘ragan narsalarini berdim va panoh so‘ragan do‘zax olovidan ularni asradim.” Farishtalar aytadilar: — Ey Robbimiz, ular orasida bir gunohkor banda ham bor edi. U faqatgina o‘tib ketayotib, ular bilan birga o‘tirib qoldi. Alloh taolo marhamat qiladi: — Uni ham mag‘firat qildim. Chunki ular shunday qavmki, ular bilan birga o‘tirgan kishi baxtsiz bo‘lmaydi. Bu hadis solih suhbatning qanchalik keng rahmat eshiklarini ochishini yaqqol ko‘rsatadi. Solih do‘stdagi kamchiliklarga sabr qilish kerak boladi. Solih inson ham xatosiz bo‘lmaydi. Ammo uning kamchiligi sababli undan yuz o‘girish emas, balki sabr va hikmat bilan muomala qilish buyurilgan. Chunki solih do‘stning foydasi, ayrim nuqsonlaridan ustundir. Kim iymonini, axloqini va oxiratini saqlamoqchi bo‘lsa,solih do‘stlarini tanlasin. Chunki solih do‘st — dunyoda hidoyatga, oxiratda esa najotga eltuvchi eng katta ne’matlardan biridir. Ta’lim muassasasi mudarrisi A. Suyarov